Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xotin-qizlarning huquqlari kafolatlangan

«Konstitutsiya – xalqchil davlat,

barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»

 

Bugungi kunda inson qadr-qimmati, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash g‘oyasi Yangi O‘zbekistondagi demokratik islohotlarning eng muhim harakatlantiruvchi kuchiga  aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, Asosiy Qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.

Mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilishiga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Binobarin, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 58-moddasida “Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq  hamda imkoniyatlarni ta’minlaydi”, deb belgilangan.

Bu, konstitutsiyaviy norma, O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, har bir ayolni oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi sifatida ko‘rishimizga imkoniyat beradi.

Ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish  hamda  gender tenglik  masalasi barcha davlatlarda muhim masalalardan biri bo‘lib kelgan. Zero, xotin-qizlarning jamiyat hayotining barcha sohalaridagi faol ishtiroki mamlakat barqarorligi va farovonligining kafolati hisoblanadi.

Bu borada BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish: “Qaerdaki siyosiy va ijtimoiy hayotda xotin-qizlar faol ishtirok etayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda iqtisodiyot o‘smoqda, barqarorlik mustahkamlanmoqda va fuqarolarning farovonligi yuksalmoqda” deb  ta’kidlagan. Ushbu so‘zlarning tasdig‘i sifatida dunyoning ayol rahbarlari – Litvani 10 yil davomida boshqargan Dalya Gribauskayte, Xorvatiyani 5 yil davomida boshqargan Kolinda Grabar-Kitarich, 16 yil davomida Germaniyaning Federal kansleri bo‘lgan Angela Merkel, 2017 yildan buyon Singapur prezidenti sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Halima Yoqub o‘z faoliyati davomida davlatning iqtisodiy o‘sishini ta’minlagani, kuchli ijtimoiy siyosat olib borgani, korrupsiyaga qarshi qurash ishiga bemisl hissa qo‘shganini misol keltirish mumkin.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda ham xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning erkaklar bilan teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu masala davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarda belgilangan inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlar, xususan, gender tenglik qoidalari aks etgan. Jumladan, Bosh qomusimizda O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega ekanligi, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi haqidagi normalar belgilanishi gender tenglikning konstitutsiyaviy huquqiy asosi kafolatlanganidan dalolat beradi.

O‘z navbatida, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishi bu sohadagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Ushbu qonun mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan yaxlit va asosiy qonun hujjati hisoblanib, unda ilk bor milliy qonunchiligimizda «gender» tushunchasiga ta’rif berildi.

E’tiborlisi, xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston Respublikasida Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, shuningdek, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etildi.

 Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish sohasidagi islohotlar o‘z natijalarini bermoqda. Xususan, 190 ta davlat parlamentlarini birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoq ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston parlamentida ayollar ishtiroki ko‘rsatkichi bo‘yicha   128-o‘rindan 45-o‘ringa ko‘tarildi. Bu esa AQSh, Kanada va Avstraliyadan yuqori, deganidir.

 Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foiz, partiyalarda – 48 foiz, oliy ta’limda– 49 foiz, tadbirkorlikda – 35 foizga yetdi.

 Sohada olib borilayotgan islohotlar xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz o‘rniga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida O‘zbekiston 2020 yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi va 5 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 134-o‘rinni egalladi.

 Albatta, amalga oshirilgan islohotlar natijasida parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘paygani, Oliy Majlis Senati raisi ayol kishi ekanligi, hatto tumanlarda ayol hokimlar faoliyat yuritayotgani nafaqat mintaqamizda, balki xalqaro miqyosda ham e’tiborga molikdir.

 Shu bilan birga, xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi ishtiroki hali ham past darajada, desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Davlat va jamiyat boshqaruviga oid dolzarb masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishda hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir ishlarga jalb qilishda xotin-qizlarning ishtiroki erkaklar bilan teng darajada ta’minlanmasdan, ular ko‘pincha chetda qolib ketmoqda.

Xotin-qizlarning davlat hokimiyati va boshqaruvidagi faoliyati to‘g‘risida jamiyatdagi salbiy qarashlar esa ularning siyosiy jarayonlarda o‘z g‘oyalarini ilgari surishiga to‘sqinlik qilmoqda. Aksariyat hollarda xotin-qizlarga iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lmagan va haq to‘lanmaydigan uy xo‘jaligi ishlari yuklatilmoqda.

 Jahon iqtisodiy forumi (The Global Gender Gap) o‘tkazgan tadqiqot natijalariga qaraganda, xotin-qizlar erkaklarga nisbatan bir yilda qariyb 35 kundan ko‘proq ishlar ekan. BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) tadqiqotlariga ko‘ra esa, qizlar o‘g‘il bolalarga nisbatan biror ishni bajarishda 35-36 foiz ko‘p vaqt sarflar ekan. Bu xulosalar hali ham dunyoda gender tenglikka erishilmayotganligini ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ularni har taraflama qo‘llab-quvvatlash hamda intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlarga qarmasdan, homilador va 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarning mehnat huquqlari buzilishi va ular o‘zlariga berilgan imtiyozlardan to‘liq foydalana olmayotganligi holatlari hali ham uchrab turibdi.

