3 dekabr kuni Xalqaro press-klubda shu mavzuda davra suhbati bo'lib o'tdi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yilligi bayrami arafasida tashkil etildi.
Davra suhbatida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, tegishli davlat tashkilotlari va vazirliklar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. Tadbirda, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari faollari, ommaviy axborot vositalari faoliyati bo'yicha ekspertlar, xususiy va davlat telekanallari xodimlari qatnashdi.
Davra suhbati spikerlarining ayrim fikrlari quyida taqdim etilmoqda.
Sodiq Safoev, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o'rinbosari:
– Biz birinchi navbatda shuni tan olamiz, ommaviy axborot vositalarining o'rni oxirgi to'rt yilda keskin ravishda o'zgardi. Mana, masalan, bizning Senatni olaylik. Ilgari hammamiz bilardik, Senat majlislariga kirish naqadar mashaqqat edi.
Hozir Senat majlislari nafaqat onlayn, balki interaktiv tarzda o'tmoqda va bevosita majlis davomida ko'tarilgan savollarni shu joyda hal etishga intilish bor. Bu Senat faoliyatiga yangi joziba berdi.
Shak-shubhasiz, OAV – xalq ovozi, to'rtinchi hokimiyatga aylanib bormoqda. Hali ko'p cho'qqilarga yetganimiz yo'q, lekin birinchi siljishlarni inkor qilish mumkin emas.
Biz bugun Renessans, inson manfaatlari haqida gapirayotgan bo'lsak, bunga demokratiyasiz, so'z va matbuot erkinligisiz erishib bo'lmaydi. So'z va matbuot erkinligi demokratiyaning qon aylanish tizimidir.
Bu soha zamonamiz talabidir. O'zbekistonda so'z va matbuot erkinligi jarayonlari ortga qaytmas ko'rinish olmoqda.
Akmal Saidov, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori:
– Bugungi kunda Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz talabiga ko'ra, so'z, axborot, e'tiqod, fikr va g'oyalar erkinligi hamma fuqarolarga tegishli hisoblanadi. Davlatimiz rahbari
ta'kidlaganidek, «fuqarolarning fikr, so'z va e'tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo
etishning muhim shartidir».
Mashhur amerikalik huquqshunos Ral`f Neyder ta'biri bilan aytganda, «Axborot – demokratiyaning asosiy valyutasidir». So'z erkinligisiz demokratiya ham, inson erkinligi ham bo'lmaydi.
So'z erkinligi – avvalambor, har bir fuqaroning shaxsiy huquqi, axborot erkinligi – bu har bir insonning tabiiy huquqidir.
Hozirgi kunda inson huquqlari global huquqqa aylandi. Biz matbuot erkinligini 3 darajada ko'rishimiz kerak: davlat darajasida (milliy); har bir mintaqa darajasida; global darajada (universal).
Eng muhimi, Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida o'tgan qisqa davr axborot sohasini tubdan isloh qilish va rivojlantirish borasida ulkan yangilanishlar davri bo'ldi. Avvalambor, sohaga doir o'ndan ziyod qonun hujjatlari qabul qilindi.
Yangicha sharoitda axborot sohasidagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida sobiq O'zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etildi. O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ochildi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining IV konferentsiyasida "O'zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi" qabul qilindi. Bu muhim qadam «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida»gi qonunga kiritilgan «Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari» nomli 7(1)-modda talabiga to'la mosdir.
Jon Mak-Gregor, YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi:
– O'tgan to'rt yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoevning chiqishlarini shaxsan kuzatib boraman. Barchamiz bilib turibmizki, O'zbekiston xalqaro majburiyatlarni hurmat qiladi va davlat rahbari so'z erkinligi qanday bo'lishi va u ta'minlanishi kerakligini aytib keladi. Xalqaro tashkilotlar ham O'zbekistonda kechayotgan ushbu sohadagi jarayonlarni qo'llab-quvvatlaydi.
