Xitoyning ekspert va ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti haqida
Go Szitsze,
"CAMC" muhandislik korporatsiyasining (XXR) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:
- Biz O‘zbekiston kompaniyalari bilan 16 yildan ortiq davr mobaynida o‘zaro hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Shuni qayd etish joizki, mamlakatda savdoni erkinlashtirish O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlarga eksportini izchil oshirish uchun yangi imkoniyatlar eshiklarini ochdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida hayotga tadbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib bormoqdamiz. Hech qanday mubolag‘asiz aytish mumkinki, mamlakatda amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlar natijalarini O‘zbekistonning har bir fuqarosi his qilmoqda.
Raqobat kuchayib borayotgan va turli bozorlarda oldindan aytib bo‘lmasligi bilan ajralib turadigan zamonaviy xalqaro savdo muhiti sharoitida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatda tadbirkorlik keng qo‘llab-quvvatlanmoqda, eksportni ko‘paytirish va investitsiyalarni jalb qilishga ko‘mak ko‘rsatilmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Bularning barchasi O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va farovonligi uchun kafolatdir.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik har tomonlama va jadal rivojlanmoqda. Bunda, shubhasiz, mamlakatlarimiz rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan yaqin va do‘stona munosabatlar muhim o‘rin tutayotir.
Xitoylik ishbilarmonlar Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini yanada rivojlantirishning ulkan istiqbollariga ishonishadi, buning uchun bugungi kunda barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Daniel Chjau,
«Alibaba International Digital Commerce Group» guruhining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘limi bosh menejeri:
- So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qulay ishbilarmonlik muhiti yuzaga keldi. Qisqa vaqt ichida butun dunyodan keladigan xorijiy investorlar, shu jumladan, xitoylik sarmoyadorlar uchun jozibali bo‘lgan liberal, ochiq bozor shakllandi.
O‘zbekistonda muvaffaqiyat bilan faoliyat olib borayotgan kompaniyamiz bunga ko‘plab misollardan biri bo‘la oladi. Aytishim mumkinki, O‘zbekiston bozoridagi hamkorlarimiz soni kundan-kunga ortib bormoqda. Xususan, bugungi kunda bizning savdo maydonchamizda 100 dan ortiq O‘zbekistonning eksport kompaniyalari mavjud bo‘lib, ularning 6 mingdan ziyod turdagi tayyor mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Shuni ham ta’kidlashni istardimki, so‘nggi yillarda elektron tijorat jahon savdosi rivojlanishining muhim harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylandi. O‘zbekistonda mahalliy va xorijiy korxonalar uchun hech bir to‘siqlarsiz biznes yuritish uchun barcha sharoitlar yaratilgani quvonarli holdir.
Syuy Tao,
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashining Ijtimoiy rivojlanish markazi huzuridagi Yevroosiyo ijtimoiy rivojlanish tadqiqotlari instituti direktorining o‘rinbosari:
- Bugungi kunda misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilgan Xitoy - O‘zbekiston munosabatlari rivojini kuzatish menga mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Xitoy O‘zbekistonning yirik savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillar davomida ikki mamlakat o‘rtasida savdo, iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi hamkorlik jadal ravnaq topmoqda. Ishonch bilan aytish mumkinki, joriy yil yakunlari bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston Respublikasining birinchi savdo sherigi bo‘ladi.
2022 yili XXR Raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga buyurgan davlat tashrifi muvaffaqiyatli kechdi, 2023 yilning may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyga tashrif buyurgani holda Markaziy Osiyo - Xitoy sammitida ishtirok etdi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda har tomonlama strategik sheriklikning asosiy yo‘nalishlari va istiqbolli sohalari belgilab olindi, shu tariqa kelgusi yillardagi ikki tomonlama hamkorlik nuqtai nazaridan yangi qarashlar yuzaga keldi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham mustahkamlanib borayotgani, o‘zbek yoshlarining Xitoy tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotgani o‘zaro aloqalarda muhim omil bo‘lmoqda. Bu ham quvonarli holdir. Ushbu tamoyil, shubhasiz, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda alohida e’tiborga sazovor bo‘lgan ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, ta’lim tizimini modernizatsiyalash va yuqori malakali kadrlar tayyorlash ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda boy tarixiy va madaniy meros, yosh avlodni rivojlantirish va tarbiyalash uchun yuksak ilmiy salohiyat mavjud. Bu Yangi O‘zbekistonni barpo etish va keng qamrovli islohotlarni izchil davom ettirish nuqtai nazaridan juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Van Minmey,
Xitoyning «Psearcher» nashriyot kompaniyasi bosh menejeri:
- Mutaxassislarimiz O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi qamrovi va uning o‘suvchanligini katta qiziqish bilan kuzatib borishmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish yakunlandi va bugungi kunda 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan muhim vazifalar muvaffaqiyat bilan hayotga tadbiq etilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekistondagi bugungi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri yoshlar siyosati bo‘lib, unda yosh avlodning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunarga yo‘naltirishning samarali tizimini yaratish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan. Yosh tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus fondlar va elektron platformalar yaratilgan. Bularning barchasi O‘zbekistonda Uchinchi Uyg‘onish davri qurilishining mustahkam poydevorini yaratishga xizmat qilmoqda.
- Qo'shildi: 27.07.2023
- Ko'rishlar: 3606
- Chop etish