«Bundan o‘ttiz uch yil oldin o‘ta og‘ir va murakkab tarixiy vaziyatda qo‘lga kiritilgan milliy istiqlolimiz bugungi kunda ko‘p millatli butun xalqimizni Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsad yo‘lida birlashtirib, yangi yutuq va marralar sari ilhomlantirmoqda».
Ushbu hayotiy fikrlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 18-iyulda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida ta’kidlangan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan muxbirimiz ayni shu qarorning mohiyati va ahamiyati haqida suhbatlashdi.
Mustaqillik nima?
– Davlatimiz rahbarining qarori muqaddimasida keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida mustaqil davlat bo‘lib, dunyoga ochilib yashash, erkin va ozod xalqlar oilasida munosib o‘rin egallab, zamonaviy taraqqiyotga erishish naqadar ulug‘ baxt va sharaf, shu bilan birga, ulkan mas’uliyat ekanini yanada chuqur his etayotganligimiz alohida e’tirof etilgani bejiz emas, – deydi A.Saidov. – Chunki dunyoning umumiy siyosiy-ijtimoiy jarayonlari nuqtayi nazaridan qaraganda, bundan roppa-rosa 33-yil oldin O‘zbekistonning tinch parlament yo‘li bilan davlat mustaqilligiga erishishi tarixiy muqarrar hodisadir.
Shuning uchun ham 1991-yil 1-sentyabrdan boshlab jahon siyosiy xaritasida yangi mustaqil davlat – O‘zbekiston Respublikasining paydo bo‘lishi tasodif yoki favqulodda bir voqelik hisoblanmaydi. Aksincha, ushbu olamshumul voqea ona zaminimizda asrlar osha o‘zbek xalqi va o‘zbek xalqi bilan yashab va mehnat qilib kelayotgan mamlakatimiz xalqlarining asriy orzusi ro‘yobga chiqishi, olib borilgan mashaqqatli, aksariyat hollarda fojiali kurashining munosib mahsulidir.
Yurtimizda 1990-yil 20-iyunda – “Mustaqillik deklaratsiyasi”, 1991-yil 31-avgustda – “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari haqida”gi konstitutsiyaviy qonun O‘zbekiston parlamenti tomonidan qabul qilingan. Shu tariqa 1991-yili 1-sentyabr – O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni, deb e’lon qilindi.
Xalqimizning, buyuk ajdodlarimizning asrlar osha orzu qilib kelgan yorug‘ niyatlari amalga oshdi.
Mustaqil O‘zbekiston – insoniyat ruhining ulug‘vorligi va aql ziyosining ramzi, umumbashariy tafakkur beshiklaridan biri bo‘lmish serquyosh diyor.
Mustaqil O‘zbekiston – noyob madaniyat va yuksak ma’rifat, Sharq turmush falsafasi, insonparvarlik ruhi bilan yo‘g‘irilgan adabiyot va nafis san’atning azaliy va abadiy vatani.
Mustaqil O‘zbekiston – buyuk ko‘hna tarixi hozirgi zamon taraqqiyoti bilan o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lgan istiqboli porloq mamlakat. Uning ma’naviy, ma’rifiy va tarixiy salohiyati jahon hamjamiyatida tobora munosib o‘rin egallamoqda.
Mustaqil O‘zbekiston – Birinchi va Ikkinchi Renessans vatani, jahon sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir bobolarimizning kindik qoni tomgan muqaddas zamindir.
Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!
– Shu kunlarda joylarda «Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va targ‘ibot-tashviqot ishlari boshlab yuborildi. Bunday ishlarning natijadorligi haqida nima deysiz?
– Savolingizga amaliy misollar bilan javob qaytarishga harakat qilaman. Gap shundaki, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samaralari tufayli mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi sezilarli darajada yuksaldi.
E’tibor bering: xalqaro hamjamiyat bilan keng ko‘lamli hamkorlik hisobiga O‘zbekiston 2024-yilning o‘tgan davrida bir qancha muhim va salmoqli yutuqlarga erishdi.
Birinchidan, 2024-yil 29-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasida O‘zbekiston vakili 2025-2028-yillar uchun BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi. Shu orqali O‘zbekiston tarixda birinchi marta BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga saylandi.
