Prezident qarorlari – amalda
Bobolardan qolgan ming yillik gap bugun har qachongidan ham dolzarb. Agar havoda chang bo‘lmaganida inson ming yil umr ko‘rishi mumkin edi.
Chang – havoda muallaq turadigan zarralar. U har qanday modda va jismlardan ajralib chiqadi. Ko‘zga ko‘rinar-ko‘rinmas bo‘lgani bilan tuzilishi qattiq bo‘ladi. U shuning uchun ham kislorod bilan yashaydigan barcha jonzot uchun zararli.
Bir zamonlar havoni ifloslantiruvchi moddalar, asosan, organik edi. Bu moddalar tabiatning o‘zidan – o‘simlik, hayvonot dunyosi va boshqa tirik organizmlardan ajralib chiqardi. Bugun dunyoda sanoat va boshqa sohalar yildan-yilga rivojlanmoqda. Bu esa tabiatga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Havoda endi noorganik, ya’ni turli qattiq moddalar, mineral va metallardan ajralib chiqadigan zarralar ham ko‘paymoqda.
Havoning ifloslanish darajasi yuqorilab, ekologik vaziyatning yomonlashib borayotganligi O‘zbekiston uchun ham begona emas. Bu, yuqorida ta’kidlanganidek, tabiiy omillar, sanoat, transport va maishiy chiqindilar natijasida yuzaga kelmoqda. Masalaga qo‘l qovushtirib, jim qarab turilgani yo‘q. Imkon qadar turli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24 sentyabrda “Chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Mazkur hujjat bilan atmosfera havosini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab berildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan Milliy dastur tasdiqlandi. Ushbu dastur doirasida bir qator muhim yo‘nalishlar belgilandi.
Dasturda chang va qum bo‘ronlarining oldini olish va oqibatlarini yumshatishda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda hududlarda yashil qoplamalarni kengaytirish vazifasi ustuvor deb qayd etildi.
Qurilish maydonlaridagi chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilab berildi.
– Qarorda 2025-2028 yillarda chang bo‘ronlarini prognozlash va monitoring qilish tizimini takomillashtirish rejalashtirilgan, – deydi iqlimshunos, geografiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Erkin Abdulahatov. – Bu tizim tabiiy ofatlarni oldindan bilish va aholini vaqtida ogohlantirish imkonini beradi. Ekologik ta’limni kuchaytirish vazifasi qo‘yilgani esa aholi bilimini oshirish bilan birga, ekologik jarayonlarda faol ishtirok etishga undaydi. O‘zbekistonning barqaror rivojlanishini ta’minlash va kelajak avlodlarga toza va sog‘lom muhit qoldirishda ushbu chora-tadbirlar katta ahamiyatga ega.
Bugun havoning sifatini monitoring qilishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanilmoqda. Xususan, zamonaviy avtomatik statsionar asbob-uskunalar ishlatilmoqda. Bunda har o‘n daqiqada havo sifat darajasi tahlillari amalga oshiriladi. Shuningdek, Gidrometeorologiya xizmati agentligi “Zamin” fondi ko‘magi yordamida respublikamizning har bir viloyati markazlariga ana shunday statsionar postlar o‘rnatdi. Tegishli platforma – monitoring.meteo.uz orqali istalgan kishi shaharlarning havo sifat darajasi ruxsat etilgan me’yorga nisbatan o‘zgargani bilan bog‘liq kunlik ma’lumotlarni ko‘rib borishi mumkin. Yangi qaror bilan bunday loyihalar ko‘lami ancha kengayadi.
Sir emas, ba’zan-ba’zan poytaxtimiz havo ifloslanishi darajasi bo‘yicha dunyoning yirik shaharlari orasida “peshqadam” bo‘ladi. Endi bu boradagi masalani yumshatishga alohida e’tibor qaratiladi.
Xususan, kelayotgan yilning1 yanvaridan boshlab Toshkent shahrining o‘n ikkita tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni o‘rnatish ishlari boshlanadi. 2026 yilning boshidan esa aholining keng qatlamlari va jamoatchilikni atmosfera havosining sifati bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida shahardagi maxsus monitorlarda atmosfera havosining ifloslanish darajasi ma’lumotlari e’lon qilib boriladi.
Mutaxassislar Toshkent shahri havosini ifloslantirishda isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalarida foydalanilayotgan yoqilg‘i turini ham sabab sifatida ko‘rsatishadi. Shu jihatni inobatga olib, 2030 yildan boshlab poytaxt va unga tutash viloyat hududlarida joylashgan ana shunday korxonalarga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi.
Toshkent shahriga tutash tumanlarda joylashgan mingdan ortiq issiqxonalarda foydalanilayotgan ko‘mirning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish chorasi ko‘riladi. Buning uchun ularga chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi. Bu esa tadbirkorlardan mablag‘ talab qiladi. Shuning uchun uskunalarni o‘rnatishda issiqxona xo‘jaliklariga subsidiya ajratish mexanizmi joriy qilinadi.
Daraxtlar – tabiatning o‘pkasi. Keyingi yillarda mamlakatimizda yashil maydonlarni ko‘paytirish umummilliy harakatga aylandi. Qarorda bu boradagi harakatlarga alohida urg‘u berildi. Bu bo‘yicha katta ish boshlanadi. Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati hududlarida 2025-2030 yillar davomida “yashil belbog‘” va “yashil bog‘lar” barpo etish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.
Ko‘zga ko‘rinmas zarralar ortidan paydo bo‘layotgan ulkan muammolarni hal etish yo‘lidagi harakatlar yangi bosqichga ko‘tarilayotgani quvonarli. Ishlar samara berishi uchun esa barchamiz tabiatni sevish va asrash yo‘lida yakdil bo‘lishimiz kerak.
Marhabo HOJIAKBAROVA, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 29.10.2024
- Ko'rishlar: 589
- Chop etish