Yangi O'zbekiston adabiyoti: jo'shqin va hayotiy

So'nggi yillarda mamlakatimizda nashriyot-matbaa sohalari va kutubxonachilik faoliyatini rivojlantirish, kitobxonlikni rag'batlantirish hamda ijod ahlini har tomonlama qo'llab-quvvatlash borasida izchil choralar ko'rilmoqda. Shu ma'noda, davlatimiz rahbari raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni bo'lib o'tgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashi yig'ilishida 2024 yildan milliy hamda jahon adabiyotining eng sara namunalarini ko'p ming nusxalarda chop etish hamda barcha kutubxonalarga yetkazib berish lozimligi alohida ta'kidlangani bejiz emas.

Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir, tarjimon, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist G'ulom Mirzo shunday g'amxo'rlik va e'tibordan ruhlanib ijod qilayotgan serqirra qalamkashlar sirasiga kiradi. Yaqinda uning 6 jilddan iborat kitoblari turkumi nashrdan chiqdi.

Avvalo, mazkur olti jildlikning o'ziga xos ikkita xususiyatiga e'tibor qaratishni istardim.

Birinchidan,  G'ulom Mirzo ayni turkumga tartib berishda Alisher Navoiy hazratlarining “G'aroyib us-sig'ar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoe' ul-vasat”, “Favoyid ul-kibar” nomli to'rt qismdan tashkil top­gan “Xazoyin ul-maoniy” devonidan tortib, atoqli shoirimiz Erkin Vohidovning sakkiz jildlik (“Bahor tarovati”, “Yoz harorati”, “Kuz saxovati”, “Qish halovati”, “Qalb sadoqati”, “Erk saodati”, “Dil tubiga cho'kkan lahzalar” kitoblari va tarjimalaridan iborat) “To'la asarlar to'plami”ni nashr etish borasidagi ibratli tajribalarigacha atroflicha ijodiy o'rgangan.

Ikkinchidan, muallifning jurnalistika sohasidagi 30 yillik faoliyati davomida publitsis­tika yo'nalishida o'ndan ortiq kitobi nashr etildi. Ayniqsa, 2016 yilgi “Mustaqillikning zalvorli odimlari” nomli ikki jildligi va 2018 yilda nashr qilingan “Harakatlar strategiyasi – barqaror taraqqiyot sari” hamda 2021 yilda chiqqan “Uchinchi Renessans va inson huquqlari” kitoblari alohida ajralib turadi.

Ushbu kitoblarning birontasi olti jildlikka kiritilmagan. Shu ma'noda, bunga qadar 5 ta she'riy kitob (“Otamning bog'i” 2019, “Qalb tomchilari” 2010, “Oftobga qaytaman” 2008, “Unutilgan hur” 1997, “Yaxshiyam siz borsiz” 1994) va bir qancha tarjima asarlari bilan tanilgan G'ulom Mirzo o'zining yangi kitoblari turkumini, asosan, shoir va tarjimon sifatida taqdim qilayotganini qayd etishga burchlimiz.

Yangi kitoblar o'z muxlislarining qo'liga hali yetib bormadi. Shuning uchun mazkur turkumga mas'ul muharrir ekanligimni nazarda tutib, olti jild­likka kirgan asarlarning mazmun-mundarijasi haqida qisqacha so'z yuritishga jazm etdim.

XX asr she'rlari: “Taayyun raqamlari”

G'ulom Mirzo turkumning “Taayyun raqamlari” nomli birinchi kitobiga o'z ijodining dastlabki davriga mansub she'rlarini jamlagan. Bu she'r­lardan bir qismi shoirning turli yillarda chop etilgan she'riy to'plamlaridan joy olgan bo'lsa, aksariyati faqat turli to'plam, jurnal va gazeta sahifalarida e'lon qilingan. Ayrim she'rlar ilk bor she'rxonlar e'tiboriga havola etilmoqda.

Ulug' shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodida “taayyun” so'zi ko'p qo'llanganini ko'ramiz. Taayyun – muayyanlik, aniqlik, ma'lumlik, degani.

Bu borada taniqli shoir Ikrom Otamurod bilan fikrimiz bir joydan chiqdi: G'ulom Mirzoning ayni kitobidagi she'rlar va nazmiy turkumlar – yaxlit holida ham, so'z, ibora hamda she'riy san'atlar alohida holatida ham, mantiqiy aniqligi, ma'naviy-ruhiy muayyanligi, xuddiki raqamlar misoli bir butunligi bilan she'rxon e'tiborini o'ziga tortadi.

