Adabiyotimizning ulkan vakillaridan biri, atoqli adabiyotshunos olim, mohir adib va tarjimon, jonkuyar publitsist Ibrohim G‘afurov timsolida men butun ongli hayotini milliy ma’naviyatimiz ravnaqiga bag‘ishlab kelayotgan fidoyi shaxs, halol va kamtarin insonni ko‘raman.

 

 Shavkat MIRZIYOYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Yaqinda nishonlangan Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi bayramiga yangi va rang-barang moddiy, ma’naviy, ma’rifiy tuhfalar juda ko‘p bo‘ldi. O‘zbekiston Qahramoni, taniqli olim va adib, adabiyotshunos, mohir tarjimon Ibrohim G‘afurovning “Asarlar/Adabiyot dunyosi: sakkiz jildlik to‘plami” shular jumlasidan.

Taniqli adabiyotshunos naqd yarim asrdan beri o‘zbek adabiyoti jarayonlarini teran tahlil, tadqiq va talqin etib keladi. Badiiyatda haqqoniylik va insoniylik, adolat va milliy o‘ziga xoslik, ilmiylik va xolislik prinsiplarining namoyon bo‘lishi holatlarini kuzatadi.

Shu ma’noda, ustozning ma’naviyat ummonidan noyob marvaridlardek ushbu sakkizta kitobi qo‘liga yetib borgan har bir o‘zbek kitobxoni ko‘nglidan, dastavval, Yurtboshimizning quyidagi e’tirofi kechgan bo‘lsa ajab emas: “Ibrohim G‘afurov o‘zining beqiyos ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan el-yurtimizga juda katta xizmat qilgan ulug‘ zamondoshimizdir. Ishonamanki, u kishi bundan keyin ham o‘zining yangi-yangi, go‘zal va barkamol asarlari bilan barchamizni, butun xalqimizni xushnud etadi”.

 

Behalovat so‘z zargari

 

Ustoz Ibrohim G‘afurov haqida so‘z borganda, Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan faxriy unvonlar, orden va medallarga sazovor bo‘lgan bir guruh yurtdoshlarimizga Ko‘ksaroyda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tganini maroq va iftixor bilan eslayman.

Davlatimiz rahbari o‘shanda taniqli adabiyotshunos olim va mohir tarjimon, mashhur adib va mehribon murabbiy Ibrohim G‘afurovga “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni guvohnomasi va “Oltin yulduz” medalini shaxsan taqdim etar ekan, jumladan, shunday dedi:

— Men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan do‘st edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik. Erkin akaning bir gaplari bo‘lar edi: “agar o‘zbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan so‘rash kerak”, derdi. Ibrohim aka milliy adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi.

Bu yuksak e’tirof Ibrohim aka asarlari sakkiz jildligining birinchi jildi ilk sahifalarida ham aks etgan. Kitobga “Prezident Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov haqidagi fikrlari” nomli kirish so‘zi berilganining o‘ziyoq ushbu yangi nashr mohiyati va ahamiyati yangi O‘zbekiston g‘oyasiga mutanosib ravishda nechog‘lik salmoqdor ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Binobarin, so‘nggi yillarda Millat Sardori rahnamoligida O‘zbekiston davlati va o‘zbek xalqi hayotning turli sohalarida erishgan ulkan yutuqlarda Ibrohim G‘afurovning ham o‘ziga xos hissasi bor. Ustoz bu haqda maqtanishni istamaydi, xolos. Chunki Ibrohim aka butun hayoti mehnat ichida o‘tgan el-yurtning fidoyi bir ziyolisi, kamtarin va halol inson. Barcha ustozlari kabi milliy ma’naviyat va ma’rifat ravnaqi yo‘lida tinim bilmay izlanadi. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “Ibrohim G‘afurov butun hayoti davomida xuddi Zahiriddin Muhammad Bobur kabi behalovat yashab, ilmu ijod qilib kelayotgan nozikta’b so‘z zargaridir”.

Avvalambor, Ibrohim aka “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Milliy tiklanish” gazetalarida ishlagan kezlarida ushbu davriy nashrlarning ravon tili, maqbul sifati va yuksak saviyasidan gazetxon sifatida hamisha ko‘nglim to‘lgan. Ustoz turli nashriyotlarda xizmat qilganlarida ham, kitobsevar xalqimizga yuksak saviyali adabiy-badiiy asarlar taqdim etishga intilib kelgan.