YEXHTning boshqa mamlakatlardagi vakolatxonalarida shtat birliklari qisqarayotgan paytda O'zbekistondagi ofisda, aksincha, shtatlar ko'paydi. Nima uchun? Chunki O'zbekistondagi taraqqiyotga hamnafas bo'lish uchun xodimlarimiz soni ko'p bo'lishi kerak.
O'zbekiston Prezidentining matbuotga qaratayotgan e'tiborini hammamiz ko'rib, bilib turibmiz. Davlat rahbari jurnalist va blogerlar bilan uchrashmoqda. Bu ajoyib, oldin bunga o'xshash voqealarni ko'rmasdik.
Abdulaziz Komilov, O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri:
– Xalqaro sheriklar bilan inson huquqlari sohasidagi muloqotning muhim jihatiga e'tibor qaratmoqchiman. Bu – davlat xavfsizligi va inson huquqlari o'rtasidagi nisbat hamda ularning o'zaro bog'liqlik masalasidir.
So'nggi 3-4 yilda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash jarayonida ushbu muammoni bartaraf etish uchun juda ko'p ishlar qilindi.
O'zbekiston davlat hokimiyatini demokratlashtirish, xalq va OAV bilan to'g'ridan-to'g'ri, shaffof muloqotni yo'lga qo'yish, ularning fuqarolik va jamoatchilik faolligini qo'llab-quvvatlash borasida ortga qaytmaydigan yo'lda bormoqda.
Biz inson huquqlariga oid har qanday nozik masalani milliy va global darajada ochiq muhokama qilmoqdamiz.
Helena Freyzer, BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi:
– «Har kim fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega». O'zbekiston Konstitutsiyasininng 29-moddasida shunday yozilgan. Bu yerda yig'ilganlarning barchasi ushbu g'oyani to'la qo'llab-quvvatlashiga ishonaman. Chunki bu – barqaror taraqqiyot masalalariga hamnafasdir.
Aniq va ochiq axborotga ega bo'lish – adolatli va betaraf institutlar, muassasalar shakllanishida asosiy jarayon hisoblanadi.
BMT tizimidagi tashkilotlar, xalqaro hamjamiyat O'zbekistonda jurnalistlarning ochiq ma'lumotga ega bo'lish uchun mustaqil faoliyatini qo'llab-quvvatlaydi. So'nggi 4 yilda O'zbekistonda bu borada rivojlanish kuzatildi.
Jurnalistlar, blogerlar ochiq savol berishni boshladi, ilgari o'zlari uchun «tabu» bo'lgan mavzularda yozishmoqda, turli muammolar bo'yicha surishtiruvlar o'tkazishmoqda. Shuningdek, sohaga doir normativ-huquqiy masalalarda ham o'zgarishlar bo'lmoqda.
Asadjon Xodjaev, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori:
– Insonning ajralmas huquqi – so'z erkinligi. So'z va matbuot erkinligi – O'zbekiston siyosatining ustuvor yo'nalishi deb belgilangan va bu borada orqaga qaytish yo'q. Buni hammamiz bilamiz va faoliyatimizni shunga monand tashkil qilganmiz.
Bugungi kunda axborotni yashirib bo'lmaydi. Bir joyda yashirilgan axborot, albatta, boshqa joylarda chiqadi. Axborot bugun erkin aylanyapti va bu so'z erkinligi bilan bevosita bog'liq.
Odamlar internet orqali o'z fikrlarini erkin bildirmoqda. Albatta, tanqidiy fikrlar ham bor. Bu tanqidiy fikrlarni esa davlat organlari eshitishi kerak. O'z faoliyatini tanqidlar orqali tahlil qilib, mavjud muammolarni hal etish choralarini ko'rishi lozim, muloqotga o'rganishi kerak.
Shu orqali davlat organlari yangi reallikda, yangi O'zbekistonda faoliyatini amalga oshiryapti. Davlatimiz rahbari ham ta'kidladi –matbuot kimgadir achchiq gapirsa, yoqishi yoki yoqmasligi ham mumkin. Biroq biz bu yo'ldan qaytmaymiz.