Ikkinchidan, 2024-yil 4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi asosida “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi.
Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mintaqadagi giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurashish bilan chambarchas bog‘liqligi ta’kidlangan. BMT rasmiy hujjatida O‘zbekistonning yangi siyosati natijasida mintaqada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchinchidan, 2024-yil 7-iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasida O‘zbekiston ilk marotaba Yevropa hududidan eng ko‘p ovoz to‘pladi va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi.
Bu yutuq O‘zbekistonning global mehnat siyosatida, XMT tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda, mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va g‘oyalarning ishlab chiqilishida bevosita faol ishtirok etishiga qulay imkoniyat yaratadi.
To‘rtinchidan, 2024-yil iyun oyida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston va Xitoy tomonidan “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni”ni belgilash bo‘yicha taklif qilingan rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullandi.
Ushbu rezolyutsiyada O‘zbekiston rahbariyatining umumiy xavfsizlik va farovonlikni ta’minlash uchun hamjihatlik ruhini rivojlantirish, amaliy hamkorlikka intilish, tinchlik va barqaror farovonlikka erishish yo‘lida xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini safarbar etishga qaratilgan g‘oyalari o‘z ifodasini topgan.
Beshinchidan, 2024-yil iyun oyida 2025-2027-yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi a’zoligiga o‘tkazilgan saylovda O‘zbekiston 185 mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, EKOSOSga saylandi. Mamlakatimiz o‘z tarixida ilk bor ushbu tuzilmaga a’zo bo‘ldi. Binobarin, BMT doirasida barqaror rivojlanishning barcha uch yo‘nalishi – iqtisodiy va ijtimoiy sohalar, shuningdek, atrof-muhitni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarda EKOSOS muhim o‘rin tutadi.
Albatta, ana shu zalvorli natijalarni xalqimiz, jumladan yoshlarimiz orasida keng targ‘ib etishimiz kerak. Bunday marralarni zabt etishda Istiqlol bizga bemisl imkoniyatlar berganligini ochiq va haqqoniy e’tirof etishimiz farzu qarzdir.
Mustaqillik va inson huquqlari
– Prezidentimizning mazkur qarorida, jumladan, yurtimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlari yetakchi o‘rinda turadigan ijtimoiy davlat va xalqparvar jamiyat qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan tarixiy ishlar, mehnatkash va bag‘rikeng xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan erishilayotgan ulkan natijalarning mazmun-mohiyati haqida so‘z boradi. Bu yutuqlarda Siz rahbarlik qilayotgan Milliy markazning o‘rni qanday?
– Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar doirasida qonunchilik, huquq amaliyoti va xalqaro hamkorlik bo‘yicha izchil ishlar davom etmoqda. Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning ta’sirchan vositalarini barpo etish, xalqaro tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni kengaytirish, davlat organlari xodimlari va aholining inson huquqlari bo‘yicha madaniyatini oshirish borasida samarali islohotlar amalga oshirishda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tizimli faoliyat yo‘lga qo‘yilgan.
Mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari samarali bajarilishiga qaratilgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining qabul qilinganiga to‘rt yil to‘ldi. Ushbu dasturiy hujjatda belgilangan vazifalar izchillik bilan bajarilmoqda.
Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning jami 78 bandidan 67 bandi, ya’ni 85 foizi bo‘yicha ijro muddati yakunlandi. Shundan:
- 6 ta band bo‘yicha ijro muddati uzaytirildi;
- 64 ta band bajarildi;
- 14 ta bandni amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda;
- “Yo‘l xaritasi”ning 11 ta bandi muddati hali yakunlanmagan.
Joriy yilning 1-yarmida Milliy strategiya doirasida 5 ta qonun, Prezidentning 6 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 6 ta qarori qabul qilindi. Jumladan, o‘tgan davrda:
birinchidan, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi;
ikkinchidan, “Xalqaro mehnat tashkilotining ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1949-yil 1-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi;
uchinchidan, “Xalqaro mehnat tashkilotining ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1981-yil 23-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar qabul qilindi.
Parlament va inson huquqlari
– Milliy markazning Oliy Majlis palatalari bilan o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatiga yana qanday amaliy misollar keltirish mumkin?
– Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalari faol amalga oshirilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonning milliy ma’ruzalarini tayyorlash va BMTning shartnomaviy qo‘mitalarida ko‘rib chiqish natijalarini deputatlar va senatorlar tomonidan muntazam eshitib borish, BMT shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejalarining Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlanishi amaliyoti takomillashmoqda.
Joriy yil 18-may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining ellik ikkinchi yalpi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha halqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risidagi axboroti” eshitildi. Axborotda 2023 yilda O‘zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishi hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyasining ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar qamrab olingan.
Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan inson huquqlari bo‘yicha 4 ta Milliy harakatlar rejasi ijrosi muntazam monitoring qilib borilmoqda. Bu boradagi axborotlar yil boshidan buyon har ikki chorakda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasiga taqdim etilishi ta’minlandi.
Birinchidan, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2023–2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining jami 43 ta bandida belgilangan vazifalardan 22 ta bandi, ya’ni 50 foizi bo‘yicha ishlar bajarilgan. Shundan – 16 ta band doirasidagi ishlar davom etayotgan bo‘lsa, yana 5 ta bandni bajarish muddati hali kelmagan.
Ikkinchidan, BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi ijrosi doirasida 69 ta banddan 29 tasi bajarildi. Bu – mazkur Milliy harakatlar rejasining 40 foizi bajarildi, deganidir. Qolgan 40 ta band ijrosi doirasidagi ishlar davom etmoqda.
Uchinchidan, BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi ijrosi bo‘yicha 34 ta bandida ko‘rsatilgan tavsiyalarni amalga oshirishga qaratilgan 126 ta vazifadan 49 tasi bo‘yicha ishlar to‘liq bajarildi. Ayni vaqtda 77 ta vazifani amalga oshirish bo‘yicha jadal ish olib borilmoqda. Demak, ushbu Milliy harakatlar rejasi bo‘yicha 60 foiz ishlar oldimizda turibdi.
To‘rtinchidan, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi jami 100 ta banddan iborat. O‘tgan davrda mazkur Milliy harakatlar rejasi bo‘yicha ishlarning 5 foizi bajarildi. Milliy harakatlar rejasidagi topshiriqlarning 30 foizi yaqin orada ijro etiladi. Rejada belgilangan 65 foiz ishlarni bajarish muddatlari hali kelmagan.
Inson huquqlari va xalqaro hamkorlik
– Milliy markaz tomonidan BMT bilan hamkorlik doirasida, xususan, Universal davriy hisobot bo‘yicha yil boshidan buyon qanday amaliy ishlar bajarildi?
– Avvalambor, 2024-yil 22-mart kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi doirasida Universal davriy hisobot bo‘yicha O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy hisoboti tasdiqlanganiga e’tibor qaratish o‘rinlidir. Mamlakatimiz Universal davriy hisobot tavsiyalarini muntazam bajarib kelmoqda.
O‘zbekiston milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarida sobitqadamdir. Bunda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi va “UPR INFO” (Universal davriy hisobot-INFO) xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorligimiz alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, o‘tgan davrda o‘zaro hamkorlikda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Universal davriy hisoboti bo‘yicha O‘zbekistonning 4-milliy ma’ruzasiga oid tavsiyalar yuzasidan 3 ta tadbir va 1 ta brifing tashkil etildi. Hozirgi vaqtda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan birga ushbu tavsiyalar bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Inson huquqlari va kuchli ijtimoiy siyosat
– Joriy yilning o‘tgan davrida Milliy markaz inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatini o‘rganish, tahlil qilish va umumlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishi yuzasidan qanday monitoring ishlarini amalga oshirdi?
– Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida qabul qilingan qonunlarning mamlakatimiz hududlaridagi ijrosi monitoring qilindi. Bu borada bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan bo‘lib, ayni yo‘nalishdagi ayrim tafsilotlar haqida quyida so‘z boradi.
Birinchidan, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarining bajarilishi ustidan monitoring o‘tkazish maqsadida Milliy markaz, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.
Reja asosida 2024-yil 15-16-may kunlari “Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish holati” yuzasidan monitoring o‘tkazilib, Qarshi shahridagi xalqaro temir yo‘l vokzali hamda avtobuslar va avtobus bekatlari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan qulayliklar o‘rganildi.
Monitoring yakunlari bo‘yicha ma’lumot va qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflar Oliy Majlis palatalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash, Transport vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligiga taqdim etildi.
Ikkinchidan, 2024-yil 1-yarmida jazoni ijro etish muassasalarida sud hukmi bilan tayinlangan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga, tergov hibsxonalari hamda maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga yaratilgan shart-sharoitlar va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan inson huquqlariga rioya etilishi yuzasidan monitoring tashriflari amalga oshirildi.
Shu maqsadda Milliy markaz tomonidan avvalo Sog‘liqni saqlash hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, “Barqaror rivojlanish” markazi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti vakillaridan iborat monitoring guruhi shakllantirildi.
Monitoring tadbirlari Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida joylashgan jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari va ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni saqlash muassasalarida o‘tkazildi. Bu jarayonda jami 21 ta jazoni ijro etish muassasasida inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha faoliyat amaliyoti o‘rganildi.
Bundan tashqari, tergov hibsxonalarida saqlanayotgan ishi sudda ko‘rilayotgan, dastlabki tergov davrida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan ayollar va voyaga yetmagan shaxslar bilan alohida hamda birma-bir uchrashuv va suhbatlar uyushtirildi. Ishchi guruh a’zolari tomonidan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual qonunchiligi talablari doirasida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra Jizzax viloyat sudi, Jizzax viloyat prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentiga tavsiya xatlari kiritildi.
– O‘tgan davrda inson huquqlarini ta’minlash, qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishga qaratilgan yana qanday muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi?
– Milliy markazga kelib tushgan 712 ta murojaat ko‘rib chiqildi, 350 nafardan ortiq fuqaro qabul qilindi. Telefon orqali murojaat qilgan 1 ming 650 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.
O‘tgan davrda jami 40 ta normativ-huquqiy hujjat ekspertizaga tortildi.
Milliy markaz tomonidan 50 dan ortiq o‘quv, axborot-ma’rifiy va ma’naviy-huquqiy tadbirlar o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarda davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nodavlat notijorat tashkilotlaridan jami 1 ming 400 ga yaqin vakil ishtirok etdi.
Toshkent viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida milliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kurslari tashkil etildi.
Milliy markaz xodimlari xalqaro hamkorlar hamda vazirlik, idora va tashkilotlar o‘tkazgan 10 ta konferensiya va 10 ta davra suhbatida ham faol ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi o‘tkazildi. Forum “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror yechimlar topish” mavzusiga bag‘ishlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” faoliyati takomillashtirildi. Joylardagi axborot-kutubxona markazlari va oliy o‘quv yurtlarining axborot-resurs markazlariga 83 nomdagi 450 ta huquqiy adabiyot beg‘araz taqdim etildi.
Hisobot davrida 14 ta risola, inson huquqlari bo‘yicha 1 ta xalqaro hujjatlar to‘plami nashrga tayyorlandi.
Inson huquqlari madaniyatini oshirishga qaratilgan 2 ta respublika tanloviga start berildi.
Xulosa qilib aytganda, yurtimiz hayotining barcha jabhalari qatori inson huquqlariga taalluqli qamrovdor yangilanishlar ham, bir tomondan, yurtdoshlarimizning to‘kis va baxt-saodatli yashashini ta’minlashga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi majburiyatlariga qat’iy sodiq bo‘lgan O‘zbekistonning xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirishga bevosita xizmat qiladi.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Aynan mustaqillik tufayli mamlakatimiz suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatga, xalqaro huquqning to‘laqonli subyektiga aylandi. Dunyo bizni yangitdan tanidi va tan oldi. Yer yuzidagi turli davlatlar va xalqlar bilan do‘stlik hamda hamkorlik aloqalarimiz tobora kengayib, yurtimizning xalqaro maydondagi mavqei va nufuzi ortib bormoqda”.
«Xalq so‘zi» gazetasining 2024-yil 3-avgust kungi 156 (8779)-soni
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
- Qo'shildi: 05.08.2024
- Ko'rishlar: 1246
- Chop etish