E’tiborli jihati, xuddi shu davrda ustoz nafaqat ijodiy, balki ilmiy sohada ham peshqadamlik ko‘rsatadi. Ya’ni 1973 yili “Maqsud Shayxzoda lirikasi” mavzusida Salohiddin Mamajonov rahbarligida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiya yoqlaydi.

Kamina Ibrohim G‘afurovning ilmiy-ijodiy va badiiy muharrirlik faoliyati bilan yoshligimdan, salkam ellik yildan buyon yaxshi tanish bo‘lsam-da, o‘zaro yaqin munosabatlarimiz Oliy Majlis deputatlari sifatida 1999-2008 yillardagi qonun ijodkorligi jarayonlari bilan bevosita bog‘liq. Ibrohim aka bilan o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida bitta binoda, yondosh ish kabinetlarida qonun ijodkorligi faoliyati bilan shug‘ullanganimiz menga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

O‘sha davrda Ibrohim aka mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining huquqiy asoslarini mustahkamlash yo‘lida ulkan xizmat qildi. Ayniqsa, qonunlarimizning tili ravon, ifoda uslubi aniq va tushunarli bo‘lishini ta’minlashda o‘zining chuqur, qamrovdor bilimi va katta amaliy tajribasi bilan munosib hissa qo‘shdi.

Ibrohim G‘afurov nafaqat davlat arbobi, balki jamoat arbobi sifatida ham jamiyatimiz ravnaqida o‘z in’ikosini topgan ezgu xizmatlari bilan faxrlansa arziydi. Gap shundaki, Ibrohim aka “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining yetakchisi sifatida ushbu siyosiy partiyaning shakllanishi, oyoqqa turishi, yuksak huquqiy maqomga — parlament partiyasi darajasiga erishishi yo‘lida astoydil jonbozlik ko‘rsatdi.

Ibrohim akaning deputat, siyosiy yetakchi, bosh muharrir sifatida olib borgan samarali faoliyati, shubhasiz, meni doim hayron qoldirgan. Ayni chog‘da, shunday tig‘iz ijtimoiy-siyosiy kun tartibiga qaramay, u kishi adabiyotshunoslik, tarjimonlik va tarjimashunoslik sohalari bilan bog‘liq qizg‘in ijodiy jarayonlardan hech qachon uzilib qolmagani, aksincha, hamisha o‘z asarlari bilan adabu ma’rifat ummonining darg‘alaridan biri bo‘lib kelayotgani hayratimni yanada oshiradi.

 

“Joziba” — birinchi jild

 

Ibrohim G‘afurov sakkiz jildlik to‘plamining birinchi jildi “Joziba” deb nomlangan. Ushbu kitobdan ustoz o‘z adabiy-tanqidiy faoliyatiga kirishgan ilk davrda — 1960-1970 yillarda yozilgan va nashr etilgan uch adabiy-tanqidiy risola joy olgan.

Bu o‘rinda avvalo, Ibrohim akaning adabiyotshunos maqomidagi ilk kitobi — 1964 yilda chop etilgan “Go‘zallikning olmos qirralari” risolasi haqida so‘z bormoqda. Risolaga muallifning adabiy o‘ylar tarzida bitilgan 18 ta maqolasi jamlangan.

Muallif ayni risolasida adabiyotning jozibasi, go‘zallik qirralari nimalarda namoyon bo‘ladi, degan savollarga javob izlagan. Bu adabiy-tahliliy jarayonda goh Sadriddin Ayniy va G‘afur G‘ulom kabi o‘zbek adabiyoti namoyandalari asarlariga murojaat etsa, goh jahon adabiyoti va san’ati vakillari — rus ziyolilaridan musavvir Karl Bryullov, yozuvchi Leonid Leonov, teatr rejissyori Konstantin Stanislavskiy, jurnalist va jamoat arbobi Vladimir Korolenko, shoir va tarjimon Valeriy Bryusov, yozuvchi va pedagog Anton Makarenko, shuningdek, fransuz yozuvchilari Fransuaza Sagan va Jannina Vorms, nemis faylasufi Fridrix Nitshe asarlariga murojaat qilgan.

