O'zbekiston irqiy kamsitish va kamsitishning boshqa barcha shakllariga yo'l qo'ymaslik, turli etnik, madaniy va diniy guruhlarning ahil hamda hamjihat yashashini ta'minlash borasida dunyoning ko'plab davlatlari uchun o'rnak bo'lishga munosibdir.
Bu e'tirof Jeneva shahrida bo'lib o'tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasining 100-sessiyasida xalqaro ekspertlar tomonidan bildirildi.
Avval xabar qilinganidek, 3-4 dekabr` kunlari mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov BMT Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi qoidalari bajarilishi yuzasidan O'zbekistonning O'ninchi – O'n ikkinchi qo'shma davriy ma'ruzalarini sessiya ishtirokchilariga taqdim etdi.
Mamlakatimizda inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish davlat siyosatining ustuvor xususiyatlaridan hisoblanadi. O'zbekistonning inson huquqlarini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlari BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg'un va hamohang.
BMT Qo'mitasi a'zolari muloqot asnosida O'zbekistonda jamiyatdagi millatlararo totuvlik va bag'rikenglik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom muhiti qanday ta'minlanayotgani bilan qiziqdilar. Mamlakatda turli millatlarning tili, urf-odat va an'analarini qadrlash, ularni asrab-avaylash va rivojlantirishga doir qonun hujjatlarining amalda qo'llanilishi masalasiga ham e'tibor qaratildi.
BMT Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasi raisi Amir Nureddinning (Jazoir) qayd etishicha, O'zbekiston – yuksak madaniyat beshigidir. Bu hududda turli millat va din vakillarining o'zaro ahil va tinch-osuda istiqomat qilishi BMT Qo'mitasi a'zolari uchun juda ahamiyatlidir.
O'zbekiston davriy ma'ruzalari bo'yicha BMT Qo'mitasi nomidan ma'ruzachi Yan`duan` Li (Xitoy) 2016 yildan buyon mamlakat hayotining barcha sohalarida shiddatli islohotlar boshlangani va bugungi kunda muayyan samaralarga erishilganini qayd etdi. Ma'ruzachining e'tirof etishicha, O'zbekiston Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiya doirasidagi o'z majburiyatlarini bajarish borasida ham muhim natijalarni qo'lga kiritgan.
BMT Qo'mitasi a'zolari tomonidan O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini kafolatli ta'minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari misolida mamlakatda aholi bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot mexanizmining yo'lga qo'yilgani alohida diqqatga sazovor ekani ta'kidlandi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.12.2019
- Ko'rishlar: 4696
- Chop etish