To'plamda mumtoz adabiyotimizga xos ravishda “Firoqnoma”, “Nasafnoma”, “Dilnoma”, “Sog'inchnoma”, “Yodnoma” deb nomlangan turkumlar hamda “Yulduzli she'rlar”, “Zarra-zarra tomadi tole”, “Qizil iztirob”, “Mutolaa farog'ati”  singari zamonaviy nomlangan turkumlar ham mavjud. Soni 500 tadan ortiq uchliklar esa alohida turkumda mujassam etilgan.

Nazarimda, shoirning bunday yondashuvini, bir tomondan, Jaloliddin Rumiy, Alisher Navoiy, Hofiz kabi buyuk so'z ustalarining ma'naviy merosiga muhabbat va sadoqat nuqtai nazaridan, ikkinchi tomondan, Gyote kabi yevropalik daho shoirlarning Sharq va G'arb adabiyotidagi ilg'or tajribalarni o'zlashtirish hamda o'zaro uyg'unlashtirish yo'lidagi qadamlarini davom ettirishga astoydil intilish sifatida ijobiy hol, deb baholash lozim.

Ushbu jildning yana bir o'ziga xos jihati – unda shoirning ko'ngil kechinmalari, quvonchu shodlik­lari, iztiroblari satrlarga ko'chgan she'rlari, mungli marsiyalari bilan birga tarbiyaviy jihatdan muhim, ijtimoiy ahamiyatga molik she'riy turkumlari, chuqur va keng falsafiy mushohadalari yonma-yon keladi.

XXI asr she'rlari: “Oyparast dil”

G'ulom Mirzo qalamiga mansub olti jildlikning ikkinchi kitobi  “Oyparast dil” deb nomlangan. Oldingi she'riy to'plamlar orqali muxlislarga yaxshi tanish bo'lgan “dil” obrazi endilikda yangi qiyofada, ya'ni “oyparast dil” maqomida namoyon bo'lmoqda.

Oyparastlik – g'ayrioddiylikdir. Oshiq dilning dalli-devonaligi otashin she'riy misralarda oyparastlik timsolida taqdim etilmoqdaki, bunday badiiy yechim she'rxonni bee'tibor qoldirmasligi tayin.

Ushbu jilddagi eng yangi she'rlar jamlangan 10 ta turkum, ayniqsa,  alohida e'tiborga sazovor. Bu o'rinda, jumladan, 2016-2023 yillar, ya'ni yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida Yangi O'zbekistonga asos solinishi davrida yozilgan “Zomin daftari”, “Naysonu tiyramoh chorrahasida”, “To'kildi umrimning hosili”, “Ey, ko'zlari – qalbimning naqshi”, “Bayroqdek yuksalar har bitta yurak” nomli turkumlar haqida so'z bormoqda.

Shuni ta'kidlash kerakki, bir tomondan, ushbu turkumlarga kiritilgan she'rlarning yuksak ruhi so'nggi yillarda G'ulom Mirzoning ijodida jo'shqinlik davri kechayotganini ko'rsatsa, ikkinchi tomondan, turkumlar va ulardagi she'rlarning ko'lamdorligi shoir serhosil ilhom pallasida ijod qilayotganini yaqqol bildirib turibdi.

To'plamdagi turkumlarning qolgan qismi “Nas­tarindek nozlangan dunyo”, “Falakdan boylaysan sarrishta”, “Bir nafasdek yutdim umrni”,  “Fikrat dovushi” kabi nomlar bilan atalgan. Bu turkumlardagi she'rlar ham yangi – shoirning XXI asrga mansub ijod namunalaridir.

G'ulom Mirzo qalamiga mansub “Taayyun raqamlari” va “Oyparast dil” kitoblarini shoirning she'riyat taraqqiyoti pillapoyalari bo'ylab yuksalish yo'lida qo'ygan dadil qadamlari, desak, arziydi.

Nasr: “Ey, darvesh”

Keyingi yillarda O'zbekiston Oliy sudi tomonidan 1030 dan ziyod mustabid tuzum qatag'oniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlangani tarixiy adolatni tiklash yo'lidagi yangi qadam bo'ldi. Bu raqam O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 11 dekabr kuni poytaxtimizda bo'lib o'tgan “Jadidlar: milliy o'zlik, istiqlol va davlatchilik g'oyalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo'llagan tabrigida keltirildi.

G'ulom Mirzoning olti jildligiga uchinchi kitob sifatida kiritilgan “Ey, darvesh! (Zulmni yeng­gan mazlumlar qissasi)” nomli asar qahramonlari – ota-bola Mirza To'layev va Abdirayim Mirzayev ham xuddi shu raqam ichida bor. Kitob muallifining 1949 yili aynan “xalq dushmani” degan soxta ayblov bilan qatag'onga duchor etilgan otasi va bobosi oqlanishi uchun 70 yil vaqt kerak bo'ldi.

XX asr 50-yillaridagi “iliqlik davri”da katta qatag'on qurbonlari orasidan ayrim taniqli ziyolilarnigina qisman oqlash yo'lidan borilgan. Buning sababi shuki, agar o'shanda nohaq qatag'on etilgan millionlab oddiy kishilar ham yalpi oqlab yuborilsa, sovetlar tuzumi zulmkor bo'lgani to'g'risidagi haqiqat ochilib qolar, oqibatda xalqning ishonchsizligi va noroziligi kuchayib ketishi mumkin, deb qaralgan.

E'tibor bering: aksilinqilobiy targ'ibot va tashviqot olib borishga oid ayblov bilan 1937 yili Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho'lpon kabi millat gullari qatag'on etilgan, keyingi bosqichda Oybek, Maqsud Shayxzoda, Said Ahmad, Shukrullo singari zabardast adiblarimiz qamalgan. Mirza To'layev esa badiiy ijodda tanilmagan, shunchaki dinu diyonatli va halol, sodda va rostgo'y, ayni chog'da, sovetlar siyosati va mafkurasidan bexabar, oddiy qishloq odami bo'lgan. Mirza bobo kitob yozmasa ham, kitoblarni sevib mutolaa qilgan, albatta. Hibs etgani kelganlar masjid va shaxsiy kutubxonadagi bir qop noyob qo'lyozma kitoblarini xachirga ortib ketgani ham buni tasdiqlaydi.

Mirza To'layev qariyb bir oylik shafqatsiz tergovlar davomida soxta ayblovlarni bo'yniga olmagach, yanada beshafqat yo'l tutiladi. Ya'ni, 1949 yil 1 oktyabrda Mirza boboning yolg'iz o'g'li Abdirayim Mirzayev ham hibsga olingan. So'ng ota – 10 yil, o'g'il – 6 yil muddat davomida GULAG lagerlarida jazoni o'tab qaytgan.

G'ulom Mirzoning ushbu kitobi marhum ota-bobosining ruhi pok­larini yod etishga xizmat qilibgina qolmay, muhim ma'naviy-tarbiyaviy ahamiyat ham kasb etadi.

Lotin Amerikasi adabiyotidan namunalar: “Suv bo'yida sanavbarim sen, Vatan”

Avvalambor, G'ulom Mirzo olti jildligidagi to'rtinchi kitob hisoblanuvchi ushbu to'plamning nomi haqida ikki og'iz so'z: “Suv bo'yida sanavbarim sen, Vatan” – bu samimiy va mehr-muhabbatga to'la ta'rif ekvadorlik shoir Xorxe Enrike Adoum qalamiga mansub “Vatan ildizlari” sarlavhali she'r­dan olingan jarangdor va go'zal misradir.

Ekvador shoiri ummon sohilida joylashgan vatanini ko'rkam daraxtga qiyoslagan. O'z, navbatida, o'zbek tarjimoni ushbu qiyosni o'girishda Sharq she'riyati, xususan, Navoiy g'azallarida sevgili yorning qomati tavsifida qo'llaniladigan sanavbar (ya'ni, qarag'ayga o'xshash xushqomat daraxt) timsolidan muvaffaqiyatli foydalangan.

Lotin Amerikasi adabiyoti aslida XX asrda she'riyatdan boshlanganini unutmaslik lozim. Zotan, Borxes, Kortasar, Garsia Markes kabi jahon nas­rining pirlari ayni paytda hassos shoirlar hamdir. Hozirgi kunda ana shu sohir qalam ustalari, shuningdek, Ruben Dario, Gabriela Mistral, Sesar Valyexo, Nikolas Gilyen, Migel Asturias, Alyexo Karpentyer, Pablo Neruda, Oktavio Paz ijodiga mansub she'rlar jahon san'ati durdonalari xazinasidan  munosib o'rin olgan.

To'plamda Lotin Amerikasi mintaqasidagi 16 davlatdan – 55 nafar shoir va yozuvchining ijod namunalari, 300 dan ortiq she'r va o'ndan ziyod hikoya jamlangan. Bu she'r va hikoyalarni rus tilidan o'girgan G'ulom Mirzo chorak asrdan buyon o'zbek mushtariysini jahon adabiyoti durdonalari, jumladan, Lotin Amerikasi adabiyoti namunalari bilan tanishtirishdek ezgu ishga hissa qo'shib kelmoqda.