Keyingi risola “Joziba” deb nomlangan bo‘lib, u 1970 yilda nashr etilgan. Risolaga olimning 30 ta adabiy badiasi kiritilgan. Ushbu badialarda o‘sha davr she’riyatining muammoli nuqtalari haqida so‘z yuritilgan. Adabiyotshunos o‘z adabiy qarashlarini ilgari surar ekan, shaxs va muhit o‘rtasidagi uyg‘unlikka alohida e’tibor qaratgani juda muhim.

“Joziba” kitobidan o‘rin olgan oxirgi risola “Yonar so‘z” 1973 yilda nashrdan chiqqan. Unda o‘zbek she’riyati, nasri va jahon adabiyotiga doir 23 ta adabiy maqola berilgan. O‘zbekiston yoshlar mukofoti bilan taqdirlangan ushbu risolada muallif so‘zlarda inson tafakkurining alangasi bo‘ladi, deya qabul qiladi va adabiyot dunyosidan mana shunday yonar so‘zni izlaydi.

 

“Yurak — alanga” — ikkinchi jild

 

Ushbu jildda 1970-1980 yillarda yozilgan va nashr etilgan uchta risola jamlangan. Bu o‘rinda Ibrohim akaning “Yam-yashil daraxt”, “Yurak — alanga”, “Lirikaning yuragi” nomli adabiy-tanqidiy risolalari haqida so‘z bormoqda.

Avvalo, 1976 yili chop etilgan “Yam-yashil daraxt” risolasida munaqqid o‘sha davr o‘zbek nasrida aks etgan zamonning burilish nuqtalarini tadqiq etadi. Bunda Oybek, Sharof Rashidov, Abdulla Qahhor, Nazir Safarov, Odil Yoqubov, Primqul Qodirov, O‘lmas Umarbekov, Said Ahmad, Nosir Fozilov, Mashrab Boboyev kabi taniqli yozuvchilar bilan bir qatorda ilk adabiy mashqlari e’lon qilingan yosh nosirlar asarlaridagi adabiy qahramonlar dunyo yozuvchilarining mashhur asarlari obrazlari bilan qiyosan o‘rganilgani e’tiborga sazovor.

Ibrohim G‘afurovning “Yurak — alanga” kitobi dastavval 1976 yili nashr etilgan. Bu asarda, shuningdek, “Yam-yashil daraxt” va “Lirikaning yuragi” risolalarida o‘zbek she’riyatidagi Hamza, Oybek, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Zulfiya, Hamid G‘ulom, Mirtemir, Maqsud Shayxzodadan tortib, toki o‘sha davr yoshlari — Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Jamol Kamol, Halima Xudoyberdiyevagacha bo‘lgan butun adabiy avlodlar zanjirining adabiy faoliyati haqidagi tasavvur va tushunchalar to‘liq ifodalab berilgan.

Ilk bor 1982 yili nashrdan chiqqan “Lirikaning yuragi” risolasida muallif o‘sha davr yosh shoirlarini Prever, Lorka, Nozim Hikmat, Elyuar, Risos, Blok, Ziedonis kabi dunyoga mashhur shoirlar bilan ijodiy bellashishga chorlaydi. Mazkur asar she’riyatni, uning tarixini — g‘oyalar va qahramonlarning o‘zgarish, o‘sish tarixi sifatida tadqiq etilishi nuqtai nazaridan adabiy jamoatchilik e’tiborini qozongan.

 

“She’riyat — izlanish demak” — uchinchi jild

 

XX asrning 50-60-yillaridagi o‘zbek she’riyatini jahon she’riyati bilan qiyosan o‘rganish asnosida Ibrohim G‘afurov ayni mavzuda kelgusida ko‘plab ilmiy-adabiy tadqiqotlar uchun keng yo‘l ochdi, deb e’tirof etadi soha mutaxassislari. “She’riyat — izlanish demak” deb nomlangan uchinchi jild ustozning xuddi shu mazmundagi ikki kitobidan iborat.

Aynan “She’riyat — izlanish demak” nomli dastlabki kitob 1984 yili nashr etilgan. Monografiya maqomidagi ushbu tadqiqotda o‘zbek lirik she’riyati va uning taraqqiyot omillari birinchi marta chuqur ilmiy tahlil qilingan va milliy she’riy tafakkur yangilanishlari atroflicha o‘rganilgan.

