Inson huquqlari himoyasida davlat siyosati va xalqaro majburiyatlar: axborot xizmatlarining vazifalari nimalardan iborat?

Bugun AOKAda vazirlik, idora va tashkilotlar hamda hokimliklar axborot xizmatlari xodimlari, ommaviy axborot vositalari uchun “Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va mazkur sohada xalqaro majburiyatlarning bajarilishi masalalari” mavzusida o‘quv kurslari boshlandi.

O‘quv kursini Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochib berdi. Kirish so‘zi davomida inson huquqlarini himoya qilishda aholining huquqiy savodxonligini oshirish, bunda OAV va axborot xizmatlari imkoniyatlari kengligini alohida ta’kidlab o‘tdi. 

Shuningdek, o‘tgan yilda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasiga to‘laqonli muvofiq holda to‘ldirilgani, unda inson huquqlari himoyasi yuksak darajada mustahkamlanganini qayd etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan AOKA direktori A.Xodjayev inson huquqlari himoyasi global miqyosda dolzarb ekanligini, mamlakatda so‘z erkinligini, davlat organlarining ochiqligini ta’minlash, fuqrolarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson huquqlarini ta’minlash maqsad qilinganligini e’tirof etdi.

➖Mamlakatimiz media-makonida axborot oqimi hajmi hamda tezligi oshishi ommaviy axborot vositalari hamda davlat organlari axborot xizmatlarining mas’uliyati ham muvofiq ravishda ortishini talab etadi. Feyk xabarlar, manipulyasiya va dezinformatsiya faktlari ko‘payib borayotgan sharoitda soha xodimlari nafaqat operativ ishlashi, balki inson huquqlariga oid qonunchilikka rioya qilishi, xususan, shaxs va uning qadr-qimmati bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan professional darajada ishlashi zarur, dedi A.Xodjayev so‘zi davomida.

O‘quv kursi davomida mutaxassis va ekspertlar tomonidan inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishda ommaviy axborot vositalarining roli, bunda so‘z erkinligining muhim indikator sifatida xizmat qilishi, shuningdek, bolalar, nogironlar himoyasi, shu o‘rinda parlament va hukumatning roli, bu boradagi xalqaro majburiyatlar yuzasidan ma’ruza qilishdi.

Tadbirda matbuot kotiblari inson huquqlari himoyasini ta’minlash, shu asnoda faoliyat yuritayotgan tashkilot nufuzini ham muhofaza qilishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar, mezonlar va prinsiplar hamda boshqa sohaga oid savollarga javob olishdi.

O‘quv seminari ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.

Powered by GSpeech