17-19-iyul kunlari Toshkent viloyatida vazirlik va davlat idoralari mas’ul xodimlari uchun "Inson huquqlari bo‘yicha barcha mexanizmlar tavsiyalarini bajarish yuzasidan hisobot berish va kelgusi choralar bo‘yicha milliy mexanizmni mustahkamlash, shu jumladan tavsiyalarni kuzatish bo‘yicha milliy ma’lumotlar bazasidan foydalanish" mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir YUNEYDS va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarda Universal davriy hisobot doirasida O‘zbekistonning To‘rtinchi milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishi yakunlari yuzasidan taqdim etilgan tavsiyalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilishga ko‘maklashish masalalari muhokama etildi. Bu o‘rinda 2023-yil 8–10-noyabr kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 44-sessiyasida ko‘rib chiqilgan Universal davriy hisobot yuzasidan O‘zbekistonning To‘rtinchi milliy ma’ruzasi haqida so‘z bormoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Bola huquqlari bo‘yicha vakil instituti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari ishtirok etdi. Seminarda, shuningdek, yigirmaga yaqin vazirlik, davlat tashkiloti va nodavlat lar mas’ul xodimlari qatnashdi.
Seminar ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillabayev va BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasining inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Pavlo Byalik so‘zga chiqdi.
Pavlo Byalik ayni seminar Universal davriy hisobot tavsiyalarini amalga oshirishda milliy va xalqaro inson huquqlari va rivojlanish subyektlari o‘rtasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish hamda birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali ushbu tavsiyalarni inson huquqlari bo‘yicha aniq natijalarga aylantirishga sezilarli hissa qo‘shishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Bu, o‘z navbatida, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida juda dolzarbdir.
O‘z navbatida, M.Tillabayev O‘zbekiston Universal davriy hisobot tavsiyalarini 3-bosqich doirasida amalga oshirish bo‘yicha ijobiy tajribaga ega ekanligini ta’kidladi. Ushbu tavsiyalar doirasida inson huquqlari sohasida 20 dan ortiq yangi qonun qabul qilinganligi diqqatga loyiqdir.
Uch kunlik seminar Universal davriy hisobot tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun qulay platforma vazifasini bajardi. Bunda davlat organlari va fuqarolik jamiyati vakillari keng jalb etilgani juda muhimdir.
Seminarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Artur Yatsevich, BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi Huquqiy masalalar bo‘yicha katta maslahatchisi Ra’no Sayidumarova, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Anvarjon Meliboyev o‘z chiqishlari bilan ishtirok etdi.
Tadbir yakuni bo‘yicha quyidagi muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish, ya’ni:
birinchidan, Universal davriy hisobot doirasida O‘zbekistonning To‘rtinchi milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishi yakunlari yuzasidan taqdim etilgan tavsiyalarni implementatsiya qilish bo‘yicha milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish;
ikkinchidan, Inson huquqlari sohasidagi tavsiyalarni kuzatish bo‘yicha milliy ma’lumotlar bazasini to‘liq ishga tushirish;
uchinchidan, Inson huquqlari sohasidagi tavsiyalarni kuzatish bo‘yicha milliy ma’lumotlar bazasidan foydalanish bo‘yicha davlat organlari xodimlari uchun o‘quv seminarlari tashkil qilish;
to‘rtinchidan, Universal davriy hisobot doirasida O‘zbekistonning To‘rtinchi milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishi yakunlari yuzasidan taqdim etilgan tavsiyalarni implementatsiya qilish bo‘yicha qabul qilingan milliy harakatlar rejasi monitoringi yuzasidan xar 6 oyda umumlashtirilgan hisobot taqdim qilib borish taklif etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.07.2024
- Ko'rishlar: 1460
- Chop etish