O‘z navbatida, uchinchi jildga “Prozaning shoiri” kitobi ham kiritilgan. Bu asar 1981 yili nashrdan chiqqan va unda Said Ahmad prozasi tadqiq etilgan. O‘zbek nasrining ushbu yirik namoyandasi ijodi namunalari Anton Chexov, Edgar Po, Stefan Sveyg, Prosper Merime adabiy olamlari bilan qiyoslangani o‘sha davr adabiyot muxlislari va mutaxassislarini befarq qoldirmagan.

 

“Dil erkinligi” — to‘rtinchi jild

 

Ibrohim G‘afurov o‘z ilmiy-adabiy faoliyatining o‘ttiz yiligini “O‘ttiz yil izhori” nomli kitobi bilan kutib oladi. 1987 yili nashr etilgan bu asar adabiyot muxlislari uchun mutlaqo yangi muallif dunyolarini ochib beradi. Kitobdagi adabiy o‘ylar va maqolalarda Alisher Navoiy siymosi Ibrohim akaning tadqiqotlarida alohida bir katta tarmoq hisoblanishi yorqin namoyon bo‘lgan. Muallif kitobxonni hazrat Navoiy dunyolariga sodda, tiniq, hissiy tushuntirishlar bilan olib kirishga intilgan.

Ushbu asar, olim o‘z ta’biri bilan aytganda, adabiyotshunosikni o‘yshunoslikka yaqinlashtirdi. Natijada “Dil erkinligi”, “Hayo — xaloskor”, “Mangu latofat”, “Parivashlar majlisi”, “Oltin qoziq”, “Mehr quyoshi” nomli mansuralar, esselar, nasriy dostonlar dunyo yuzini ko‘rishiga yo‘l ochildi. Ushbu kitoblarning ayrimlarida mumtoz adabiyotimizda odamiylik va umuminsoniy qadriyatlarning aks etishi chuqur tadqiq etilgan bo‘lsa, boshqa birida adabiy avlodlarning maydonga kirib kelishi, adabiyotdan mustahkam o‘rin olishi haqida keng mushohada yuritilgan.

Xususan, Ibrohim akaning 1998 yili chop etilgan “Dil erkinligi” nomli kitobi 1991 yilgi “Iltijo” nomli ilk mansuralar kitobining izchil davomi. Undan o‘nlab hikoya, mansura, badia va adabiy maqolalar o‘rin olgan.

Darvoqe, “O‘ttiz yil izhori” va “Dil erkinligi” nomli kitoblar birgalikda Ibrohim G‘afurov sakkiz jildlik to‘plamining to‘rtinchi jildini tashkil etgan.

 

“Hayo — xaloskor” — beshinchi jild

 

Beshinchi jilddan muallifning 2006 yili nashrdan chiqqan “Hayo — xaloskor” kitobi joy olgan. Bu asar, soha mutaxassislarining fikricha, to‘rt kitobdan iborat “Hayo — xaloskor”, “Mangu latofat”, “Parivashlar majlisi”, “Oltin qoziq” nomli mansuralar, esselar, nasriy dostonlar, adabiy suhbatlar ko‘pjildligining birinchisi sanaladi.

Kitob muallifning “Tarjimai hol chizgisi” nomli kirish so‘zi bilan boshlangani mantiqan asosli. Zero, istiqlol Ibrohim G‘afurovning hayot va ijod yo‘lidagi eng muhim yuksalish bosqichini boshlab berdi. Muallif ta’kidlaganidek, “Adabiyot bizning jamiyatimizda mustaqillik, erkinlik, millatning tiklanishi, qadriyatlarining kamol topib borishiga ko‘maklashadi. U millatning o‘z-o‘zini bilish, anglash va hissiy kamol topishida juda muhim vositadir”.

 

“Mangu latofat” — oltinchi jild

 

Oltinchi jildga muallifning 2008 yili chop etilgan “Mangu latofat” kitobi kiritilgan. Shuni ta’kidlash joizki, Ibrohim aka “mangu latofat” deganda, insoniylikning umurtqasi bo‘lgan hayo va axloqni nazarda tutadi.

