Kaxa Imnadze: Termiz muloqoti global beqarorlik sharoitida mintaqaviy hamkorlik uchun muhim maydonga aylanmoqda

Bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan geosiyosiy sharoitda mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlik mustahkam tinchlik, barqaror taraqqiyot va umumiy farovonlikka erishishda hal qiluvchi omildir. Ayniqsa, Markaziy va Janubiy Osiyo kabi ulkan salohiyatga ega makonlarning yaqin hamkorlik yo‘lidan borishi, nafaqat ushbu hududlar ichki taraqqiyoti, balki kengroq miqyosdagi mintaqaviy barqarorlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shunday dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusidagi Termiz muloqoti birinchi yig‘ilishi Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam, deyish mumkin.

Ushbu muhim xalqaro anjuman munosabati bilan O‘zA muxbiri Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (UNRCCA) rahbari Kaxa Imnadze bilan suhbat uyushtirdi.

– Janob, Imnadze, sizningcha ikki makro mintaqa aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan Termiz muloqotining dolzarbligi nimada?

– Mazkur xalqaro yig‘in mintaqaviy masalalar, iqlim o‘zgarishi oqibatlari va moliyaviy bozorlarning beqarorligi bilan ifodalangan global beqarorlik sharoitida Markaziy va Janubiy Osiyo – katta ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatga ega mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha qo‘shma yechimlarni ishlab chiqish platformasi bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

– Ko‘pchilik ekspertlar fikricha, global inqiroz sharoitida mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, hamkorlik va ishonch mamlakatlar xavfsizligi, barqarorligini ta’minlashning asosiy tayanchiga aylanib bormoqda. Shu nuqtai nazardan Markaziy va Janubiy Osiyo sherikligini mustahkamlash bugun qay darajada muhim?

– Global inqiroz va dunyoviy o‘zaro bog‘liqlik kuchayib borayotganini hisobga olib, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning asosiy omili hisoblanadi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar umumiy strategik qarorlar ishlab chiqishga hissa qo‘shadi, mamlakatlarga infratuzilmani rivojlantirish, energetika va savdo aloqalari sohalarida tajriba almashish, madaniy va siyosiy muloqotlar uchun platforma yaratish imkonini beradi.

Qolaversa, yaqin hamkorlik nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki mamlakatlar o‘rtasida ishonchni shakllantirishga ham xizmat qiladi.

– Ma’lumki, bugungi kunda Markaziy Osiyo yuqori darajadagi birlashish, mintaqaviy masalalarga yaxshi qo‘shnichilik ruhida o‘zaro manfaatli yechim topishga tayyor o‘zaro ishonch makoniga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan mintaqamizdagi ijobiy tendensiyalar Janubiy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirishga qay darajada hissa qo‘shadi?

– Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro ishonchni oshirish borasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Buning yorqin misoli – Davlat rahbarlarining har yili o‘tkaziladigan Maslahat uchrashuvlarida keng ko‘lamli masalalar muhokama qilinib, umumiy pozitsiyalar ishlab chiqilmoqda.

Yanada muvofiqlashtirilgan bunday yondashuv, shubhasiz, boshqa mintaqalar, jumladan Janubiy Osiyo bilan munosabatlarni rivojlantirishda ijobiy omil hisoblanadi.

– 2021 yil iyul oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik” mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. 2022 yil BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat ikki mintaqa o‘rtasida yaqin hamkorlik qilish uchun konseptual asos yaratdi. Aytingchi, mintaqalararo aloqalarni kengaytirishning istiqboli va bu jarayonda O‘zbekistonning rolini qanday ko‘rasiz?

– Qayd etish kerak, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2021 yil Toshkentda tashkil etilgan Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro hamkorligi bo‘yicha konferensiya va BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi kabi tashabbuslar asosida mintaqalararo aloqalarni kengaytirish istiqboli juda ijobiy ko‘rinadi. Shu nuqtai nazardan BMTning Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi O‘zbekiston tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

Markazimiz o‘sha konferensiyada faol ishtirok etdi. Kelajakda mintaqada ishonchni oshirishga hissa qo‘shadigan Termiz muloqoti va boshqa tashabbuslarga ham o‘z hissasini qo‘shishga tayyor.

– Hududlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishning asosiy harakatlantiruvchi omillaridan biri iqtisodiy hamkorlikdir. O‘z navbatida, Markaziy va Janubiy Osiyo jadal rivojlanayotgan bozor sifatida ko‘riladi.

