17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda 65 nafar ishtirokchi, jumladan, 16 nafar milliy va 23 nafar xorijiy ekspertlar qatnashdi.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar, siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda, shuningdek, Polshaning sobiq Prezidenti, gaz qazib chiqaruvchi «Busirma Group» kompaniyasi Direktorlar kengashi a’zosi A.Kvasnevskiy, sloveniyalik siyosatchi, Sloveniyaning sobiq Prezidenti B.Paxor, britaniyalik siyosatchilar – Buyuk Britaniya parlamenti a’zolari A.Xyu Kerns, A.Gevin, Lordlar palatasi a’zosi, Buyuk Britaniya parlamentining sobiq a’zosi J.Uorton, Yevropa Parlament Assambleyasi Kengashining Yevropa Konservativ partiyasi bosh kotibi, NATO Parlament Assambleyasida konservatorlar bosh kotibi T.Van Deyk, yevropalik huquqshunos olim, «Spetch & Partner» yuridik firmasi hamkori L.Shpext, Sciences Po siyosiy tadqiqotlar instituti professori (Parij) A.Xelena Mariya, Koreya Universiteti ijtimoiy mas’uliyat instituti direktori Je Xyok Shin, xalqaro ekspert, Venesiya Komissiyasi a’zosi, iqtisod fanlari doktori, professor G.Papuashvili, Nagoya iqtisodiyot universiteti professori, yuridik fanlar doktori, professor K.Ichixashi, Boyazid Yildirim universitetining huquq fakulteti dotsenti S.Tatar, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik milliy markazi direktori, yuridik fanlar nomzodi I.Saidzoda, Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Adolat akademiyasi rektori, yuridik fanlar nomzodi Z.Baymoldina, Qirg‘iz Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Norma ijodkorligi va qonun ustuvorligi Instituti direktorining o‘rinbosari R.Jaylobaeva hamda boshqa bir qator xorijiy va xalqaro ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, ekspertlari va siyosatchilar qatnashdi.
Tadbirni Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov kirish so‘zi bilan ochib berdi va olib bordi.
A.Saidov o‘z so‘zida O‘zbekiston juda katta siyosiy, tarixiy jarayon ostonasida turgani, mamlakat Konstitutsiyasi ilk bor referendum orqali qabul qilinayotganini e’tirof etib, konstitutsiyaviy islohotlarning o‘ziga xos xususiyatlari, bu borada olib borilgan ishlar to‘g‘risida qisqacha to‘xtaldi. Yangilanayotgan Konstitutsiya matni bir guruh olim, mutaxassislar tomonidan emas, balki xalqning, keng jamoatchilikning taklifi va fikri asosida ishlab chiqilgani, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh Qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganini alohida qayd etdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada xorijiy mehmonlar va ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati yetkazildi. Shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmuni-mohiyati va undagi yangi normalarning ahamiyati haqida batafsil tushuncha berildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari O.Tojiev «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdagi o‘rni va roli» mavzusida ma’ruza qildi. U o‘z ma’ruzasida o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar, konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqish va uni takomillashtirish borasida milliy parlament tomonidan olib borilgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’luot berdi.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi S.Hamidullaev mamlakatning ichki va tashqi siyosatini shakllantirishda va amalga oshirishda parlamentning samaradorligini oshirish mavzusida so‘z yuritdi. Yangilanayotgan Konstitutsiya milliy parlamentga tinchlik va xavfsizlikni saqlash, global va mintaqaviy miqyosda barqaror rivojlanishga erishish yo‘lida xalqaro munosabatlarning faol ishtirokchisi sifatida jahon maydonida milliy manfaatlarni ilgari surish uchun keng imkoniyatlar ochishini alohida ta’kidladi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Umarov «Iqtisodiyotni erkin rivojlantirish, sog‘lom raqobat va tadbirkorlikning konstitutsiyaviy tamoyillari» mavzusida ma’ruza qildi. U yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi iqtisodiyotni erkinlashtrish, tadbirkorlikni rivojlantirish, sog‘lom raqobatni qo‘llab-quvvatlash, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash bo‘yicha yangi qoidalarning mustahkamlanayotgani ushbu sohalarda konstitutsiyaviy kafolatlar yaratilishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Sh.Joldasovaning fikricha, «yangilanayotgan Konstitutsiyaga muvofiq, saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar qonunchilik taklifini qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekanligi belgilanayotgani har bir fuqaroga konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda, mamlakat qonunchilik tizimini rivojlantirish borasida o‘z fikrni bildirishga xizmat qiladi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya qizg‘in munozaralarga boy bo‘ldi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi M.Xodjaeva yangilanayotgan Konstitutsiyada ekologik huquqlar va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq masalalarga katta e’tibor qaratilgani va bu yo‘nalishda alohida bob kiritilayotgani e’tirofga sazovor ekanini aytdi.
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi F.Sharipovning ta’kidlashicha, yangilanayotgan Bosh qomusimizda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlarni olmoqda. Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar ko‘paytirilayotgani, O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinayotgani, nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab- quvvatlashni nazarda tutuvchi qoidalar yanada takomillashtirilayotgani «Inson qadri uchun» degan tamoyil amalda o‘zi ifodasini topayotganidan dalolat beradi.
«Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi G.Agzamova yangilanayotgan Konstitutsiyamizda sud-huquq sohasiga doir yangidan-yangi normalar, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan yangiliklar aks ettirilayotgani, shu jumladan «Xabeas korpus» instituti hamda «Miranda qoidasi» kabi xalqaro mezonlar singdirilayotgani fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlab, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi. Bu esa pirovardida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasizdir.
Konstruktiv ruhda o‘tgan konferensiyada xorijlik qatnashchilar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va munosabatini bildirdilar.
Xususan, Koreya Universiteti ijtimoiy mas’uliyat instituti direktori Je Xyok Shin O‘zbekiston xalqi uchun muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon arafasida o‘tkazilayotgan ushbu anjumanda ishtirok etishni sharaf deb bilishini ta’kidlar ekan, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar yangilanayotgan Konstitutsiyada yaxshi yoritilganini qayd etdi. Yangi Konstitutsiya loyihasida inson huquqlarini himoya qilishga, xususan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot va bozor sharoitlarida ish olib borish masalalariga katta e’tibor qaratilganini e’tirof etib, ushbu jihatlar mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy taraqqiyotida ahamiyati katta bo‘lishiga umid bildirdi.
Shuningdek, Je Xyok Shin yangilanayotgan Konstitutsiyada parlament vakolatlari kengaytirilayotgani, jumladan uning nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarini lavozimga qo‘yish borasidagi funksiyalari kuchaytirilayotgani, Prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkazilayotganini muhim demokratik o‘zgarishlar sifatida baholadi.
Qirg‘iz Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Norma ijodkorligi va qonun ustuvorligi instituti direktorining o‘rinbosari R.Jaylobaevaning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda Konstitutsiyaning yangi loyihasini tayyorlashda yetarlicha vaqt va imkoniyat bo‘ldi. Konstitutsiyaviy islohotlarni yuqori darajada tashkillashtirish, aholining keng qatlamidan fikrlarni to‘plash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini dunyo mamlakatlari o‘rgansa arziydi.
O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida iqtisodiy blok masalalari to‘liq aks etgan. Hattoki monopol faoliyatni cheklovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan norma borligi e’tiborga loyiq. R. Jaylobaeva, jumladan: «Yangilanayotgan Bosh qomusingizning davlat investitsiyaviy muhitni rivojinlantirish choralarini ko‘rishi nazarda tutilgan 67-moddasi ham alohida diqqatimni tortdi. O‘zbekistondagi mazkur konstitutsiyaviy islohot mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonaman», dedi.
Lordlar palatasi a’zosi J.Uorton fikricha, jahon mamlakatlarining konstitutsiyaviy tajribasida ajoyib deb aytsa bo‘ladigan aniq bir tizim ham, butun dunyoga to‘g‘ri keladigan Konstitutsiya ham mavjud emas. Dunyo taraqqiyoti o‘zgarar ekan, parlamentlar, qonunlar ham o‘zgarishi kerak.
«Odatda hukumatning muayyan masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishda yoki ba’zi bir qonunlarni qabul qilishda aholini ishontirishi juda qiyin kechadi, — dedi J.Uorton. — Shu nuqtai nazardan, menga O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasi bo‘yicha qilingan ishlar haqida bilish juda qiziq bo‘ldi. Keltirilgan ba’zi statistika raqamlari meni hayron qoldirdi.
Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga aholini jalb qilishda zamonaviy kommunikatsiya vositalaridan va instrumentlardan juda unumli foydalanilibdi. Bu ish, shu jumladan telegram kanallari orqali ham amalga oshirilgani odamlarga qulaylikyaratgan.
Yana aytishim kerakki, bu konstitutsiyaviy islohotlarda aholiga eng asosiy e’tibor berilgan, diqqat markazida inson turibti. Aholining kundalik turmushi va ehtiyojlari inobatga olingan. Shu jihatdan, yangilanayotgan Konstitutsiyada aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan qator normalarning aks ettirilganini olqishlayman. Qonun ustuvorligi, sayohat, uy-joyga ega bo‘lish, insonlar hayotini yaxshilashga qaratilgan boshqa normalar O‘zbekistonda aholi turmush darajasini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman».
Anjuman ishtirokchilari tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar yuqori baholandi. Yangilanayotgan Konstitutsiyani qabul qilish masalasi bevosita O‘zbekiston xalqining xohish-irodasiga havola etilayotganligi tom ma’nodagi demokratik qadam, xalq hokimiyatchiligining amaliy ifodasi bo‘lishiga ishonch bildirildi.
Mehmonlar yangilanayotgan Konstitutsiyani qabul qilish masalasini referendumga, ya’ni xalq ovoziga chiqarish yo‘li bilan hal etish borasida O‘zbekistonning tutgan yo‘lini qo‘llab-quvvatlab, alohida e’tirof etdilar.
Qatnashchilarning fikricha, yangilanayotgan Konstitutsiya «Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish hamda davlat va fuqarolik jamiyatining jadal rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.04.2023
- Ko'rishlar: 7625
- Chop etish