Bolalar ombudsmani voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyat ishlarida prokuraturaga protest bildirishi mumkin

So‘nggi paytlarda bolalar va voyaga yetmaganlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari sodir bo‘layotgani haqida ko‘p eshitib qolyapmiz. Bu esa bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirishni taqozo etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida dastlab bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.  

— Bugungi kunda milliy qonunchiligimizda bola huquqlari bilan bog‘liq bo‘lgan qonun hujjatlari soni 40 dan, qonunosti hujjatlari soni 500 dan ortiqni tashkil etadi. Ushbu qonun loyihasi bilan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari hamda bola huquqini himoya qilish borasida boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlari ko‘zda tutilmoqda, — dedi quyi palataning Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Shuhrat Bafayev. — Bolalar ombudsmanini saylash tartibi joriy etilyapti. Ya’ni, Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan deputat va senatorlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan 5 yil muddatga saylanadi. Ushbu lavozimga nomzod Oliy Majlis palatalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritiladi.    

Bundan tashqari, Bolalar ombudsmani ma’ruzasi Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi, bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida sud jarayonlarida ishtirok etishi, voyaga yetmagan shaxs ishtirok etgan jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish va ulardan ko‘chirma nusxalar olishi, hukm bilan tanishib, voyaga yetmagan shaxs manfaatlarini ko‘zlab, prokuraturaga hukm ustidan protest bildirish haqida murojaat qilishi nazarda tutilmoqda. 

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bolaning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida Bolalar ombudsmanining ishtirokini kengaytiradi. Uning davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi kuchayadi. Bolaning shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy huquqlari ta’minlanishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga ko‘maklashadi, — dedi ma’ruzachi.    

Muhokamalar davomida deputatlar ushbu qonun loyihasining ahamiyati borasida fikr-mulohazalarini bildirib, ayrim takliflarni o‘rtaga tashladi.    

— Qonunchilik palatamizda voyaga yetmaganlar huquqlariga oid qonun loyihalarini ko‘rib chiqishda Bolalar ombudsmanidan ham xulosa olish vaqti kelmadimi? — deya savol berdi deputat Muxtabar Husanova.  

— Odatda inson huquqlariga oid qonun loyihalari bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning xulosasi olinadi. Ushbu loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida ushbu taklifni ham o‘ylab ko‘ramiz. — dedi Sh.Bafayev.  

Majlisda deputatlar qonun loyihasi bo‘yicha o‘rinli savol va takliflarni o‘rtaga tashlab, uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida yanada takomillashtirishga kelishib oldilar va birinchi o‘qishda qabul qildilar.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA

Powered by GSpeech