BMT VA O‘ZBEKISTON: XALQARO HAMKORLIK, TINCHLIK, TARAQQIYOT YO‘LIDA HAMQADAM

2 mart – O‘zbekiston Respublikasi

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan kun

 

Mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti safiga kirganiga 31 yil to‘ldi. O‘zbekiston 1992 yil 2 mart kuni mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilingan.

Shundan buyon Nyu-York shahridagi BMT Bosh qarorgohida mustaqil davlatimiz bayrog‘i hilpirab turibdi.

Shundan buyon Vatanimiz nomi oliy minbarlarda mag‘rur jaranglamoqda.

Shundan buyon O‘zbekiston BMTning barcha tadbirlarida faol ishtirok etmoqda.

Bundan 75 yildan ko‘proq vaqt oldin tashkil etilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti hozirgi vaqtda 193 davlatni birlashtirgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qayd etganidek, “1945 yilda tashkil etilganidan buyon BMT xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishda markaziy muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydigan chinakam universal xalqaro tuzilmaga aylandi”.

O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan asosiy xalqaro tashkilot bilan hamkorlikka katta ahamiyat qaratadi. Davlatimiz BMT Ustavi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiq bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni og‘ishmay bajarib kelmoqda. 

BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston tenglik, hamkorlik, ko‘ptomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga so‘zsiz amal qilishini namoyish etmoqda. So‘nggi vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yangi global qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, global muloqot, global harakatlar va butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish kabi g‘oyalarni faol ilgari surmoqda. 

Mamlakatimiz BMT va uning qator ixtisoslashtirilgan muassasalari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkilot, Jahon oziq-ovqat tashkiloti, Jahon banki, MAGATE va boshqa xalarqa tashkilotlar ishida faol ishtirok etayotir. 

Bundan 30 yil ilgari – 1993 yil 24 oktyabrda Toshkentda BMT vakolatxonasi ochilgan. O‘zbekistonda BMTning o‘ndan ortiq dasturi, fond va agentliklari, shu jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik fondi (YuNFPA), Bolalar fondi (YuNISEF), Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dastur, Gender tenglik, Ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha tuzilmalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Turli yillarda O‘zbekistonga BMT bosh kotiblari – Kofi Annan, Pan Gi Mun, 2017 yili – amaldagi Bosh kotib Antoniu Guterrish tashrif buyurgan.  

Mamlakatimiz BMTning teng huquqli a’zosi sifatida uning maqsad va vakolatlariga qat’iy rioya etadi. O‘zbekiston o‘z ovozi va maqomidan foydalanib, BMT faoliyatining barcha sohalariga doir o‘ta muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari suradi. 

O‘zbekistonning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonalari Nyu-York (AQSh), Jeneva (Shveysariya) shaharlaridagi BMT bo‘limlari huzurida, boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonamiz Vena shahridagi (Avstriya) BMT bo‘limida faoliyat ko‘rsatadi. 

O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi so‘nggi yillarda mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, 2020 yil 25 sentyabrda videokonferensiya shaklida tashkil etilgan 75-yubiley sessiyasida, shuningdek, 2021 yilda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46- sessiyasida onlayn shaklda va Bosh Assambleyaning 76-sessiyasida ma’ruza qildi.

Bu nufuzli anjumanlarda davlatimiz rahbari O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizmni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalardagi tashabbuslarini e’lon qildi. Mamlakatimizda 2017-2021 yillarda amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasi doirasidagi shiddatli islohotlar tufayli BMT bilan hamkorlik aloqalarimiz darajasi tubdan yuksaldi.

O‘zbekistonning keyingi yillardagi sa’y-harakatlarining xalqaro e’tirofi BMT Bosh Assambleyasi qator maxsus rezolyusiyalarining qabul qilinishida namoyon bo‘ldi. Jumladan, qisqa davrda: «Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash», «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik», «Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot», «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish» bo‘yicha rezolyusiyalar qabul qilingani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

BMT shafeligida yurtimizda bir qancha xalqaro konferensiyalar tashkillashtirildi. Xususan, 2017 yil noyabrida Samarqandda “Markaziy Osiyo: bir o‘tmish va umumiy kelajak, barqaror taraqqiyot va o‘zaro farovonlik yo‘lida hamkorlik” konferensiyasi, 2018 yil martida Toshkentda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida, 2021 yilda Xivada “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumlar o‘tkazildi. 

Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari o‘tkazildi. Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi tuzildi. BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida Pandemiya davridagi davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari xalqaro kodeksi tasdiqlandi. Unda har bir davlatning fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi kerakligi belgilangan.

O‘zbekiston BMTning maxsus protseduralari bilan o‘zaro hamkorlik borasida ham sezilarli yutuqlarga erishdi. Bu o‘rinda 2021 yil dekabrida O‘zbekistonga BMTning Terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish va rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn tashrif buyurganini alohida qayd etish lozim.

Shuni ham ta’kidlash joizki, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida inson huquqlari mamlakatni siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarda markaziy o‘rin egallaydi. Binobarin, O‘zbekiston “BMTning inson manfaatlari yo‘lida sa’y-harakatga da’vati” ni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi BMT bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘riladi. Bugun mamlakatimizda demokratiyaning zamonaviy va inson huquqlari mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizimi barpo etilgan. Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlar va barcha darajadagi sud hokimiyati faol ishlamoqda.

 Eng muhimi, jamiyatimizda Konstitutsiyaga va mamlakat qonunlariga hurmat tuyg‘usi kuchaymoqda. Yanada e’tiborlisi: “Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida” ustuvor prinsipi hayotda o‘z tasdig‘ini topmoqda.

BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida 2020 yil 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylangan. Mamlakatimiz 2021 yil 1 yanvardan boshlab bu boradagi vazifasini bajarib kelmoqda.

O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida zimmasiga olgan majburiyatlari doirasidagi faoliyati haqida so‘z yuritganda, xususan, mamlakatimiz 2021 yilda BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilganini alohida qayd etish lozim. O‘z navbatida, 2022 yil dekabrida “Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti” shafeligida, fuqarolik jamiyatining xotin-qizlar tashkilotlari va “BMT-ayollar” tuzilmasi ishtirokida mintaqaviy forum o‘tkazildi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi rezolyusiyasi qabul qilindi. O‘tgan yil avgustida Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Shu kunlarda mamlakatimiz delegatsiyasi Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 52-sessiyasining Yuqori darajadagi segmenti ishida ishtirok etmoqda. Xalqaro hamjamiyat e’tiboriga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlarni istiqbolda yanada chuqurlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar haqida zarur ma’lumotlar taqdim etildi.

Yuqori darajadagi segment majlisi ishtirokchilariga yurtimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan batafsil axborot berildi. Bundan tashqari, mamlakatimiz delegatsiyasi BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi lavozimini ta’sis etish yuzasidan ilgari surilgan Toshkent tashabbusi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirdi.

Eng asosiysi, Inson huquqlari bo‘yicha kengash oliy minbarida O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi  hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyusiyalarining qabul qilinishi borasidagi mamlakatimiz tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganlari uchun BMTga a’zo davlatlarga chuqur minnatdorchilik izhori yangradi.

O‘zbekiston BMT va uning ixtisoslashgan institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamorlik aloqalarini yanada kengaytirish istagida ekani e’tirof etildi. Shu ma’noda, BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi E.Edvardsning joriy yilda yurtimizga tashrifini tashkil etish, shuningdek, kelgusida Osiyo qit’asida inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy mexanizm yaratishga ko‘maklashishga oid rejalarni ro‘yobga chiqarish uchun izchil sa’y-harakatlar davom ettirilishi ma’lum qilindi.

Bularning barchasi bejiz emas. Zero, bugungi murakkab sharoitlarda, miqyosiga ko‘ra misli ko‘rilmagan qurolli ziddiyatlar hamda xalqaro tinchlik va barqarorlikka oshib borayotgan tahdid sahnida tinchlik va xavfsizlikni, inson huquqlarini himoya qilish va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida a’zo davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirishni maqsad qilgan universal xalqaro tuzilma sifatida BMTning roli va mas’uliyati ortib bormoqda. 

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida mamlakatimiz dunyoning barcha mamlakatlari bilan manfaatli hamkorlik qilishga va BMT hamda uning institutlari bilan amaliy muloqotga hamisha tayyorligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topgan. Shu asosda O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zoligi davrida inson huquqlari sohasida eng yuksak standartlarga sodiqligini namoyon qilishga astoydil intilmoqda.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech