Markaziy Osiyo strategik joylashuvi, boy tabiiy resurslari, madaniy xilma-xilligi bilan global iqtisodiy va siyosiy jarayonda muhim o‘rin egallaydi. Mintaqada integratsiyalashuv jarayoni nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy va ijtimoiy sohada ham muhim, deyish mumkin. Ushbu maqolada Markaziy Osiyo uchun integratsiyalashuvning afzalligi, bu boradagi mavjud imkoniyatlarni tahlil qilamiz.
Iqtisodiy o‘sish va rivojlanish
Integratsiyalashuv jarayoni mintaqadagi davlatlar o‘rtasida savdo va investitsiyani oshirishga yordam beradi. Xususan, erkin savdo zonalari tashkil etilishi natijasida hamkorlik kuchayadi. Bu o‘z navbatida yangi ish o‘rinlari yaratilishi, iqtisodiy o‘sish rag‘batlantirilishi va mintaqaviy barqarorlik ta’minlanishiga olib keladi. Tovar va xizmatlar erkin almashinuvi osonlashadi, savdo hajmi oshadi. Mintaqa investitsiya uchun jozibadorlik kasb etaadi. Korxonalarning mintaqaviy bozorga kirish imkoniyati yaxshilanadi.
Birlashuv xalqlarimizga sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa xizmatlarga osonroq kirish imkonini beradi, albatta. Mutaxassislar fikricha, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida erkin savdo hududi yaratilishi kerak. Investitsiya jalb qilish uchun qulay muhit yaratish nima uchun kerak? Bu eng avvalo soliq pasayishi, hujjatlashtirish jarayoni soddalashishi, sarmoya kiritish uchun qulay sharoit yaratilishini ko‘zda tutadi.
Ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash faqat tabiiy resurslar emas, balki boshqa sohalar, masalan qayta ishlash, texnologiya va xizmat ko‘rstishga ham e’tibor qaratilishini ta’minlaydi. Bu jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun malakali kadrlar tayyorlash, infrastrukturani rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha birgalikda sa’y-harakat qilish maqsadga muvofiq.
Energiya resurslaridan samarali foydalanish
Markaziy Osiyo gaz va neftga boy. Integratsiyalashuv bu resurslarni birgalikda boshqarish va eksport qilish imkonini yaratadi. Masalan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi energetik hamkorlik mintaqada energiya xavfsizligini oshirishga yordam beradi. Energiya resurslari diversifikatsiyasini ta’minlaydi, global bozor bilan integratsiyani kuchaytiradi. Ayniqsa, energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha keng imkoniyat yaratadi.
Mintaqa energiya tizimini sheriklik orqali yanada samarali rivojlantirish, resurslarni birgalikda boshqarish, samarali qazib olish va qayta ishlash imkoni paydo bo‘ladi. Natijada mintaqa energiya xavfsizligi mustahkamlanadi, narx barqarorlashadi.
Energiya tarmog‘i birlashtirilishi resurslarni oson yetkazish, samarali ishlatish, so‘ngra energiya yo‘qotilishini kamaytirish va narxni pasaytirish imkonini beradi. Integratsiyalashuv yangi energiya manbalari yaratish, masalan quyosh va shamol energiyasini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish
Markaziy Osiyo Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi savdo yo‘lida joylashgan. Ayni yo‘nalishdagi integratsiyalashuv transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirishni ham nazarda tutadi. Jumladan, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida mintaqadagi transport tarmog‘i modernizatsiya qilinyapti. Bu jarayon savdo va iqtisodiy aloqani kuchaytiradi, mintaqaviy integratsiyani yanada chuqurlashtiradi.
Mintaqaning geografik joylashuvi Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi muhim savdo yo‘li orqali yanada rivojlanishi mumkin, degan fikr ilgari surilmoqda. Tovarlarni tezroq va arzonroq tashish ham kun tartibidagi asosiy masalaga aylangan. Yaxshi rivojlangan transport va logistika tizimi investitsiya jalb qilish uchun muhim omil hisoblanadi. Shu yo‘ldan borilsa, mintaqa taraqqiyoti tasavvurimizdagidan ko‘ra yaxshiroq ko‘rinish oladi.
Yo‘l va temir yo‘l infratuzilmasi ham muhim masala. Mahsulotni tezr va samarali tashish yo‘l bilan chambarchas bog‘liq. Havo transporti infratuzilmasini yaxshilash, xususan yangi aeroportlar qurish, mavjudlarini modernizatsiya qilish ham kerak. Natijada mintaqaga sayyohlarni jalb qilish va xalqaro savdo hajmini oshirishga erishiladi.
Shuningdek, logistika markazlarini qurish tovarlarni saqlash, qayta ishlash va taqsimlash uchun zarur. Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy Osiyo mamlakatlari integratsiyalashuvi transport va logistika infratuzilmasi rivojlanishiga olib keladi.
Siyosiy barqarorlik va xavfsizlik
Integratsiyalashuv – mintaqadagi siyosiy barqarorlikni ta’minlashda muhim vosita va to‘g‘ri yechim. Davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik mintaqaviy muammolarni birga hal qilish imkonini beradi. Masalan, terrorizm, giyohvandlik va boshqa xavf-xatarlar bilan kurashdagi hamkorlik mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlaydi.
Olimlar integratsiyalashuv chegaraviy nizolarni hal qilish va chegaralarni aniqlashga yordam berishini ta’kidlaydi. Bu transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurash samaradorligini ham oshiradi.
Madaniy va ijtimoiy aloqani rivojlantirish
Madaniy va ijtimoiy hamkorlik mintaqa xalqlari o‘rtasida almashinuv, bir-birini yaxshiroq tushunish va do‘stlik rishtasini mustahkamlash orqali barqarorlikni ta’minlaydi.
Mintaqaning umumiy tarixiy va madaniy ildizlari, xalqlarimizning o‘xshash urf-odati, qadriyatlari integratsiyalashuv orqali yanada mustahkamlanishi tabiiy.
Aniqroq aytsak, san’at, musiqa, adabiyot va boshqa sohalarda hamkorlik taraqqiy etib, turizm zanjiri uchun muhim asos yaratiladi. Bu jarayonda ta’lim va ilm-fan yo‘nalishidagi hamkorlik, ya’ni talaba va o‘qituvchilar almashinuvini tashkil qilish, qo‘shma tadqiqot olib borish, ilmiy konferensiyalar o‘tkazish ham muhim.
Xullas, Markaziy Osiyoga integratsiyalashuv iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda ko‘plab afzalliklarni taqdim etadi. Mintaqada davlatlari hamkorligini kuchaytirish savdo-iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, energiya resurslaridan samarali foydalanish, transport infratuzilmasini rivojlantirish va siyosiy barqarorlikni ta’minlash sari qo‘yiladigan eng zarur qadamlardir. Bu jarayon mintaqamizni global miqyosda yanada raqobatbardosh, barqaror etadi.
Mirhabib Sayfullayev, O‘zA
- Qo'shildi: 29.07.2024
- Ko'rishlar: 1149
- Chop etish