Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi hamda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganining 32 yilligi munosabati bilan Janubiy Koreyadagi yetakchi nashrlardan biri — “Diplomacy Journal” respublikamizga bag‘ishlangan maxsus son tayyorladi.
Jurnal sahifalari orqali so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar ifodalangan turkum maqolalar o‘quvchilar hukmiga havola etilgan.
Xususan, nashr mas’ullari joriy yil 27 oktyabrga belgilangan parlament saylovi, mehnat migratsiyasini tartibga solishning yangi mexanizmi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, gender va yoshlar siyosati, atrof-muhit muhofazasi, sud-huquq tizimidagi islohotlar, transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish, diniy ta’lim sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar, turizmni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati, kitob mutolaasi va savodxonlikni rivojlantirish kabi ko‘plab dolzarb mavzularni qamrab olgan.
Tabiiyki, maxsus son ijodkorlari iyul oyida Koreya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi va Toshkentda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar yakuniga alohida e’tibor qaratgan.
Mamlakatimiz haqidagi 21 maqolani jamlagan jurnal Janubiy Koreyadagi vazirlik, idora, kompaniyalar, Seulda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar elchixonalari va vakolatxonalariga tarqatildi.
1996 yildan faoliyat boshlagan, koreys va ingliz tillarida chop etiladigan ushbu yirik ommabop ijtimoiy-siyosiy jurnal – “Diplomacy Journal” nafaqat Janubiy Koreyada, balki xorijda ham minglab mushtariylariga ega.
O‘zA
- Qo'shildi: 05.09.2024
- Ko'rishlar: 929
- Chop etish