Xushnudbek Xudoyberdiev, O'zbekiston Milliy axborot agentligi - O'zA bosh direktori o'rinbosari, bloger:
– O'zA – O'zbekistondagi yagona rasmiy axborot agentligi. O'zA dunyodagi boshqa axborot agentliklari ishlayotgan formatda ishlay olayaptimi? Kunning muhim savoli shu.
O'zAning hozirgi kotseptsiyasi shuki, faqat maqtovlar bilan davlat siyosatini targ'ib qilib bo'lmaydi. Bu – eskirgan uslub, bu bilan hech narsaga erishish mumkin emas. Bundan davlat ham, xalq ham yutqazadi.
Agar O'zA faqatgina hukumatning xalqqa aytmoqchi bo'lgan gapini yetkazish bilan shug'ullansa, noto'g'ri yo'ldan ketayotgan bo'ladi. Aksincha, xalqning, jamiyatning aytmoqchi bo'lgan gapini ham Hukumatga yetkazadigan ko'prikka aylana olishi kerak.
O'zA axborotlarini kuzatayotganlar yaxshi biladi – so'nggi yillarda tanqidiy, tahliliy materiallar ancha ko'paygan. Boshqacha aytganda, O'zA – so'z erkinligining indikatorlaridan ham biri. Agar tanqidlar ko'paysa, demak so'z erkinligi ko'paydi, degan fikr ham paydo bo'ladi.
Shuni ta'kidlashni istardimki, oxirgi yillarda so'z erkinligi bo'yicha o'zgarishlar haqiqatan bor, buni bloger va O'zA vakili sifatida tan olaman, ta'kidlayman. Ammo bu o'zgarishlar biz uchun hali yetarli emas. Oldimizda qiladigan ishlarimiz juda ko'p.
Bu xuddi yo'lga chiqqan haydovchiga o'xshaydi. Hozir shunaqa yo'lga chiqdikki, tezlikni bemalol oshirish mumkin. Kimning imkoni yetsa, istalgan tezlikda harakatlansin. Biroq har qanday tezlikda ham yo'l harakati qoidalarini unutmasligimiz kerak. Yo'lda yurish – qoidasiz yurish degani emas.
Sherzodxon Qudratxo'jaev, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press-klub raisi:
– To'rt yil oldin Xalqaro press-klubni ilk tashkil qilayotgan chog'imizda bizni so'z erkinligi borasida ko'plab muammolar qiynagan. Bu birinchidan, davlat idoralari va tashkilotlar rahbarlarining matbuot bilan, ommaviy axborot vositalari bilan ishlashni bilmasligi va istamasligi bo'lsa, ikkinchidan, jonli efirning yo'qligi edi.
Bugun vaziyat mutlaqo boshqacha. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan birinchi marta 500 million so'm ajratilyapti.
O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan birgalikda matbuot kotiblari uchun o'quv kurslari tashkil qilinyapti. U yerda faqat o'qituvchilar emas, professionallar so'zga chiqadi.
Biz bugun ta'lim orqali bu o'quv jarayonini, umuman, media ta'limni rivojlantiramiz.
Gulnoza Husanova, “UzReport” telekanali bosh muharriri:
– So'z erkinligi – bu hamma narsani, xohlagan narsani ayta olish degani emas. Eng avvalo, bu – mas'uliyat. Buni hamma jurnalistlar, blogerlar his qilib turishibdi.
Agar biz axborotni vaqtida, tezkor bermasak, hozir Internet rivojlangan, odamlar istagan manbasidan kerakli axborotni topa oladi.
Shuning uchun davlat idoralari tushunishi kerak, jurnalistlar ularning dushmanlari emas. Biz ham rivojlangan davlatda yashashni istaymiz. Agar biz hozir muammolarni ko'tarmasak, bu muammolar hech qachon hal bo'lmaydi.
Bugungi jurnalistika ochiqliksiz yashay, ishlay olmaydi. O'zbekiston yopiq davlatdan ochiq davlatga aylandi. Endi jurnalistlarning ham chekinishga haqqi yo'q.
- Qo'shildi: 04.12.2020
- Ko'rishlar: 4159
- Chop etish