Shunday holatlarni bartaraf etish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 42-moddasida: “Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi”, deb belgilandi. Ushbu masalaga  davlatimiz rahbari e’tibor qaratar ekan, yangi avlodni dunyoga keltirayotgan, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan ayollarga azal-azaldan xalqimiz alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelganini ta’kidlagani bejiz emas.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 85-maqsadi doirasida ham ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 baravar kamaytirish, ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish va o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ishlari belgilangan. Taraqqiyot strategiyasining 69-maqsadi doirasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish borasida tizimli chora-tadbirlarni belgilash masalasi qo‘yilgan.

Lekin, shunga qaramay, jamiyatimiz hayotining u yoki bu sohasida ayollar huquqlari yashirin tarzda bo‘lsa ham cheklanayotgan holatlar ba’zan ko‘zga tashlanib qolmoqda. Ayniqsa,  homilador va yosh bolasi bor ayollarning mehnat huquqlarini amalga oshirishda to‘sqinliq qilish va ayrim hollarda qo‘pol ravishda buzilishi amaliyotda ko‘p uchraydi.

Bu kabi muammolarning asosiy sababi – ayni toifadagi xotin-qizlarga mehnat sohasida qonunchilik bilan ish beruvchilar hisobidan juda ko‘p imtiyoz va qulayliklarni yaratilganidadir. Jumladan, amaldagi mehnat qonunchiligida homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga quyidagi imtiyozlar berilgan;

 birinchidan, ularning homiladorligi yoki yosh bolasi borligini vaj qilib ishga qabul qilmaslik ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish, deb hisoblanadi. Mazkur qoida Xalqaro mehnat tashkilotining Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasida mustahkamlangan bo‘lib, O‘zbekiston mazkur xalqaro hujjatga qo‘shilgan. Konvensiyaning 6-moddasiga muvofiq, “Ayol ushbu Konvensiyaning qoidalariga muvofiq unga berilgan onalik ta’tili asosida ishda bo‘lmasa va shu paytda ish beruvchi tomonidan ushbu ayolni ishdan bo‘shatish to‘g‘risida buyruq qabul qilinsa yoki ushbu ayolning bunday ta’tili paytida muddati tugaydigan buyruq qabul qilinsa, bunday buyruq noqonuniy hisoblanadi”;

 ikkinchidan, ular bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilib, ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi;

 uchinchidan, umumiy qoidaga ko‘ra, yillik asosiy ta’til birinchi ish yili uchun olti oy ishlangandan keyin beriladi. Ish yili mehnat shartnomasiga binoan ish boshlangan kundan e’tiboran hisoblanadi. Ayollarga — yillik asosiy ta’til homiladorlik va tug‘ish ta’tili oldidan yoki undan keyin ularning xohishi bo‘yicha olti oy o‘tmasdan oldin beriladi;

to‘rtinchidan, qonunchilikda nafaqat homilador ayollar, balki ularning turmush o‘rtoqlariga ham ayrim imtiyozlar berilgan. Jumladan, ishlayotgan erkaklarga yillik ta’til ularning xohishlariga binoan xotinlarining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida beriladi;

beshinchidan, tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko‘rsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkaziladi. Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan xoli bo‘lgan ish berish masalasi hal etilgunga qadar, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim;

 oltinchidan, homilador ayollarni va o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi. Istisno tariqasida, homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yilishi mumkin;

 yettinchidan, ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi. Homiladorlik va tug‘ish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug‘ishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanilganidan qat’i nazar ayolga to‘liq beriladi;

 sakkizinchidan, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi. Ayolga, uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til ham beriladi. Bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi va lavozimi saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan olti yil, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi;

 to‘qqizinchidan, homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, korxonaning butunlay tugatilishi hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonunchilikda belgilangan tegishli ijtimoiy to‘lovlar bilan ta’minlagan holda amalga oshiradi.

 Shuningdek, agar ular bilan muddati tugaganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilinsa, ish beruvchi ularni ishga joylashtirishi shart. Ishga joylashtirish davrida bu ayollarning ish haqi saqlanib qoladi, biroq bu muhlat muddatli mehnat shartnomasi tugagan kundan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.

 Malakatimizda nobyudjet tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan homilador va 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga ham bir qator imtiyozlar berilmoqda.  Jumladan, O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil 7 martda qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon bilan 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab xususiy korxonalar va tashkilotlarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan byudjetdan tashqari tashkilotlarda ishlovchi ayollarning xomiladorlik va tug‘ish ta’tillari davlat byudjeti hisobidan to‘lanishi belgilangan.

 Shuningdek, byudjet va nobyudjet tashkilotlarda ishlovchi ayollarning huquqlari tenglashtirildi. Bu bilan o‘shandayoq yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga tegishli norma kiritish uchun nafaqat huquqiy, balki moliyaviy asos ham yaratilganini qayd etish lozim.

 Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda homiladorligi yoki yosh bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishini belgilangani, shubhasiz, ayollarning mehnat sohasidagi huquqlari kamsitilishini bartaraf etish, bu borada ham gender tenglikka erishishga qaratilgandir. Qolaversa, Asosiy Qonunimiz normalari xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish, ularning norasmiy mehnat munosabatlarini qonuniylashtirish jarayonlariga xizmat qiladi.

 

Kamila OLIMOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech