BMTning Universal davriy sharhi doirasida inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning Jenevada  navbatdagi hisoboti taqdim etildi

6-17-noyabr kunlari Jenevada BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Universal davriy sharhi (UDSH) bo'yicha ishchi guruhining 44-sessiyasi bo'lib o'tmoqda, deb xabar qilayapti «Dunyo» AA muxbiri.

Universal davriy sharh 2006-yil 5-martda yaratilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyutsiyasi Inson huquqlari bo'yicha kengashining (IHK) mexanizmi bo'lib, uning doirasida BMTga a’zo barcha 193 davlatda inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni ekspert baholash amalga oshiriladi. 2008-yil aprel oyida bo'lib o'tgan birinchi yig'ilishdan beri BMTga a’zo 193 davlatning barchasi uch marta ko'rib chiqildi.

O'zbekiston 2023-yil 8-noyabrda o'zining to'rtinchi hisobotini taqdim etdi. 44-sessiyada O'zbekiston bilan bir qatorda 13 davlat: Ozarbayjon, Bangladesh, Burkina-Faso, Kabo-Verde, Kamerun, Kanada, Kolumbiya, Kuba, Jibuti, Germaniya, Rossiya, Turkmaniston va Tuvaluning ma’ruzalari ko'rib chiqildi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston hisobotlari UDSHning birinchi, ikkinchi va uchinchi sharhlarida mos ravishda 2008-yil dekabr, 2013-yil aprel va 2018-yil may oylarida ko'rib chiqilgan.

UDSHning navbatdagi sessiyasida ishtirok etgan O'zbekiston delegatsiyasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov boshchilik qildi. Delegatsiya tarkibiga, shuningdek, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar masalalari va gender tengligi qo'mitasi a’zosi Gulnora Marufova, Oliy sud raisi o'rinbosari Ikrom Muslimov, ichki ishlar vaziri o'rinbosari Yahyojon Abdulxaqov, sog'liqni saqlash vaziri o'rinbosari Elmira Bositxonova, shuningdek, TIV va O'zbekistonning BMTning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi vakillari kiritildi.

Tadbir davomida xalqaro hamjamiyat e’tiboriga O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish borasida amalga oshirilayotgan salmoqli sa’yi-harakatlar, jumladan, qonunchilik, ma’muriy va sud-huquq tizimidagi islohotlar xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etildi.

O'zbekiston hisoboti bo'yicha yig'ilishda 84 davlat so'zga chiqdi va 244 ta tavsiya berildi.

BMTga a’zo davlatlar O'zbekiston hukumatiga UDSH bo'yicha ishchi guruhi yig'ilishiga jiddiy tayyorgarlik ko'rgani, batafsil milliy ma’ruza, inson huquqlari masalalarining ayrim jihatlari bo'yicha qo'shimcha ma’lumotlar va BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi bilan muloqotga yuborilgan yuqori darajadagi delegatsiya uchun minnatdorlik bildirdi.

So'zga chiqqan delegatsiyalarning aksariyati O'zbekiston tomonidan 2013 va 2018-yillardagi oldingi UDSH davrlarida qabul qilingan tavsiyalarni amalga oshirish hamda IHK bilan ochiq va konstruktiv muloqotni rivojlantirish bo'yicha ko'rilgan choralarni yuqori baholadi.

O'zbekistondagi asosiy erkinliklar va inson huquqlari kafolatlangan konstitutsiyaviy islohot qator davlatlar vakillari tomonidan olqishlandi. Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va «O'zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan vazifalar mamlakatimizning inson huquqlarini ilgari surish va ta’minlash, bu boradagi xalqaro majburiyatlarini bajarishga sodiqligini namoyon etayotgani alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, O'zbekistonning BMTning inson huquqlari bo'yicha tuzilmalari bilan hamkorligini yanada rivojlantirish va kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlari qo'llab-quvvatlandi. Bunga 2023-yil mart oyida BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Folker Tyurkning O'zbekistonga tashrifi yorqin misol bo'la oladi. O'zbekistonning UDSH, BMT shartnoma organlari va IHKning maxsus tartiblari bo'yicha Ishchi guruhi tavsiyalarini amalga oshirish bo'yicha milliy harakatlar rejalari va dasturlari strategiyalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish tajribasi alohida e’tiborga loyiq deb topildi.

IHKga a’zo mamlakatlar, shuningdek, O'zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish, ayniqsa, paxta terimi, odam savdosiga qarshi kurash borasidagi yutuqlarini ham ijobiy baholadi.

Bundan tashqari, so'z va OAV erkinligini ta’minlash, bolalar huquqlarini himoya qilish, onalar va bolalar o'limini kamaytirish, inson huquqlari bo'yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish, ayollar huquqlari va gender tengligini ta’minlash, ayollarga nisbatan zo'ravonlikning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurash, huquqbuzarliklarga qarshi kurash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarning samarali natijalari e’tirof etildi.

Ko'plab delegatsiyalar O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, tadbirkorlar imkoniyatlarini kengaytirish va ularning huquqlarini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini, jumladan, Biznes-ombudsman instituti orqali aholi farovonligini oshirish, qishloq va shaharlar o'rtasidagi tafovutni qisqartirish, ta’lim va sog'liqni saqlash sohalarini har tomonlama qamrab olishga qaratilgan ishlarni ijobiy baholadi.

Sessiya ishtirokchilari O'zbekiston hukumatining imkoniyati cheklangan fuqarolar huquqlarini ta’minlash va ularga zarur sharoitlarni kengaytirishga qaratayotgan e’tiborini hamda «Nogironlar huquqlari to'g'risida»gi Konvensiyaning ratifikatsiya qilinganini olqishladilar.

Ta’kidlash joizki, UDSH platformasi jahon hamjamiyatiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, inson huquqlari masalalariga ixtisoslashgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini inobatga olgan holda xolis ma’lumotlarni yetkazishning noyob imkoniyatidir.

IHKga a’zo davlatlar va UDSH sessiyasining barcha ishtirokchilariga  «O'zbekiston: inson huquqlari sohasidagi taraqqiyot» ma’ruzasi, Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, «O'zbekiston–2030» strategiyasi risolalari va boshqa materiallar tarqatildi.

2023-yil 10-noyabr kuni O'zbekistonning UDSH bo'yicha to'rtinchi ma’ruzasini eshitish yakunlari yuzasidan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

«Dunyo» AA

«Xalq so‘zi» gazetasining 2023 yil 14 noyabr kungi 241 (8584)-soni

Powered by GSpeech