(Z. Mirzayevning “Qahrida ham mehr bor edi...” biografik essesini o‘qiganda tug‘ilgan mulohazalar)
“Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat
qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi”.
Qur’oni karimning Isro surasi 23-oyat
Har bir inson tug‘ilganidan boshlab umr daftariga o‘z asarini yozishga kirishadi. Bu asarning fojiali yoki baxtli yakuni esa insonning qanday maqsadlarga intilib yashashi, ma’naviy va ma’rifiy dunyosi, xulq-atvori, oilasi va atrofidagilarga munosabati, yurtiga muhabbati va xalqiga beminnat xizmati kabi mezonlarga bog‘liq. Yaxshilikka intilib yashagan, qalbi pok kishilar, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zlaridan shoh asarlar qoldirishadiki, ularning umr daftarini varaqlab, o‘zimiz uchun ibrat va namuna olamiz.
Halol mehnati va tug‘ma qobiliyati bilan elu yurtda hurmat, obro‘ va sharaf topgan taniqli agronom, samimiy va kamtarin, fidoyi inson Toyir Mirzayev xotirasiga bag‘ishlangan “Qahrida ham mehr bor edi...” nomli biografik esseni mutolaa qilar ekanman, yaxshilar yodi unutilmasligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Toyir Mirzayev 1947-yilda Samarqand viloyati Bulung‘ur (hozirgi Jomboy) tumanining Tut qishlog‘ida tavallud topgan. Taqdirning sinovlariga qarangki, 9 yoshida opasi Musharraf, 16 yoshida padari Hamdam ota vafot etib, oilada volidasi Qurbonoy onaning yolg‘iz suyanchi bo‘lib qolgan. Tabiatan ilmga chanqoq va izlanuvchan bo‘lgan Toyir Mirzayev o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan, ammo oiladagi qiyinchiliklar, yetishmovchiliklar sabab dorilfununda o‘qish uchun imkoniyati yetmagan. Bunga Qurbonoy onani qo‘shnisining ho‘kizi suzib, uzoq vaqt to‘shakda yotib qolgani ham sabab bo‘lgan. Shu ko‘rgilik oqibatida onaizor umrining oxirigacha qaddini ko‘tara olmaydigan bo‘lib, bukchaygan holda yashagan.
Yosh bo‘lishiga qaramay, oilaning butun zalvorini yelkasiga ortgan Toyir Mirzayev qishloqda mexanizator bo‘lib ishlay boshlagan. Tug‘ma qobiliyati, mehnatsevarligi va jonkuyarligi ortidan brigada boshlig‘i darajasigacha ko‘tarilgan.
Maktabni tamomlaganiga 11 yil to‘lgan bo‘lsa ham, chin qalbidan ilmga intilib, oliy ma’lumotli bo‘lish orzusi bilan yashagan Toyir Mirzayev 1976-yilda Samarqand qishloq xo‘jalik institutiga o‘qishga kirgan. 1981-yilda institutni muvaffaqiyatli tugatib, Jomboy tumanida xo‘jalik bosh agronomi, kolxoz raisi, keyinchalik xo‘jalik boshqaruvi raisi lavozimlarida mehnat qilgan.
Elning og‘ir kunida yelkadosh, quvonchli damlarida davradosh bo‘lib, xalqning hurmatini qozongan mehnatsevar va tanti, ochiqko‘ngil va bag‘rikeng, do‘stparvar Toyir Mirzayev jufti haloli Mahkamtosh aya bilan birgalikda 7 nafar farzandni kamolga yetkazib, oliy ma’lumotli qilgan.
Ushbu biografik esse muallifi, atoqli davlat arbobi Zoyir Mirzayev shunday xotirlaydi: “Otam: “Men yolg‘iz o‘g‘il edim, sizlar yonimga kirib, biz katta urug‘ bo‘ldik”, deb ko‘zlariga yosh olib gapirardilar. Ayniqsa, bu hol umrlari so‘nggi yillarida ko‘p takrorlanadigan bo‘ldi” (134-bet).
Haqiqatdan ham, bugun Mirzayevlar avlodi katta sulolaga aylangan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Alisher Mardiyev kitobga yozgan so‘zboshisida ta’kidlaganidek: “Hayoti davomida turmushning achchiq sinovlariga bardosh bera olgan, har qanday holatda ham insoniylik fazilatini yo‘qotmasdan olg‘a intilgan bu inson tumanda Mirzayevlarning ibratli sulolasini yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
Ushbu kitobni farzandi Zoyir Toyirovichning o‘zi yozib, nihoyatda to‘g‘ri ish qilibdi. Chunki otasining o‘z sulolasiga bergan ibratini u yaxshi anglab yetgan. Bundan tashqari, uy-muzey ham nafaqat sulola rahbari Toyir akaning, balki Mirzayevlarning shonli tarixini ibrat qilib ko‘rsatib turibdi” (6-bet).
Kitob yuksak samimiyat va mahorat bilan nihoyatda ravon va ishonarli yozilgan. Muallif padari buzrukvorining umr yo‘lini hikoya qilish asnosida o‘zbek xalqining XX asrning ikkinchi yarmi va XXI asrning boshlaridagi tarixini ham haqqoniy va hayotiy misollar bilan yoritib bergan. Jumladan, o‘tgan asrning 80-yillarida mamlakatimizda sodir bo‘lgan “paxta ishi” fojialari xolislik bilan tasvirlanib, xalqimizga xos bukilmas iroda, sabr va matonat kabi yuksak insoniy tuyg‘ular avvalo Toyir Mirzayev timsolida, shuningdek, esseda hikoya qilingan voqealar ishtirokchilari tiynatida tarannum etilgan.
