«Konstitutsiya – xalqchil davlat,
barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»
So‘nggi yillarda dunyoda koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, keskin raqobat, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar tufayli yuzaga kelgan g‘oyat og‘ir va murakkab vaziyatda xalqimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida muhim natijalarga erishmoqda. Bunda dastlab Harakatlar strategiyasi, endilikda Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi dasturilamal bo‘lmoqda.
El-yurtimizning Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida erishayotgan ushbu yutuqlari xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda. Eng asosiysi, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarib, ular islohotlar samarasini kundalik hayotida tobora teran his qilib yashamoqdalar.
Sanoqli kunlardan so‘ng mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘ttiz bir yilligini keng bayram qilamiz. Ushbu qutlug‘ bayram Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi tantanalari bilan uyg‘unlikda nishonlanayotgani bejiz emas.
Har ikki hujjatda – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ham, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham inson qadri birdek ulug‘lanadi. Inson qadri degani, sodda qilib aytganda, insonni ulug‘lash va insonlar o‘rtasidagi o‘zaro mehr-muhabbatni qadrlash deganidir.
“Inson qadri” tushunchasi – insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari har tomonlama ta’minlanishini ham o‘zida qamraydi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 1-moddasida qayd etilganidek, “Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar”.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”.
Ayniqsa, 2023 yil 30 apreldagi umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga oid normalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining bu boradagi qoidalari bilan yanada uyg‘unlashtirilgani e’tibor va e’tirofga sazovor. Ayni fikrimizni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 15-moddasidagi: “Har bir insonning fuqaro bo‘lish huquqi bor”, degan birgina norma tahlili misolida ko‘rib chiqaylik.
Bugungi kunda fuqarolikka ega emaslik yoki muayyan shaxsning qaysidir mamlakat fuqarosi sifatida tan olinmasligi vaziyatini butun dunyoda millionlab insonlar o‘z boshidan kechirmoqda. Fuqarolikka ega emas va zarur hujjatlarsiz shaxslar asosiy huquqlari, jumladan, ta’lim olish, rasman ishga joylashish, tibbiy xizmat yoki nikohini rasmiylashtirish huquqlaridan ko‘pincha foydalana olmaydilar.
Shaxsning fuqarolikka egaligi jamiyat hayotiga to‘laqonli ishtirok etish, xususan, siyosiy huquqlarini amalga oshirish, saylovda ishtirok etish, mulk huquqidan foydalanish, mehnat, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi huquqlarini qonuniy asosda keng ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kafolatlaydi. Fuqarolik, shuningdek, insonning mamlakat hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, mamlakatga kelish va undan chiqib ketish kabi boshqa bir qator huquqlarini ham ta’minlaydi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar tufayli mamlakatimizda fuqarosizlikka barham berish borasidagi vaziyat keyingi yetti yilda tubdan o‘zgardi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish bilan bog‘liq chaqirig‘iga javoban birgina 2021 yilning o‘zida 56 ming 751 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘ldi.
Ma’lumki, 2023 yil birinchi yarmidagi holatga ko‘ra, O‘zbekistonda 25 ming 413 nafar fuqarolikka ega emas shaxs yashaydi. Bu – Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida eng katta ko‘rsatkich bo‘lib, ayni shaxslarning aksariyati sobiq Sovet ittifoqining sobiq fuqarolari va ularning avlodlari hisoblanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bu borada 2020 yildan buyon BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bunda Universal davriy hisobotning fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish va tugatish hamda qochoqlarni himoya qilishga taalluqli tavsiyalarini bajarishda O‘zbekistonning mavjud salohiyatini rag‘batlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Keyingi davrda yangilangan "O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, mamlakatimizda kamida 15 yil davomida yashab turgan va doimiy yashash joyida ro‘yxatdan o‘tgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik berilishining yangi tartibi o‘rnatildi.
Bundan tashqari, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining 2024 yilgacha fuqarosizlikka barham berish bo‘yicha Global harakatlar rejasiga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilish holatlarini yalpi ro‘yxatga olishni ta’minlash maqsadida chaqaloqlarni, shu jumladan, hujjatlari mavjud bo‘lmagan ota-onalardan tug‘ilgan bolalarni rasmiylashtirish amaliyotiga o‘zgarishlar kiritilgan.
Fuqarolik va fuqarosizlik bo‘yicha modul hamda mazkur modul asosida o‘qituvchilarga ta’lim berish dasturi ishlab chiqildi. Markaziy Osiyoda fuqarosizlikni kamaytirish va tugatish masalalariga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlar tashkil etildi. BMTning 1954 yilgi Apatridlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiyasi va 1961 yilgi Fuqarosizlikni qisqartirish to‘g‘risidagi konvensiyasi hamda Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni himoya qilish bo‘yicha Rahbariy qoidalar o‘zbek tiliga tarjima qilindi va nashr etildi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 13-moddasida har bir inson har bir davlat doirasida bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chish va o‘ziga yashash joyini tanlash, istalgan mamlakatni, shu jumladan, o‘z mamlakatini tark etish va o‘z mamlakatiga qaytish huquqiga ega ekanligi qayd etilgan.
Yashash joyini tanlash erkinligi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 12-moddasida ko‘rsatilgan. Paktda qayd etilishicha, ushbu erkinlik qonunda nazarda tutilgan, davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligini yoki axloq-odobini yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan va Paktda e’tirof etilgan boshqa huquqlar bilan mos keladigan cheklovlardan boshqa hech qanday cheklovlarga duchor bo‘lmasligi kerak.
Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati va xalqimizning amaliy taklif-tavsiyalari negizida yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning 23-moddasi quyidagi yangi normalar hisobiga boyitildi:
«O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas.
Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi».
Mazkur konstitutsiyaviy normalarda, bir tomondan, O‘zbekiston davlati va xalqining mustaqilligi, suverenitetiga asosli ravishda urg‘u berilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yanada mustahkam kafolatlash nazarda tutilgan.
Muxtasar aytganda, yurtimizda istiqomat qiladigan har bir inson davlat rahbarining: “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi”, degan qat’iy irodasi va prinsipi hayotimizda nechog‘lik samarador tasdig‘ini topayotganiga amalda guvoh bo‘lmoqda.
Farida HAQBERDIYEVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi mas’ul xodimi
- Qo'shildi: 28.11.2023
- Ko'rishlar: 3873
- Chop etish