Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2025 yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Jahondagi qiyin vaziyatga qaramasdan, ichki imkoniyatlarni ishga solish hisobiga, o‘tgan 9 oyda mamlakatimiz iqtisodiyoti 6,6 foizga, sanoat 7 foizga oshdi. Yil yakunigacha kamida 6 foiz o‘sish kutilmoqda.
Oltin-valyuta zaxirasi bu yil ilk bor 40 milliard dollardan oshdi. Aholining milliy valyutadagi depozitlari 50 foiz o‘sdi.
Dunyoning nufuzli reyting agentliklari ham O‘zbekistonning reytingi barqaror saqlanib qolayotganini ijobiy baholayapti. Tashqi investorlar ishonchi ortgani tufayli xalqaro bozorlarda 4 milliard dollarlik yevrobond joylashtirildi.
Bularning natijasida joriy yilda investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33 foizdan oshadi. Eksport qariyb 19 foizi o‘sishi kutilayapti.
Umuman, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki faol investitsiya siyosati va islohotlar hisobiga O‘zbekistonda kelgusida ham barqaror iqtisodiy o‘sish saqlanib qolishini tasdiqlamoqda.
Shu bilan birga, dunyo bozorlarida raqobat kuchayib, xomashyo narxlari tez-tez o‘zgarayotgan hozirgi sharoitda sanoat va eksportda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish shartligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, mutasaddilarga har bir tarmoq kesimida qo‘shilgan qiymat zanjiri va mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Bu borada yig‘ilishda iqtisodiyot va investitsiya sohasidagi asosiy vazifalar muhokama qilindi.
Asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan holatda byudjet daromadlarini ko‘paytirishning birdan bir yo‘li – soliq ma’murchiligini takomillashtirish ekani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari bu tadbirkorlar faoliyatiga aralashish orqali emas, balki raqamlashtirish, sun’iy intellekt va yashirin iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish hisobiga bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Xalqaro moliya tashkilotlari va boshqa hamkorlardan jalb etilgan imtiyozli mablag‘larning samaradorligi masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda 2025 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy rejalar ham ko‘rib chiqildi.
Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishini saqlab qolish uchun barcha imkoniyat borligi qayd etildi. Buning uchun rejalashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, transport-logistika, axborot texnologiyalari, agro va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish talab etiladi.
Imtiyozlarning samaradorligini ko‘rib chiqish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga kelgusi yilda 78 ta tuman byudjet xarajatini o‘zi qoplashga o‘tkaziladi. Buning uchun yer, mol-mulk va aylanma solig‘i to‘liq, daromad solig‘ining 50 foizi ularning o‘zida qoldiriladi.
Ijtimoiy davlat tamoyilidan kelib chiqib, ta’lim va sog‘liqni saqlashga ajratilayotgan mablag‘larni 20 foizga ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.
Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar asosida 2025 yilgi Davlat byudjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
Qonunchilikka muvofiq, bu loyiha va uning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari mahalliy Kengashlarda muhokama qilinadi hamda yakunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
- Qo'shildi: 18.10.2024
- Ko'rishlar: 815
- Chop etish