O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda “Winrok international” xalqaro notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda “Odam savdosiga qarshi kurashda notijorat tashkilotlarning roli va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari xodimlari, odam savdosi va majburiy mehnatning oldini olish bilan shug‘ullanadigan notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Qayd etildiki, hudud va chegara bilmaydigan odam savdosi jinoyatlarining har biri jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘diradi. Shu maqsadda 2013 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 30 iyul– Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan. BMT va Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot mutaxassislarining tahliliy xulosalariga ko‘ra, undan jabr ko‘rganlar soni bir necha millionlarni tashkil etadi.
Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning asosiy qismini ayollar va bolalar tashkil qilmoqda.
Xususan, “Mehr” operatsiyalari doirasida yurtimizga olib kelingan xotin-qizlar va bolalar salomatligini tiklashda, ularga psixologik ko‘mak berishda, qolaversa, odam savdosidan va majburiy mehnatdan jabrlangan fuqarolarni vatanga qaytarishda, ularni reabilitatsiya qilishda, kasbga yo‘naltirib, bandligini ta’minlashda ham notijorat tashkilotlar bevosita ishtirok etib kelmoqda.
Tadbirda shuningdek, notijorat tashkilotlarning mazkur sohadagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, odam savdosi va majburiy mehnatni oldini olish faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari uchun Oliy Majlis huzuridagi notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatlarining boshqa institutlarini qo‘llab-quvatlash jamoat fondi orqali beriladigan grant tanlovlarda ishtirok etish tartib taomillari ham tushuntirildi. Qolaversa, odam savdosidan jabrlangan va jabrlangan deb taxmin kilinayotgan shaxslarni Reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanishi va ularni ish bilan ta’minlash masalalari ham ishtirokchilar tomonidan muhokama etildi.
Tadbir yakunida Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda odam savdosiga qarshi kurashish maqsadlarini ko‘zlovchi ijtimoiy loyihalarni ko‘paytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash, loyihalar orqali aholimizning huquqiy madaniyati va bilimini oshirish, odam savdosidan jabr ko‘rgan fuqarolar bilan ishlashda davlat tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash kabi o‘ndan ortiq masalalar yuzasidan maqsad va vazifalar belgilab olindi.
Batafsil:
M.Turdaliyeva, D.Yakubov, O‘zA
- Qo'shildi: 13.09.2023
- Ko'rishlar: 3507
- Chop etish