Kitob tarkiban to‘rt qismga ajratilgan.
Birinchi qismda muallif ushbu yodnomani yozish uning uchun farzandlik burchi ekanini, kitob faqat hayotiy voqealarga asoslanganini alohida ta’kidlagan. Unda Toyir Mirzayevning ajdodlari, bolaligi, maktab davrlari, kasbiy faoliyati va oilaviy hayoti qiziqarli tarzda hikoya qilingan.
Ikkinchi qism “Otamdan eshitganlarim” deb nomlangan. Ushbu qismda muallif otasidan eshitgan va xotirasida o‘chmas iz qoldirgan tarbiyaviy ahamiyatga ega 7 ta hikoyani keltirgan.
Uchinchi qismda muallif – Zoyir Mirzayevning otasi – Toyir ota haqidagi xotiralari bayon etilgan. U padari buzrukvoridan o‘z kuchiga ishonish, og‘ir ahvolda qolganlarga yordam berish, kamtarlik, rejali ishlash, har bir ishda avvalo o‘zi ibrat ko‘rsatish, qiyinchilikka sabr qila olish, oilada o‘z o‘rnini topish, bolalar bilan muntazam shug‘ullanish, bilim olish va hunar o‘rganishga ishtiyoqli bo‘lish, ro‘zg‘or ishlarini qila olish, odamlarni eshitish, har doim to‘g‘ri so‘zni aytishni o‘rganganini ta’kidlagan. “Ko‘zingga qara, ehtiyot bo‘l, tilingga erk berma”, “Kun ko‘rmagan kunduzi chiroq yoqarmish”, “Dangasa topaman desa, bahona topilaveradi” kabi otasidan eshitgan pand-nasihatlarni ham kitobxon e’tiboriga havola qilgan. Ushbu qismda Mirzayevlar sulolasi shajarasi ham keltirilgan.
To‘rtinchi qism “Zamondoshlari xotiralaridan” deb nomlanib, unda Toyir Mirzayevning farzandlari, kelin va nevaralari, shuningdek, uni shaxsan tanigan-bilgan insonlarning xotiralari (jami 23 ta) jamlangan. Xotiralarda Toyir otaning yuksak odamiylik fazilatlari samimiyat bilan e’tirof etilgan.
Tarixiy va tarbiyaviy, badiiy va ma’rifiy jihatdan yuksak saviyada yozilgan ushbu biografik esse taniqli davlat arbobi – do‘stimiz Zoyir Mirzayevning nosirlik iste’dodini ham namoyon etgan. Bu, ayniqsa, Samarqandning shirali o‘zbekona shevasida so‘zlashadigan asar qahramonlari tilining jonliligida, ular tilidan xalq naqllari va iboralari o‘rinli ishlatilganida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Kezi kelganda qo‘llanilgan “chorput”, “mesh”, “tentak” kabi laqablar ham asarning xalqqa yaqin bo‘lishiga hissa qo‘shgan.
Toyir otaning hayotiy xulosalari uning tilidan sodda, shu bilan birga ta’sirchan tarzda kitobxonga yetkazilgan. Masalan, Toyir ota onasi Qurbonoy dardmand bo‘lib qolganida shunday xulosa chiqaradi: “Agar orqangda suyaydiganing, ichi achib so‘raydiganing bo‘lmasa, hayot zarbalari seni ezib tashlaydi, hammaning so‘ragani o‘z yo‘liga, lekin aka-uka va jigarlarning so‘ragani boshqacha. Umuman, akang, ukang borligining o‘zi katta baxt” (54-bet).
Otasi bilan bog‘liq voqealarni hikoya qilar ekan, muallif o‘zining shaxsiy mulohazalarini ham zargarona tarzda bildirib o‘tadi. Jumladan, nafaqadagi Toyir otaning hamsuhbat otaxonlar bilan gurunglarini tasvirlar ekan: “Suhbatlarni eslasam, qarindoshlar o‘rtasidagi samimiylik yo‘qolib borayotganini, farzandlar ota-ona holidan, opa-uka, qarindoshlar bir-birlari holidan xabar olishi, degan qadriyatlar unutilayotganini sezaman, asosiysi, yaqinlar holidan xabar olish, yo‘qlash degan insoniy fazilatlar yo‘qolib borayotganidan afsuslanaman, achinaman” (127-bet), deya fikr bildirib, kitobxonni ham mushohadaga chorlaydi.
Muxtasar aytganda, ushbu biografik esse halol mehnati, ilmga chanqoqligi va farzandlariga bergan oqilona tarbiyasi orqali el ichra aziz bo‘lgan tabarruk inson – Toyir Mirzayevning ibratli yodnomasidir. Aslida, har bir inson o‘z ajdodlari haqida shu kabi asarlar yozishi kerak. Demak, bu borada ham ushbu yodnomadan ibrat olsak arziydi.
Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining birinchi o‘rinbosari,
akademik
- Qo'shildi: 18.03.2024
- Ko'rishlar: 2683
- Chop etish