Muloqotda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalalari davlat siyosatining, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Mamlakatimizda inson huquqlari va demokratiyaning hozirgi zamon talab va mezonlariga javob beradigan tizimini shakllantirish borasida jadal ishlar olib borilmoqda.
Uchrashuvda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurishning muhim shartlaridan biri ekanligi qayd etildi.
O‘zbekistonda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.
O‘tgan qisqa davrda sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy jihatlari bilan tanishtirildi.
So‘nggi olti yil mobaynida bu yo‘nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 50 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Sud tizimiga oid normativ-huquqiy hujjatlar islohotlarga mos ravishda yangilandi, jumladan 3 ta kodeks yangidan qabul qilindi, qolganlariga zarur o‘zgartirishlar kiritildi, yangi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Ular asosida sud tizimi tubdan takomillashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” va “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari qabul qilingani mamlakatimizda sud-huquq islohotlarini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
Qayd etilganidek, sud-huquq sohasidagi ushbu tub islohotlar odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga, shuningdek sud hokimiyati mutaqilligini, sudlar faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini mustahkamlashga, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muloqot davomida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga oid masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Konstruktiv va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv doirasida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining rasmiy Telegram-kanali
- Qo'shildi: 14.03.2023
- Ko'rishlar: 3919
- Chop etish