JSST dunyo mamlakatlarini tamaki va alkogol narxlarini oshirishga chaqirdi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) dunyo mamlakatlarini 2035-yilgacha tamaki, alkogol va shirin ichimliklarning haqiqiy narxlarini kamida 50 foizga koʻtarishga daʼvat etmoqda.

Bu haqda tashkilot veb-saytida eʼlon qilingan bayonotda aytilgan.
Bugun JSST yangi yirik tashabbus bilan chiqdi. U mamlakatlarni surunkali kasalliklarga qarshi kurashish va davlatning hayotiy muhim daromadlarini taʼminlash maqsadida sogʻliqni saqlash soliqlari orqali 2035-yilgacha tamaki, alkogol va shirin ichimliklarning haqiqiy narxlarini kamida 50 foizga oshirishga undamoqda, — deya taʼkidlangan hujjatda.

JSST maʼlumotlariga koʻra, tamaki, spirtli ichimliklar va shirin ichimliklarni isteʼmol qilish yuqumli boʻlmagan kasalliklar, xususan yurak kasalliklari, saraton va qandli diabet epidemiyasini kuchaytirmoqda. Bu kasalliklar dunyodagi barcha oʻlimlarning 75 foizdan ortigʻini tashkil etadi.

Yaqinda oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, ushbu mahsulotlar narxini bir martalik 50 foizga oshirish orqali kelgusi 50-yil ichida 50 million erta oʻlimning oldini olish mumkin, — deya taʼkidlaydi tashkilot.

Qoʻshimcha qilinishicha, 2012-yildan 2022-yilgacha boʻlgan davrda 140 ga yaqin mamlakatda tamakiga soliqlar oshirilgan. Bu esa haqiqiy narxlarning oʻrtacha 50 foizdan koʻproqqa koʻtarilishiga olib kelgan.

Taʼkidlanishicha, Kolumbiyadan Janubiy Afrikagacha boʻlgan turli mamlakatlar hukumatlari zararli mahsulotlarga yuqori soliqlar qoʻyish orqali ularning isteʼmolini kamaytirish va byudjet daromadlarini oshirish mumkinligiga ishonch hosil qilishdi. Shunga qaramay, koʻplab mamlakatlarda bunday mahsulotlar, jumladan tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun soliq imtiyozlari saqlanib qolmoqda. Aholi salomatligini muhofaza qilish boʻyicha milliy maqsadlarga erishishga sanoat bilan tuzilgan uzoq muddatli investitsiya kelishuvlari ham xalaqit berishi mumkin, chunki ular tamaki soliqlarini oshirishga toʻsqinlik qiladi.

Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkiloti hukumatlarga tamakiga qarshi samarali kurashish va aholi salomatligini himoya qilishni qoʻllab-quvvatlash uchun bunday imtiyozli rejimlarni qayta koʻrib chiqishni va kelajakda ularni qoʻllamaslikni tavsiya etadi, — deyiladi hujjatda.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech