MUBORAKBOD

Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta bo‘ladi.

Shavkat  Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ortda qolgan yil mamlakatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayoti uchun muhim yangiliklar, voqea, hodisalarga boy bo‘ldi. Jumladan, 2023 yil  22 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot hamda san’at namoyandalari, shuningdek, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi vakillari, vazirlar va hokimlar ishtirok etdi. Anjumanda qilingan ishlarga yakun yasalib, galdagi vazifalar belgilandi. Jabhaning ko‘psonli zahmatkash  xodimlari:  ma’naviyat va madaniyat faollari, olimlar, muallimlar, adib va san’atkorlar mehnati munosib baholandi.

        Darhaqiqat, ular xalqimizning madaniyatini yuksaltirish, milliy istiqlol ma’naviyatini shakllantirish ishiga o‘z ijodlari bilan muhim hissa qo‘shmoqdalar. Mana bir misol. Kuni kecha qo‘limizga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, betakror she’rlari va tarjimalari  bilan tanilgan, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi G‘ulom Mirzoning yaqinda “Mashrab” nashriyoti tomonidan chop etilgan olti jildlik asarlar to‘plami qo‘limizga tushdi.  Shuni qayd etish kerakki, G‘ulom Mirzo (G‘ulom Mirzayev) 1964 yil 4 yanvarda Qashkadaryo viloyatining Qarshi tumaniga qarashli Xushvaqd qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Uning «Yaxshiyam siz borsiz», «Otamning bog‘i» va boshqa she’riy to‘plamlari, qator ijtimoiy-siyosiy mavzudagi kitob va risolalari  nashr etilgan.

G‘ulom Mirzoni tanisak, matbuotda e’lon qilinayotgan asarlarini o‘qib borsak-da, uning sermahsul va boshqalarga o‘xshamas yozuvchi va shoirligini yaxshi bilmas ekanmiz. Shuning uchun uning ohori to‘kilmagan kitoblarini olib, hayratlanib, quvondik.

G‘ulom Mirzoning mazkur kitoblari to‘g‘risida so‘z yuritishdan oldin, uning badiiy ijodi adabiyotshunos olimlar tomonidan hozircha yaxshi o‘rganilmagan, vaholanki buni vaqti yetdi, deb o‘ylashimizni aytmoqchimiz.

Olti jildlikning birinchi ikki kitobi (“Taayyun raqamlari” va “Oyparast dil”) da, asosan shoirning XX va XXI asrlarda yozilgan ko‘plab turli vaznlardagi she’rlari  joy olgan. She’rlarning tahlili bilan shug‘ullanmasdan (chunki bu haqda akademik Akmal Saidovning so‘zboshisida batafsil va ishonchli tarzda aytilgan) faqat ularning mavzu va vazn nuqtai nazardan rang-barang, mazmun jihatidan boy va purma’no  ekanligini  ta’kidlamoqchimiz. G‘ulom Mirzo she’rlarining aksariyatiga qisqalik, aniqlik va ravonlik xosdir. Ularning boshqa fazilatlari haqida so‘zboshida o‘rinli aytilgan.

G‘ulom Mirzo  asarlari to‘plamining “Ey, darvesh” nomli uchinchi kitobiga yozuvchi “Zulmni yenggan mazlumlar qissasi” deb izoh bergani bejiz emas. Nasrda bitilgan bu asarda adib sobiq sho‘rolar hukmronligi davrida soxta ravishda “xalq dushmani”ga  aylantrilgan oddiy insonlar – shoirning  bobosi va otasining ayanchli qismati to‘risida hikoya qilinadi. Haqiqiy hujjat va dalillar asosida yozilgan qissaning bosh qahramonlari zulmkorlarning hiylayu nayranglari va qiynoqlariga chidab, o‘z iymonlari, diniy e’tiqodlaridan kschmaganlari borasida yozadi. “Men, — degan edi iymon e’tiqodli Mirza bobo tribunaldagi so‘nggi so‘zida,  — doim shu el uchun diniy xizmatda bo‘ldim va hech kimga hech  qanday yomonligim tegmagan”. Yozuvchining bobosi va otasiga niisbatan adolatni tiklash uchun qilgan sa’y-harakatlarida unga ko‘mak bergan tashkilot hamda insonlar to‘g‘risida yozgan iliq satrlari ham diqqatga sazovordir. Ha, ushbu hujjatli qissa har jihatdan ibratli, katta tarbiyaviy ahamiyatga molik asar.

To‘plamaga kirgan to‘rtinchi va beshinchi jildlar G‘ulom Mirzoning tarjimonlik san’ati ham yuqoriligidan dalolat beradi. Kitobxon ular orqali G‘arbu Sharq va Lotin Amerikasi mamlakatlari adabiyoti namunalari bilan tanishadi, o‘zi uchun yangi yozuvchi va shoirlarni kashf etadi. Buning hozirgi zamonda yashab turgan adabiyotshunos olimlar, talabalar va, umuman, o‘qimishli, madaniyatli kishilar uchun naqadar muhim ahamiyatli ekanligini tushuntirish uchun zarurat yo‘q, deb o‘ylaymiz.

G‘ulom Mirzo o‘z asarlari to‘plamining oltinchi kitobini “Jondan aziz xotiralar” deb nomlagan. Bu bejiz emas. Unda yozuvchining zabardast ustozlari:   atoqli shoir, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov hamda adib va olim G‘aybulla As-Salom haqidagi xotiralari e’lon qilingan.  Ularning har ikkalasi ham adabiyotimiz va ilm- fanimizga ulkan hissa qo‘shgan,  ko‘plab yosh yozuvchi va olimlarga ustozlik qilgan insonlardir. Ularning asarlari va amaliy ishlari bilan yetarlicha tanish bo‘lmagan kitobxonlar mazkur xotiralarni o‘qigach, yuqoridagi fikrimiz to‘g‘riligiga ishonch hosil qiladilar.

Xullas, G‘ulom Mirzo, Yangi – 2024 yil, O‘zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan   “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilingan yil ostonasida va yaqinlashib qolgan oltmish yoshligi oldidan arzigulik sovg‘a hozirladi.

Uning tayyorlanishi va dunyo yuzini ko‘rishida mas’ul muharrirlik qilgan va sermazmun so‘zboshilar bilan qatnashgan akademik Akmal Saidovning xizmatlari kattaligini ta’kidlash joizdir.

Biz do‘stimiz G‘ulom Mirzoni ushbu sanalar va olti kitobdan iborat asarlari to‘plami bilan muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik hamda yangi ijodiy parvozlar tilaymiz.

Sobir Qurbonov,

tarix fanlari nomzodi, dotsent

Nosir Toirov,

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining a’zosi.

 nuz.uz

Powered by GSpeech