21 noyabr – Xalqaro televidenie kuni
Inson hayotini ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur etish qiyin. Bugun jamiyatda ularning o‘rni beqiyos. Televidenie, radio, gazeta yoki inetrnet – har birining o‘ziga xos axborot berish tartibi hamda yo‘nalishi bor. Kim qanday axborotga ega bo‘lsa...
Ammo ommaviy axborot vositalari orasida televideniening ahamiyati beqiyos. Biz u orqali ko‘ra olamiz, eshitamiz, muhimi tasvir va ovoz unda mujassam.
To‘g‘ri, kimdir aytishi mumkin, internetda barchasi mavjud deb, ammo televilenie ulardan farqli o‘laroq tamal toshini qo‘yib ulgurgan ommaviy axborot vositalaridan hisoblanadi. Ta’kidlash lozim, televedenie axborot va ma’lumotlar makoniga aylangan, keng omma ehtiyojlarini qondiruvchi vosita sifatida xizmat qilib kelmoqda.
Unig tarixi deyarli bir asr avvalgi davrga borib taqaladi. Ota-bobolarimizga zavq bag‘ishlagan, ularning bir uyda diydorlashishlari uchun imkon bergan zamonaviy yassi ekranli televizorlarning “bobokalonlari” XX asrning 20-yillarida AQSh, Yaponiya, Rossiya hududida elektron nurlar orqali tasvir uzatish va qabul qilish borasida tadqiqotlar olib borish jarayonida paydo bo‘lgan.
Shubhasiz, bu holat barchaga quvonch bag‘ishlagan, zamon bilan hamnafas yashab, rivojlanishga, o‘sishga turtki bergan. Muhimi, yangiliklarning tez va oson yetkazilishini ta’minlovchi axborot makoni ham hisoblangan.
1996 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi ilk marotaba Butunjahon televizion forumini tashkil etish haqida qaror qabul qilib, tadbir o‘tkaziladigan sanani “Xalqaro televidenie kuni” deb e’lon qilgan. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida soha vakillari 21 noyabrni bayram sifatida nishonlaydilar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi televidenieni jahonning e’tiborini mojarolar, tinchlik va xavfsizlikka tahdid soladigan holatlarga hamda iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni o‘z ichiga olgan boshqa muhim masalalarga qaratishda asosiy ta’sir kuchi deb tan olgan.
Shuningdek, televidenie jamoatchilik fikrini boshqarishning muhim vositasi hamdir. Televidenie jamoatchilik fikrini o‘rgangan holda, unga tahliliy yondasha oladigan va reallikka asoslangan ommaviy axborot vositalaridan hisoblanadi.
Darvoqe, ko‘plab manbalarda televizorning vatani deya poytaxtimiz Toshkent e’tirof etilgan. Elektron televidenie tizimi 1928 yilda toshkentlik ikki kashfiyotchi B.Grabovskiy va I.Belyanskiy tomonidan yaratilgan. Tajriba sifatida qo‘llanilgan ilk televizion uskuna o‘sha paytda “telefot” deb nomlangan.
Alohida tilga olishni joiz deb bildik, ya’ni Birlashgan Millatlar Tashkilotining video bo‘limi ham mavjud. U dunyodagi gumanitar inqirozlar haqida video materiallar, inson huquqlari, tinchlik va xavfsizlik, taraqqiyot kabi dolzarb masalalar bo‘yicha hujjatli filmlar tayyorlab beradi. Shuningdek, Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qiladi.
Video bo‘lim o‘z faoliyatini 1947 yilda boshlagan va materiallarini BMTda amal qiladigan oltita tilda tayyorlaydi. Bu amaliy ishlar ham, o‘z-o‘zidan, televideniening mas’uliyatli vazifalarini yaqqol ko‘rsatib turadi.
Xullas, tasvirni sifatli ko‘rsatib berish borasida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan televidenie insonlarga har tomonlama ko‘mak beruvchi, ularni birlashtiruvchi hamda axborotning asl ko‘rinishini ko‘rsatuvchi muhim ommaviy axborot vositasi hisoblanadi.
Sevara Ishmuratova,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
Umumiy bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 18.11.2021
- Ko'rishlar: 3283
- Chop etish