Kitob “Millatning billurlanishi”, “Adiblar gulshani”, “Axloqni sog‘inish. Hayo — xaloskor” mavzusidagi uchta yirik qismdan iborat. O‘nlab mansura, esse, nasriy doston va adabiy suhbatlarda millatning tug‘ilishi, shakllanishi, milliy ongning uyg‘onishiga doir kuzatishlar aks etgan. Adibning ana shu samimiy qalb izhorlari, shubhasiz, kitobxonni fikr va faoliyat dunyolariga oshno etadi.

 

“Parivashlar majlisi” — yettinchi jild

 

Ibrohim akaning ayni nomdagi kitobi dastlab 2013 yili nashrdan chiqqan. U ikki qismdan iborat: “Parivashlar majlisi” nomli birinchi qism mansuralardan iborat bo‘lsa, “Yor aksi” nomli ikkinchi qism badialardan tashkil topgan bo‘lib, ularda o‘zbek va jahon adabiyot namoyandalari haqida so‘z boradi. Ushbu kitobni Ibrohim G‘afurov betakror uslubi va tafakkur mavjining o‘ziga xos ilmiy-badiiy ko‘zgusi, deyish mumkin. Shu ma’noda, yettinchi jildni “Parivashlar majlisi” nomli kitob tashkil etgani bejiz emas.

 

“Oltin qoziq” — sakkizinchi jild

 

Sakkizinchi jild muallifning 2013 yili chop etilgan “Oltin qoziq” nomli kitobidan iborat. Unda fikrga to‘yingan mansuralar, esselar, hayot, adabiyot, kitob hamda kitobxonlik borasidagi adabiy o‘ylar, suhbatlar, o‘zbek she’riyati, nasri, jahon adabiyotiga doir adabiy maqolalar o‘z mujassamini topgan.

Ustoz Ibrohim aka “iqraa-a” ilohiy payg‘omi asosidagi “o‘qi” so‘zini koinotda insoniyatga yo‘l ko‘rsatib turguvchi “Oltin qoziq”, ya’ni Qutb yulduziga o‘xshatadi. Shu nuqtai nazardan, muallif o‘z kitobxonlariga: “to‘g‘ri yo‘l tabiatdan, tabiatning Oltin qozig‘idan chiqadi. Avvalo, odamlar, fikrimizni to‘g‘rilab olaylik, Iste’dodlar sohalarga aylansin, har bir odam bir foydali ixtisos egasi bo‘lsin, odamzotga foyda yetkazsin”, deya xitob qiladi.

 

Kutilajak yana 12 ta jildning xushxabari

 

Sakkiz jildlik to‘plamning birinchi jildidagi so‘zboshidan ustoz qalamiga mansub yana 12 jild nashrga tayyorlanayotgani xabarini o‘qib, nihoyatda mamnun bo‘ldim. Ma’lum qilishlaricha, Ibrohim aka asarlarining 9-jildi tarjima tanqidiga oid 2008 yili chiqqan “Tarjima — aql va yurak mehnati” risolasi va 2017 yili nashr etilgan “Ayyub nidosi” nomli tarjima asaridan iborat bo‘ladi.

Shuningdek, 10-20-jildlarga Ibrohim G‘afurov tarjima asarlari hisobidan tartib beriladi. Bu o‘rinda, albatta, mohir tarjimonimizning eng qadimgi davrdan to XX asr oxirigacha yaratilgan jahon adabiyoti eng sara namunalaridan qilgan tarjimalari haqida so‘z bormoqda.

Tarjima — ma’rifat qo‘ng‘irog‘i, deydilar. Rostdan ham, tarjimaning ma’rifat tarqatish borasidagi ahamiyati beqiyosdir. Tarjima, avvalo, turli tilda so‘zlashuvchi xalqlarni yaqinlashtirishga, bir-biridan o‘rganishga, ularning do‘stligi va hamkorligiga xizmat qiladi.

