31 oktyabr – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tuzilgan kun
Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga ko‘maklashish, pirovardida inson qadri tamoyillarining himoyasini ta’minlaydi. Buning uchun, albatta, aholining inson huquqlari madaniyati va savodxonligini oshirish muhim o‘rin tutadi.
Ayni yo‘nalishdagi faoliyatni amalga oshirish uchun esa 1996 yil 31 oktyabrda “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazini tuzish to‘g‘risida” farmonga asosan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etildi.
Natijada O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi ta’minlab kelinmoqda.
Markaz shuningdek, milliy ma’ruzalar tayyorlanishi, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organi hisoblanadi.
Shu bilan birga, o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Markaz vazifasi doirasida har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida axborot taqdim etib boradi. Davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish masalalari bo‘yicha ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalariga, qamoqda saqlash joylariga va maxsus qabulxonalarga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash maqsadida Milliy preventiv mexanizm ishtirokchisi sifatida monitoring tashriflarini amalga oshiradi.
Markaz noshirlik faoliyatini ham olib borib, «Demokratlashtirish va inson huquqlari» ilmiy-davriy nashrini hamda inson huquqlari bo‘yicha boshqa bosma mahsulotlarni chop etib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasida “Har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart”, deya mustahkamlab qo‘yilgan.
Milliy markazning qo‘shimcha vazifalari…
Bugungi kungacha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ana shu konstitutsiyaviy talablar doirasida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimida izchil faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil topganiga roppa-rosa 27 yil to‘ldi, – dedi Milliy markaz direktorining matbuot kotibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo. – O‘tgan davrda Hukumatning bir necha qarori bilan Milliy markaz faoliyatining muayyan sohalari izchil rivojlantirib borildi. Albatta, Milliy markazning tashkil etilishi va shakllantirilishida BMTning Inson huquqlari va boshqaruv tizimini demokratlashtirishni qo‘llab-quvvatlash dasturi muhim ahamiyat kasb etgan.
O‘z navbatida, 2018 yil 10 dekabrda – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi nishonlangan kunda davlatimiz rahbari “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qaror inson huquqlariga doir ma’ruzalarni tayyorlash bo‘yicha milliy mexanizmlarni mustahkamlash hamda kelgusida ularning faoliyatini amalga oshirish borasida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining chaqirig‘iga munosib javob bo‘ldi.
Eng muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrdagi qaroriga muvofiq, Milliy markazning maqomi tubdan oshirildi, vakolat va faoliyat ko‘lami yanada kengaytirildi. Milliy markaz Nizomi va shtatlar jadvali qayta tasdiqlandi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, 2022 yil 25 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Milliy markaz tarkibida Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” tashkil etildi.
Milliy markazga qo‘shimcha asosiy vazifalar ham yuklatildi. Bu o‘rinda, jumladan, inson huquqlari sohasida ilmiy-huquqiy bazani tizimlashtirish, inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xronologiyasini yuritish, fuqarolar va ilmiy tadqiqotchilarga inson huquqlari bo‘yicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratish haqida so‘z bormoqda.
Bugungi kunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organidir. Milliy markaz o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA
- Qo'shildi: 31.10.2023
- Ko'rishlar: 3958
- Chop etish