Tarix shundan dalolat beradiki, insoniyat o‘zining taraqqiyot bosqichlarida doimo muloqot qilish, birga yashash qonun-qoidalariga muhtoj bo‘lgan. Insonlar buning uchun zarur bo‘lgan qonun-qoidalarni ishlab chiqishga harakat qilgan.
“Konstitutsiya” atamasi huquqiy tushuncha sifatida uzoq yillar davomida turli ma’nolarda qo‘llab kelingan. Aslida “constitutio” so‘zi lotincha bo‘lib, “Tizim, tartib o‘rnatish, tuzilish, tuzuk” degan lug‘aviy mazmunlarni beradi. Hozirgi paytda jahonda 200 dan ko‘proq davlatning va 300 ga yaqin Federatsiya sub’ektining konstitutsiyalari amal qiladi.
Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Konstitutsiya va qonun ustunligi tamoyili, bu barqaror taraqqiyotning asosiy mezonidir”.
Respublikamiz Konstitutsiyasining yaqin tarixiga nazar tashlasak, Oliy Kengash qarori bilan 1990 yil 21 iyun kuni davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.
Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan ikki yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi. Loyiha 12-chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 11-sessiyasi muhokamasiga kiritildi va yangi Konstitutsiya qabul qilindi.
Darhaqiqat, tarixiy jarayonlarni kuzatar ekanmiz, Konstitutsiya O‘zbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat sifatida shakllanib borganini ko‘rish mumkin.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ldi. 2022 yil 25 iyunidan 5 iyulga qadar “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Konstitutsiyaning bu matni olim va mutaxassislar tomonidan kabinetlarda yaratilmadi. Balki dastavval ikki bosqichda xalqning fikri, takliflari o‘rganildi.
Shundan so‘nggina Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi. Avvallari Konstitutsiya qabul qilishda dastlab loyiha ishlab chiqilib, keyin xalq muhokamasiga qo‘yilgan. Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.
Mazkur Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi etib belgilandi. O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq kafolatlanishi qayd etildi. Bu esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida muhim qadam sanaladi.
Nodira RASULOVA,
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi
- Qo'shildi: 20.11.2024
- Ko'rishlar: 191
- Chop etish