Ibrohim G‘afurov jahon adabiyotining nodir asarlari — E.Xemingueyning “Chol va dengiz” qissasi hamda “Alvido, qurol” romanini, G.Markesning “Buzrukning kuzi”, J.Joysning “Uliss”, Nozim Hikmatning “Surur” romanlarini o‘zbek tiliga o‘girganini alohida qayd etish lozim. Shuningdek, Chingiz Aytmatov qalamiga mansub “Qiyomat” (“Kunda”), “Qulayotgan tog‘lar” romanlari va “Chingizxonning oq buluti” qissasi Ibrohim akaning tarjimasida milliy adabiyotimiz xazinasidan joy oldi.

Olim “Panchatantra” nomli besh dostondan iborat hind eposi va Konfutsiy hikmatlarini, F.Nitshening “Zardo‘sht tavallosi” nasriy dostonini, Sartr, Folkner, Edgar Po, V.Rasputin, A.Soljenitsin kabi jahon adabiyoti namoyandalari qalamiga mansub qissa va hikoyalarni ham maroq bilan ona tilimizga o‘girib, o‘zbek kitobxonlariga tuhfa etdi.

Olis tarix shundan dalolat beradiki, Sharq xalqlari adabiyotida badiiy mahorat darajasining yuksakligi, odatda, ijodkorning xamsachilik, ya’ni “Xamsa” yozish bilan bog‘liq dostonnavislik an’anasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi asosida baholangan. G‘arbda, xususan, nasroniylik dunyosida esa yozuvchi ijodining zabardastligini belgilashda “Besh buyuk kitob” (“Bibliya”ning dastlabki beshta kitobi misolida) tamoyilidan kelib chiqiladi.

Shu ma’noda, Fyodor Dostoyevskiy “Besh buyuk kitob” — “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Qimorboz” (boshqa ro‘yxatlarda — “O‘smir”), “Iblislar” va “Aka-uka Karamazovlar” romanlarini yaratgan iqtidorli muallif sifatida nafaqat rus adabiyoti, balki jahon adabiyotida o‘z yuksak o‘rni hamda mavqeiga ega yozuvchi hisoblanadi.

F.Dostoyevskiyning “Besh buyuk kitob” turkumiga kirgan mashhur romanlarining barchasi birinchi bo‘lib nemis tiliga o‘girilib, keyin Yevropaning boshqa tillariga tarjima qilingan. Ammo bu turkum Vilgelm Volfson yoki boshqa nemis tarjimonlari tomonidan ham haligacha to‘liq tarjima qilinmagan.

Bu yuksak marrani birinchi bo‘lib zabt etish fransuz tarjimoni Andre Markovichga nasib etgan. A.Markovich o‘n yildan ko‘proq vaqt oralig‘ida — 1991-2002 yillarda Dostoevskiyning “Besh buyuk kitob” turkumiga kirgan mashhur romanlarini fransuz tiliga to‘liq tarjima qilgan.

O‘zbekiston vakili — Ibrohim G‘afurov Fyodor Dostoyevskiy qalamiga mansub “Besh buyuk kitob” tarkibiga kirgan romanlarning barchasini to‘liq tarjima qilishga musharraf bo‘lgan dunyodagi ikkinchi solih tarjimondir.

Shu bilan birga, Ibrohim aka nafaqat mashhur adabiyotshunos, publitsist va tarjimon, balki yetuk va zukko tarjimashunos hamdir. Olimning 2008 yilda “Tarjimonlik mutaxassisligiga kirish” o‘quv qo‘llanmasi va 2012 yilda hammualliflikda “Tarjima nazariyasi” darsligi nashr etilgan. Bu asarlar mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining tarjimonlik fakultetlari talabalariga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘quv jarayonida qo‘l kelayotgani tahsinga loyiq.

Muxtasar aytganda, Ibrohim G‘afurov asarlarining qo‘limizga yetib kelgan sakkiz jildi ham, barcha adabiyotsevar muxlislar endi intiqlik bilan kutadigan yana 12 ta jild ham o‘zbek adabiyoti, jahon adabiyoti, tarjima san’atiga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasi uchun behad ardoqli ma’naviy-ma’rifiy tuhfadir. Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, Ibrohim aka “o‘z huzur-halovatidan kechib, bir umr odamlarga ilmu ziyo, ma’rifat ulashib kelayotgan hassos so‘z san’atkoridir”.

 

Akmal SAIDOV,

akademik

«Xalq so‘zi» gazetasining 2023 yil 12 sentyabr kungi 190 (8533)-soni

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech