Senatda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi masalani ko‘rib chiqish jarayonida loyihada inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati sifatida muhrlab qo‘yilgani qayd etildi.
Senatorlar ushbu norma butun Konstitutsiya mazmuniga singdirilganini ta’kidladi. Xususan, inson huquq va erkinliklari qonunlar, davlat organlari va ular mansabdor shaxslari faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilaydi.
Shu bilan birga, inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda.

Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi. Davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda mas’uliyatini oshiradi. Insonga me’yoridan ortiq huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishining oldini oladi.
Loyihada “inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida inson huquqlari borasidagi normalar qariyb 3,5 baravarga ko‘paymoqda.
Xususan, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekani, har bir shaxs yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega ekanligi, ushbu huquqning cheklanishi va turar joyda tintuv o‘tkazishga faqat sud qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi haqida jinoyat protsessida shaxs daxlsizligi kafolatlarini mustahkamlovchi norma kiritilmoqda.
O‘zA
- Qo'shildi: 14.03.2023
- Ko'rishlar: 3685
- Chop etish