2024 yil Markaziy Osiyoda mintaqaviy YAIM 519 milliard dollarni, Janubiy Osiyoda 4,9 trillion dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, ikki mintaqada xalqlar manfaatiga xizmat qiluvchi, hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud. Shu ma’noda o‘zaro iqtisodiy hamkorlik istiqbolini qanday baholaysiz? Sizningcha, jarayonni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun qanday amaliy qadamlar tashlash kerak?

– Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy bozorlarning jadal o‘sishi va foydalanilmagan ulkan iqtisodiy resurslar mavjudligini hisobga olgan holda salmoqli salohiyatga ega. O‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun quyidagi qadamlarni qo‘yish zarur bo‘ladi:

• Transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, bu savdo aylanmasini yaxshilash imkonini beradi.

• Tranzaksiya xarajatini kamaytirish uchun savdo va bojxona tartibini uyg‘unlashtirish.

• Qo‘shma infratuzilma va energetika loyihalariga faol sarmoya jalb qilish, raqamli iqtisodiyot sohasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash.

• Hududning investitsion jozibadorligini oshirish uchun maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etish va soliq tartibini soddalashtirish.

– Savdo-iqtisodiy munosabatlar kengayishi bevosita transport va energetika o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirishga bog‘liq. Bu borada mintaqa davlatlari CASA-1000, TAPI, Transafg‘on yo‘lagi kabi ikki mintaqa hamkorligini mustahkamlovchi mintaqalararo loyihalarni ilgari surmoqda. Sizningcha, bu loyihalar Markaziy va Janubiy Osiyo uchun qanday siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi?

– CASA-1000 elektr uzatish liniyasi, TAPI va Transafg‘on yo‘lagi kabi loyihalar Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy integratsiya uchun keng imkoniyatlar ochib, ortiqcha elektr energiyasini almashtirish va an’anaviy energiya manbalariga bog‘liqlikni kamaytirish orqali energiya xavfsizligini oshirishga yordam beradi. Transport infratuzilmasini yaxshilash tovar yetkazib berish vaqtini qisqartiradi, savdoni rag‘batlantiradi, logistika xarajatini kamaytiradi.

Shuningdek, infratuzilma loyihalarini rivojlantirishga investitsiya jalb qilish mintaqalar iqtisodiy rivojiga, jahon bozorida raqobatbardoshlik oshishiga olib keladi.

– Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligini rivojlantirishda Afg‘onistonning o‘rni, imkoniyati qanday?

– Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida joylashgan o‘ziga xos geosiyosiy mavqega ega bo‘lib, mavjud muammolarga qaramay, mintaqalararo aloqalarni rivojlantirishda tranzit va strategik yo‘lak rolini bajara oladi. 

Agar mamlakatda vaziyat barqarorlashsa, infratuzilma yaxshilanadi, xavfsiz transport yo‘nalishlari ochiladi, Afg‘onistonni jahon savdo va energetika tarmoqlariga integratsiyalash imkonini beradi. 

Bu o‘z navbatida, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlab, mamlakatlarni umumiy hamkorlik tizimining muhim bo‘g‘iniga aylantiradi.

– Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida joylashgan Termiz shahri qadimdan sivilizatsiyalararo muloqot markazi bo‘lib kelgan. Bu zaminda Buyuk Ipak yo‘lining savdo arteriyalari o‘zaro bog‘langan. Bugun Termiz modernizatsiya davrini boshidan kechirmoqda va ikki mintaqani bog‘lovchi ko‘prik vazifasini qayta tiklab, siyosiy va diplomatik faoliyat markaziga aylanmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, Termizning boy tarixiy-madaniy merosi Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirishda harakatlantiruvchi omil bo‘la oladimi?

– Termiz Buyuk Ipak yo‘lidagi tarixiy markaz sifatida hududlararo integratsiyaning kuchli mexanizmiga aylana oladigan boy merosga ega. Shaharning madaniy va tarixiy ahamiyati Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muloqot uchun ijobiy imij yaratishga xizmat qilmoqda.

O‘tgan yil oxirida Hakim At-Termiziy maqbarasi, “Fayzatepa” majmuasi va Termiz arxeologiya muzeyiga tashrif buyurib, iliq taassurotlar olganim, hududning tarixiy ahamiyatini shaxsan his qilganimni alohida ta’kidlamoqchiman.

O‘tkir Alimov suhbatlashdi.

O‘zA

Powered by GSpeech