G'arb va Sharq she'riyatidan tarjimalar: “Qushlar sayrayverar tomirlarimda”

Asl adabiyot – iste'dod mevasidir. Iste'dod bor joyda esa geog­rafiya, ya'ni makon o'z mohiyatini yo'qotadi. Bu ma'voda haqiqiy adabiy-badiiy asar milliy bo'lishi bilan birga g'oyatda umuminsoniy, ayni chog'da, umumbashariyligi bilan tom ma'noda milliy hamdir. Hatto adibning qaysi adabiy oqimga mansubligi emas, balki aynan asarlaridagi ma'no va fikr, tuyg'u va hikmat, ramz va tashbeh, so'z va go'zallik muxlisga naqadar zavq bag'ishlashi muhimdek tuyuladi.

G'ulom Mirzo olti jildligidagi beshinchi kitob “Qushlar sayrayverar tomirlarimda” deya nomlangan bo'lib, ushbu to'plamda G'arb va Sharqning sohir qalam ustalari ijodidan namunalar jamlangan. Xususan, yevropalik shoirlar – Georg Fridrix Gendelning “Amir Temur” operasi, Xans Magnus Ensensberger, Yan Raynis, Anna Svirshinskaya, Tadeush Rujevich va Aniza Kols hamda amerikalik shoir Genri Uodsvort Longfello she'rlari, rus shoirlari Ivan Bunin va Aleksandr Matusovskiyning nazmiy javohirlari, yaponiyalik mumtoz shoirlar Saygyo, Masuo Basyo, Kikaku Takarai, Kobayasi Issa qalamiga mansub xokku va tanka janridagi nazmiy asarlarining o'zbekcha tarjimalari taqdim etilgan.

Ushbu antologiya G'arb va Sharq mintaqalarida joylashgan 8 ta mamlakat adabiyotining 14 nafar namoyandasi nazmiy asarlari namunalaridan iborat. Bu yetuk badiiy asarlarni adabiyotsevar xalqimizga taqdim etar ekan, tarjimon G'ulom Mirzo har bir adibga hurmatu e'zoz ko'rsatib, har qaysi asarning tub mohiyati va g'oyasini, badiiy yutuqlarini, qo'llangan so'z san'ati unsurlarini imkon qadar asliyatdagidek saqlashga intilgan.

G'ulom Mirzoning tarjima to'plamlari haqidagi fikrlarimni shu joyda muxtasar etaman. Muhimi, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “Yurtimizda dunyo adabiyotining bebaho mulki bo'lgan ming-ming­lab asarlar tarjima qilinib, kitobxonlar qalbidan joy olgani, badiiy tarjima va tarjimashunoslik bo'yicha o'ziga xos ijodiy maktab shakllanganini alohida ta'kidlash lozim”.

Yodnoma: “Jondek aziz xotiralar”

O'zbekiston  Qahramoni,  xalq  shoiri, Davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov milliy adabiyotimizni  yangi bosqichga ko'targan nodir iste'dod sohibi edi. Sevimli  shoirimizning yuksak badiiy, teran falsafiy she'rlari xalqimiz  ko'nglidan chuqur joy olgan. Dramatik va publitsistik asarlari, doston  va  tarjimalari adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa bo'lib qo'shilgan.

G'ulom Mirzo olti jildligidagi oltinchi kitobning birinchi qismidan ardoqli shoirimiz bilan muallifning qariyb chorak asrlik muloqotlari asnosida qog'ozga  tushirilgan  esse,  maqola va suhbatlari joy  olgan.

“Jondek aziz xotiralar” kitobining ikkinchi qismi atoqli tarjimashunos olim va hassos publitsist, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan fan arbobi G'aybulla Salomov (taxallusi: G'aybulloh as-Salom) xotirasiga bag'ishlangan.

Ma'lumki, G'aybulla Salomov asos solgan o'zbek tarjimashunosligi ilmiy maktabi mamlakatimiz, hattoki jahon ilm-fani ravnaqida o'ziga xos o'ringa ega. G'aybulla Salomov eng ko'p shogirdlar tarbiyalagan zahmatkash olimlardan biridir.

Tarjimachilik ishining dolzarb­ligi masalasiga kelsak, tarjimasiz biron-bir xalq va millat madaniyati o'z-o'zidan taraqqiy topmagan va topmasligi muqarrar. Binobarin, ustoz G'aybulloh as-Salom ta'biri bilan aytganda, “Tarjima san'atisiz xalqlar bir-birlari uchun soqov bo'lib qoladilar, bir-birlarini tushuna olmaydilar”.

Shu ma'noda, Prezidentimiz yaqinda tarjimonlikdek mas'uliyatli mehnatni munosib rag'batlantirish uchun ulug' shoir va tarjimon Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta'sis etishni taklif etganlari nihoyatda ulkan ahamiyatga ega.

Akmal SAIDOV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, akademik

UzHurriyat.uz

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

«Hurriyat» gazetasining 2024 yil 4 yanvar, 1-soni

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi

Powered by GSpeech