Internetda “o‘tirgan” bolalarga kim mas’ul?

Ijtimoiy tarmoqlarda chamasi 3-4 oylik chaqaloq yig‘layotgani, onasi unga smartfonni tutganda u tinchlanib, multfilm ko‘rayotgani haqidagi lavha “trend”ga chiqdi. Bu nimasi? Zamonaviy “alla”mi? Ertaga, chaqaloq bir-ikki yoshga to‘lganida nima bo‘ladi? Smartfonni kuzatish uning ruhiyatida narkotik ta’siridek bo‘lib qolmaydimi?

Yana bir raqam. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda internetda narkotiklar targ‘iboti 1,12, terrorizm 2,2, pornografiya esa 5,3 barobarga oshgan. Bu shunchaki raqam emas, farzandlarga tahdid deb yozgan FB foydalanuvchilaridan biri bu haqida o‘z sahifasida.

Onlayn platformalar O‘zbekistonda erkin, lekin xavfsizligichi? Buning uchun kim nima qilyapti? Savollarimizga mutaxassislar javob beradi.

Komronbek Qurbonov, Farg‘ona viloyati IIB TQX Kiberxavfsizlik bo‘limi katta mutaxassisi, katta leytenant:  

– Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, O‘zbekiston Respublikasida barcha ".uz" domeni orqali faoliyat olib borayotgan veb-sahifalar noqonuniy faoliyatlarni targ‘ib qilmasliklari va qonunbuzilishiga hamda aholiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi materiallarni joylashtirmaslik yuzasidan muntazam ravishda nazorat qilib boriladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga asosan pornografik mahsulotlarni targ‘ib qiluvchi, terrorizm va ekstremizm g‘oyalarini ilgari suruvchi, giyohvandlik vositalarining savdosini amalga oshirish holatlari veb-saytlar aniqlanganidan so‘ng o‘zbek internet segmenti uchun bloklangan. Ammo muammoni birgina ma’muriy yo‘l bilan hal bo‘lmaydi. Bunda oila, ota-ona ishtiroki muhim o‘rin tutadi. Ya’ni ota-onalar farzandlarining ijtimoiy tarmoq va boshqa internet resurslaridan foydalanishlarini nazorat qilishlari va farzandlari tomonidan nomaqbul kontentdagi mahsulotlarga duch kelmasliklari uchun iOs va Android operatsion tizimiga asoslangan qurilmalarda, ya’ni ota-onalar nazorat qilishlari uchun maxsus ochilgan "Roditelskiy kontrol" funksiyasidan foydalanishlari lozim. Afsuski, bolalar uchun milliy qadriyatlarga asoslangan videokontentlar juda kam. Ungacha "Google Chrome" veb-brauzerining xavfsiz internet konsepsiyasiga asosan "Google Family Link" mobil ilovasidan foydalanish hamda "YouTube" videoxostingida esa aynan yosh bolalarga qiziqarli va unumli hisoblanuvchi kontent bilan boyitilgan "YouTube Kids" nomli mobil ilovalardan foydalanish tavsiya etiladi.

Ushbu mobil ilovalar ota-onalarga farzandlari qancha vaqt davomida internet resursidan foydalanishi mumkinligi, ma’lum dasturiy ta’minotlar (mobil ilovalar)dan foydalanishni taqiqlash, veb-saytlarga kirishga taqiq qo‘yish, eshitish va ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish, mahsulotlarni onlayn tarzda xarid qilish kabi imkoniyatlarni taqdim etadi.

Dilafruz Qosimova, Farg‘ona viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari:

– Biz avvalo ta’lim muassasalarida tarbiyaviy ishlarga mas’ul bo‘lgan xodimlarning giyohvandlik va narkojinoyatlar profilaktikasi borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan qo‘shma rejasi hamda uyushmagan yoshlarda giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirish bo‘yicha 2025 yilda amalga oshiriladigan kompleks chora-tadbirlar rejasini tuzib oldik. Uni amalga oshirish maqsadida boshqarma tomonidan 10 nafar trener ro‘yxati shakllantirilgan ular tomonidan tuman (shahar) bo‘limlari mas’ullariga kaskad usulida o‘quvlar tashkil etildi.

Viloyatda ta’lim muassasalarida haftaning payshanba kunlari “Giyohvandlikka qarshi kurashish” kuni deb belgilab olindi.

Boshqarma tizimidagi ta’lim muassasalarida har haftada bir marotaba giyohvandlikka qarshi immunitetni oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilmoqda. O‘quvchi- yoshlarga yanada ta’sirli bo‘lishi uchun tadbirlar davomida “Oq ajal”, “Geroin yo‘li”, “Ajal so‘qmog‘i”, “Chayon bolasi”, “Qora ilon” filmlari namoyish etib kelinmoqda.

Viloyatdagi umumta’lim maktablarida 160 nafar muntazam dars qoldiruvchi o‘quvchi ro‘yxati shakllantirilgan. Ushbu o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlariga kelmasligi sabablari, oilaviy sharoiti mahalla yettiligi tomonidan o‘rganilib, ularni dars mashg‘ulotlariga qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan ota-onalarga MJTK ning 47-moddasi asosida chora ko‘riladi. Psixotrop yoki tamaki mahsulotlarini chekishga, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan o‘quvchilar bilan ishlashda psixologlar, inspektor-psixologlarning rolini oshirish maqsadida yakka tartibda profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bunday tadbirlar Farg‘ona, Bag‘dod, Qo‘shtepa, O‘zbekiston tumanlari va Quvasoy shaharlarida ommaviy ravishda o‘tkazildi.

Ammo bolalarni giyohvand moddalarga yaqinlashtirmaslik, ijtimoiy tarmoqlarda terrorizmni targ‘ib qiluvchi saytlarga bog‘lanib qolmasligi hamda pornografiya sahifalariga kirmasligiga erishish ta’lim tashkilotlari va oila, ota-onalarning  mustahkam hamkorligiga bog‘liqdir.

Muhammadjon Obidov, O‘zA

Powered by GSpeech