NNT Milliy forumi inson huquqlarini ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi

25 oktyabr kuni Toshkent shahrida “Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashda nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlarining hamkorligi” mavzusida nodavlat notijorat tashkilotlarining Milliy forumi bo‘lib o‘tdi. Unda milliy va xorijiy ekspertlar, sohaga aloqador vazirlik va idoralar hamda hududlardagi O‘zNNTMA bo‘linmalari xodimlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Anjuman O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA) va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi.

Qayd etish joizki, 2022 yilda ilk marotaba inson huquqlari sohasida qabul qilingan hujjatlar va ularning ijrosi, eng asosiysi, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari uchun soha doirasida fikr almashadigan konstruktiv muloqot maydonini yaratish maqsadida ayni mavzuda nodavlat notijorat tashkilotlarining Milliy forumi o‘tkazildi. Unda ko‘tarilgan mavzular  dolzarbligi, mamlakat rivoji yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishini inobatga olib, ushbu Forumni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazish uchun o‘ziga xos zamin yaratildi.

Shuni inobatga olib, joriy yilda ham Forum doirasida yaratilgan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi umumiy muloqot platformasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi hamda 2021 — 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini ta’minlash hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalarini muhokama qilish, ular bo‘yicha mamlakatimiz fuqarolariga xizmat qiladigan taklif va qarorlar qabul qilish uchun soha vakillari yana jam bo‘ldi.

Forum ishtirokchilarining e’tirof etishicha, O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilindi. Uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning jami 78 bandidan 62 band bo‘yicha ishlar bajarilgan, 16 bandni amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Birgina 2022 yilning o‘zida Milliy strategiya doirasida yangi Mehnat kodeksi qabul qilinib, mehnatga oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish asoslari insonning mehnat huquqlariga oid xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirildi.

Shuningdek, 2022—2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur tasdiqlandi. Uning mantiqiy davomi sifatida davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan istiqbolli xotin-qizlarning yagona elektron bazasi yaratilib, unda rahbarlikka nomzod 25 mingdan ortiq xotin-qizning zaxira ro‘yxati shakllantirildi.

Qolaversa, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashish Milliy dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2022 yilda 12 ming 146 nafar imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligiga ko‘maklashish belgilanib, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya berilishi mustahkamlandi.

Eng asosiy e’tirof etish zarur bo‘lgan yutuq – mamlakatda bolalar mehnatiga batamom barham berildi. Majburiy mehnatga jalb qilish holatlari keskin qisqardi, odam savdosi qurbonlari uchun boshpana tashkil qilishga mablag‘ ajratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

2022 yil 4 oktyabrda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 51-sessiyasida O‘zbekiston tashabbusi bilan “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyusiyasi qabul qilindi. Unda yoshlarning o‘z mamlakatlari rivojlanishidagi ishtirokini kengaytirish, yoshlarni virtual olamdagi tahdidlardan himoya qilish, yoshlar uchun inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish, yoshlarning o‘z hayot tarziga ta’sir o‘tkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar ifodalandi.

Bularning natijasida 2021-2022 yillarda qonun ustuvorligi, norma ijodkorligi sifati, hukumat faoliyati samaradorligi, so‘z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash, biznesni olib borish shart-sharoitlari kabi reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha muayyan yutuqlarga erishildi. Jami 24 ta reytingdan 15 tasida O‘zbekistonning o‘rni yaxshilandi, 3 ta reytingda davlatimiz ilk marotaba e’tirof etildi.

Forum yalpi majlisida qayd etildiki, joriy yilda “Inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarning, ayniqsa, inson huquqlarini yanada mustahkamlash borasida mamlakatda olib borilayotgan siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi va mustahkam huquqiy asos yaratildi.

Qolaversa, 2021 yil 7 iyunda O‘zbekistonda qonun ijodkorligida ilk bor noyob tajriba qo‘llanildi. Ya’ni, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilindi. Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy usullar va xalqaro standartlarni joriy etish, Konvensiyaning asosiy qoidalarini amalga oshirish, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyilini amalga oshirishga yanada kengroq imkoniyatlarni yaratib berdi.

Amalga oshirilgan ishlar sarhisobi sifatida joriy yil 28 iyul kuni BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining birinchi milliy ma’ruzasi taqdim etildi. 

Mazkur islohotlar davomiyligini ta’minlash maqsadida forum yalpi msajlisida so‘z olganlar inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda davlat organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligida erishilgan natijalar va rivojlanish istiqbollari hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining sohaga oid tashabbuslari va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalarida o‘zaro fikr almashdilar. 

Forumda ko‘tarilgan masalalar muhokamasi ikki sho‘bada davom etdi. Unda o‘nga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlari vakillarining sohaga oid nutqlari tinglandi.

Xususan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishida parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va rolini oshirish, bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlashda inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlar va nodavlat notijorat tashkilotlarining ahamiyati, nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay muhit yaratish va ijtimoiy integratsiyani amalga oshirishda NNTlarning rolini kuchaytirish, OAVning huquq va erkinligini ta’minlash, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning lozim darajada bajarilishida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini mustahkamlash masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarining bajarilishi ustidan jamoatchilik monitoringini o‘tkazishda nodavlat notijorat tashkilotlarining faolligini oshirish, insonning shaxsiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy, ekologik huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda jamoatchilik nazoratining o‘rni hamda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish amaliyoti va mavjud kamchiliklar ham Forum ishtirokchilari tomonidan qizg‘in muhokama etilib, qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shu bilan birga, sho‘ba majlislarida davlat organlari va fuqarolik jamiyatlari institutlarining xotin-qizlar huquqlari va erkinliklarini ta’minlashdagi hamkorligini mustahkamlash va Yangi O‘zbekistonda yoshlar bilan ishlash tizimida volontyorlik asosida ta’lim, huquq, tarbiya va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha ham soha vakillarining ma’ruzalari tinglandi.

Forum davomida qilingan xulosa va takliflar jamlanib, Milliy forumning yakuniy natijasi bo‘yicha hujjat qabul qilindi. Unda qonunchilik tashabbusi sub’ektlari tomonidan tayyorlangan inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlariga daxldor bo‘lgan qonun loyihalarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga, aholining ijtimoiy ehtiyojlari va talablariga muvofiqligini tanqidiy tahlil qilishni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirokini rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, BMTning inson huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyalarining mazmun-mohiyati va inson huquqlarining turli jihatlariga oid yangi qabul qilingan qonunlar va boshqa huquqiy hujjatlarni amalga oshirish tartibini, buzilgan huquqlarni tiklash usullarini fuqarolar, ayniqsa, chekka hudud aholisiga tushuntirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining bevosita ishtirokini kengaytirish kabi o‘ndan ortiq masala yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech