Vatanimizning milliy istiqloli, xalqimiz ozodligi uchun kurashib, shu yo‘lda jonini fido etgan, siyosiy qatag‘on qurbonlari bo‘lgan ota-bobolarimizning hayoti va faoliyatini atroflicha o‘rganish va tadqiq etish, ularning nomlari va xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keyingi yillarda yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir va tarjimon G‘ulom MIRZO bilan shu mavzuda suhbatlashdik.
– Bu haqda so‘z borganda, ayniqsa, 1937-1953-yillarda mustabid tuzum qatag‘on siyosatining qurboniga aylangan 100 mingdan ziyod xalqimiz vakillari – atoqli davlat va siyosat arboblari, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, diniy ulamolar, harbiy soha va sud-huquq tizimi xodimlari, ishchi-dehqonlar va ularning oila a’zolari nomlarini oqlashga qaratilgan ezgu jarayon izchil davom etayotganligini alohida qayd etish lozim, – deydi G‘ulom aka.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyulda qabul qilingan «Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida»gi qarori ayni yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etdi. Qaror asosida «Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini o‘rganish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi» tarkibi hamda «Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini o‘rganish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi» tasdiqlandi.
Har yili oktyabr oyining birinchi haftasi mamlakatimizda «Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi» sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Hozirgi murakkab va tahlikali davrda mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, tariximizning noma’lum sahifalarini tiklash va ilmiy nuqtayi nazardan chuqur o‘rganish, inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etish, shu asosda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodning Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, ularni bugungi tinch, erkin va ozod hayotning qadriga yetish ruhida tarbiyalashga qaratilgan yana ko‘plab dolzarb tashabbuslarni amalga oshirishga kirishilgani e’tiborga sazovor, deb hisoblayman.
– Shu o‘rinda tarix otasi deya sharaflanadigan Gerodotning «Haqiqat – tarix ko‘zgusi» degan fikriga ham munosabat bildirib o‘tsangiz bo‘ladimi?
– Gerodot hikmati nima sababdan ming yillar osha bizgacha yetib kelgan? Buning siri juda oddiy: chunki bu hikmat haqqoniyligi uchun ham barhayotdir. Uning mohiyatida haqiqat va tarix degan ikkita tushuncha o‘z mujassamini topgan. Agar o‘tmish haqida tugal haqiqat ro‘y-rost bayon etilsa, o‘shanda tarix ko‘zgudagidek aniq va ravshan aks etadi.
Tarixga oid hikmatli so‘zlar ko‘p. Masalan, «Tarixni – g‘oliblar yozadi», deydilar. Xo‘sh, g‘oliblar tarixni qanday yozadi? Albatta, bunda erishilgan yutuqlarning ba’zi nomatlub o‘rinlari silliqlanadi, kemtik joylari qo‘shib-chatiladi, ayrim beo‘xshov manzaralar bo‘yab-bejaladi. Afsuski, mag‘lublarga tarixni yozish uchun na huquq va na imkoniyat beriladi. Shu tariqa tarix bilan bog‘liq asl haqiqat nechog‘lik o‘zgarishlarga yuz tutishini o‘zingiz tasavvur qilavering.
– Tarixiy haqiqat o‘zi nima?
– Tarixiy voqealarning aniq manba va xolis dalillar bilan yoritilishi evazigagina tarixiy haqiqat yuz ko‘rsatadi. Agar tarixiy haqiqat buzilsa, buning oqibatida tarix sahifalarida “oq dog‘lar” va “qora dog‘lar” paydo bo‘ladi. Ya’ni, tarix soxtalashadi. Bunga misol sifatida sobiq sho‘rolar tuzumining tarixga yondashuvi qanday bo‘lganligini eslaylik.
Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O‘zbekiston zamini asrlar davomida turli xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda g‘oyat muhim o‘rin egallab kelgani ataylab xaspo‘shlangandi-da o‘sha zamonlarda. Xalqimiz o‘z o‘tmishida ikkita Renessans, ya’ni Sharq Uyg‘onish davri deb ataladigan va insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga katta hissa qo‘shgan IX-XII asrlar Renessansi hamda Temuriylar Renessansi – XIV-XV asrlarda dunyo ilm-fani, san’ati, madaniyati, iqtisodiyot, davlatchilik taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk o‘zgarishlar davri shukuhini vujudidan o‘tkazgani, bu ikki davrda daho ajdodlarimiz qadimgi tafakkur va ilm ta’sir doirasida bo‘lgan jahon sivilizatsiyasini dadil qadamlar bilan oldinga boshlaganligiga oid hayotiy haqiqatlar haqida sovet maktablarining tarix darsliklarida hech vaqo yozilmagan.
Aksincha, o‘z yurtidan qochgan va o‘z elidan yashirinib yurgan Lenin laqabli odamning qamish chaylasi haqida ko‘p o‘qiganmiz. Hatto, tarix muzeylarimizning qoq o‘rtasida o‘sha chaylaning nechanchidir nusxadagi maketi o‘rnatilib, talaba-o‘quvchilar muntazam ziyoratga olib borilgan. Bularning barchasi tarixga nisbatan haqiqatga xilof ish tutilishi, tarixiy haqiqatning buzilishi, tarixning soxtalashtirilishi oqibatlari edi, albatta.
Tarixiy haqiqat, o‘z navbatida, tarixiy xotira degan yana bir zabardast tushuncha bilan chambarchas bog‘liq. Tarixiy xotiraning mohiyatini anglash uchun atoqli adib Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” asaridagi mashhur afsonaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
O‘sha afsonadagi eng ayanchli obraz – manqurt o‘z onasini o‘ldiradi. Nega? Chunki tuya qornidan tayyorlangan qalpoq oftob tig‘ida qovjirab, uning miyasini qisib qo‘yadi, oqibatda tarixiy xotira o‘chadi. Manqurt onasi uni tug‘gani, oq sut berib boqqani, bag‘riga bosib erkalatgani, xavf-xatardan asrab-avaylaganiga oid hayotiy haqiqatlarni mutlaqo unutadi. Shu asnoda o‘zligidan mosuvo bo‘ladi va hatto o‘z onasining qotili bo‘lishdek tubanlik chohiga qulaydi.
Mana, nima uchun insonga tarix haqiqati va tarixiy xotira kerak! Tarixiy xotirasiz barkamol shaxsni voyaga yetkazib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, bugungi taraqqiyotimizning bir qanoti – yorug‘ kelajak bo‘lsa, yana bir qanoti – tarixiy haqiqatdir.
– Siyosiy qatag‘on qurbonlari bo‘lgan ota-bobongiz taqdiri haqida qissa ham yozgansiz, bunga nima turtki bo‘lgan?
– Gap shundaki, sobiq sovet davrida dinu e’tiqodida mustahkam turgan Mirza So‘fi bobom – 10-yil, otam Abdirayim bobo 6-yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Ota-bola jazoni GULAG – Axloq tuzatish mehnat koloniyalari bosh boshqarmasi lagerlarida o‘tab qaytganlar. Har ikkisining sha’niga «xalq dushmani» degan ayovsiz tamg‘a bosilgan.
Bobom va otam O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-qismi bo‘yicha “sovetlar hokimiyatini yiqitish, qaqshatish va zaiflatishga yoki ayrim kontrrevolyutsion jinoyatlarni qilishga agitatsiya yoki propaganda yurgizish, o‘shandoq shu mazmunda bo‘lgan adabiyotni tarqatish yoki tayyorlash yoxud saqlash”da ayblangan. E’tibor bering: aksilinqilobiy targ‘ibot va tashviqot olib borish bo‘yicha xuddi shunday ayblov bilan 1937-yili Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon kabi millat gullari qatag‘on etilgan, keyingi bosqichda Oybek, Maqsud Shayxzoda, Said Ahmad, Shukrullo singari zabardast adiblarimiz qamalgan.
Ota-bobom kitob yozmagan bo‘lsalar ham, mutolaa qilganlar, albatta. Hibs etgani kelganlar masjiddagi bir qop noyob kitoblarini xachirga ortib ketishgani ham buni tasdiqlaydi. O‘shanda, jinoyat ishi hujjatlarida qayd etilganidek, «47 ta kitob musodara qilingan».
So‘ngra Xrushchyov zamonida sovetlar mafkurasi qatag‘oni qurbonlari orasidan ayrim taniqli ziyolilarnigina qisman oqlash yo‘lidan borilgani ma’lum. Negaki, agar o‘shanda bobom va otam kabi nohaq qatag‘on etilgan millionlab oddiy kishilar ham yalpi oqlab yuborilsa, nafaqat Stalin, balki butun sovet tuzumi zulmkor bo‘lgani to‘g‘risidagi haqiqat ochilib qolar, natijada xalqning ishonchsizligi va noroziligi quchayib ketishi mumkin, deb qaralgan.
Shuning uchun Turkiston harbiy okrugi harbiy prokuraturasi 1956-yil 16-martda Turkiston harbiy okrugi Samarqand garnizoni harbiy tribunalining bobom va otamga nisbatan jazo belgilashga doir 1949-yildagi qarorini to‘g‘ri deb topish hamda mazkur ish yuzasidan nazorat ishini tugatish haqida qaror chiqargan. Bu qarorlar, bir tomondan, harbiy xizmatchilar bo‘lmagan oddiy fuqarolar taqdirini hal qilishga qaratilgani, ikkinchi tomondan, begunoh insonlarga asossiz ayblar qo‘yilgani uchun ham mutlaqo g‘ayrinsoniy va g‘ayrihuquqiy hujjatlar bo‘lgan.
Ma’lumki, o‘sha davrda millionlab kishilar sudlov va nosudlov, yanada aniq qilib aytganda, favqulodda tartibda tuzilgan “troyka”, “dvoyka”, “osobaya soveshaniya”, “tribunal” kabi g‘ayrikonstitutsiyaviy organlar tomonidan turli jazolarga hukm etilgan. Sud-huquq sohasi mutaxassislarining fikricha, nafaqat nosudlov organlar chiqargan hukmlar, balki ularning tashkil etilgani va faoliyat yuritganining o‘zi ham Konstitutsiyaga mutlaqo xilof bo‘lib, bunda hatto o‘sha davrning huquqiy hujjatlariga-da tayanilmagan.
Keyinchalik sobiq KPSS Markaziy komiteti siyosiy byurosining 1988-yil 11-iyuldagi “30-40-yillar va 50-yillar boshida nohaq qatag‘on etilganlarni reabilitatsiya qilish bilan bog‘liq ishlarni yakuniga yetkazish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida SSSR Prokuraturasi va Davlat xavfsizlik komiteti (KGB) mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda qatag‘on qilingan kishilarning ishlarini, ularning oqlovga doir ariza va shikoyatlari taqdim etilmagan bo‘lsa ham, ko‘rib chiqishni davom ettirgan. Afsuski, bu jarayon bobom bilan otamning ishlarini qamrab olmagan.
Sobiq ittifoq Oliy sovetining 1989 yil 16-yanvardagi Farmoniga ko‘ra 30-yillarda va 50-yillar boshida NKVD-UNKVD “troyka”lari, OGPU kollegiyalari, NKVD-MGB-MVD organlari nosudlov yo‘l bilan chiqargan qarorlar bekor qilinib, mazkur organlar qatag‘onga duchor etgan barcha fuqarolar oqlangan. Vatan xoinlari, jazo otryadlari vakillari, natsist jinoyatchilar, jinoyat ishlarini soxtalashtirish bilan shug‘ullangan xodimlar, shuningdek, qotillik sodir etganlar bundan mustasno bo‘lgan.
Ammo bobom va otam istisno etilgan ana shu beshta jinoyatning bittasini ham sodir etmaganiga qaramay, yana reabilitatsiyadan chetda qolganlar.
Sobiq SSSR prezidenti M.Gorbachyov 1990-yil 13-avgustda imzolagan «1920-1950-yillardagi siyosiy qatag‘onlar barcha qurbonlarining huquqlarini tiklash to‘g‘risida»gi farmon sovet davlati stalinizm davrida qatag‘on qilingan fuqarolar oldida aybdor ekanini uzil-kesil tan olishning o‘ziga xos ifodasi bo‘ldi.
Farmonga muvofiq, 1920-1950-yillarda kollektivlashtirish munosabati bilan dehqonlarga, shuningdek, siyosiy, ijtimoiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi turli sabablar bilan boshqa barcha fuqarolarga nisbatan qo‘llanilgan qatag‘onlar g‘ayriqonuniy, asosiy fuqarolik huquqlariga hamda insonning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va erkinliklariga zid ekani tan olingan. Biroq, bu oqlov jarayoni ham ota-bobomni yana chetlab o‘tgan.
1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilindi. Shu tariqa sobiq tuzum barham topib, sovetlarning g‘ayrinsoniylik, dinsizlik va mustamlakachilikka tayangan, inson huquqlariga zid siyosat olib borgani fosh bo‘ldi. Ayniqsa, keyingi yillarda eski tuzum qurbonlariga nisbatan munosabat tubdan o‘zgardi.
XX asrning 37-50-yillaridagi katta qatag‘on qurboni bo‘lgan ota-bolalar Mirza To‘layev va Abdirayim Mirzayevga nisbatan adolat oradan 70-yil o‘tib, nihoyat qaror topdi. O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi kassatsiya instansiyasining 2019-yil 30-apreldagi ajrimida, jumladan, shunday deyilgan: «Turkiston Harbiy okrugi Samarqand garnizoni harbiy tribunalining 1949-yil 9-dekabrdagi M.Tullyayev va A.Mirzayevlarga nisbatan chiqarilgan hukmi bekor qilinsin. Tullyayev Mirza va Mirzayev Abdiraimlarning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatilsin. M.Tullyayev va A.Mirzayevlar aybsiz deb topilib, oqlansin».
– Qissani nega aynan “Ey, darvesh” deb nomlagansiz?
– Avvalo, ushbu qissani yozishga hozirlik ko‘rayotganimda, ulug‘ alloma Aziziddin Nasafiyning “Komil inson kitobi” qo‘limga tushib qoldi. Shu kitobdan birgina nasihatni keltiraman: “Ey darvesh! Shak-shubhasiz shuni bilgilki, biz musofirlarmiz; lahza-lahza bu dunyodan o‘tarmiz. Bizning holimiz ham musofirdir, lahza-lahza o‘tib ketar. Davlat bo‘lsa ham o‘tar, mehnat bo‘lsa ham o‘tar. Shuning uchun agar davlating bo‘lsa, davlatingga ishonmakim, bir soatdan keyin nima bo‘lishi ma’lum emas. Mehnat-mashaqqat yuzlansa ham ko‘p siqilmakim, bir soatdan keyin nima bo‘lishi ma’lum emas. Sendan birovga ozor yetmasin, imkoning boricha odamlarga yaxshilik qil”.
Nasafiy bobomizning kitobini ishtiyoq bilan o‘qib chiqqach, birinchi navbatda, o‘sha davrda ota-bobomning ishi bo‘yicha “chaquv”larga qo‘l qo‘ygan o‘zimizning ayrim qorako‘zlar va ularning bugungi avlodlaridan qasos-intiqom olish istagi barham topdi. Bo‘lajak qissam uchun “Komil inson kitobi”dagi nasihat va yo‘riqlarni ustuvor mezonlar etib belgiladim.
Qissaning har bir bobiga “Ey darvesh” deb boshlanguvchi ezgu da’vatlardan iqtibos keltirdim. Natijada kitobimning nomi o‘z-o‘zidan kelib chiqdi. Uning mazmun-mohiyati yanada tushunarli bo‘lishi uchun “Zulmni yenggan mazlumlar qissasi” degan tagsarlavha qo‘shdim.
Qolaversa, bobom qizil qatag‘on avjiga chiqqan 1937-yilda qishlog‘imiz masjidini ta’mirlab, bu yerda kutubxona tashkil etgan. Otam esa bitta-yu bitta o‘g‘il sifatida bu xayrli ishlarda padari buzrukvoriga bajonudil ko‘maklashgan. Shuning o‘zi darveshlik emasmi?!
Darvesh kim? Bu tushunchaga “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da uch xil ta’rif berilgan.
Birinchi ta’rif: tarki dunyo qilgan, go‘shanishinlikka berilgan odam, so‘fiy.
Ikkinchi ta’rif: hech narsasi yo‘q, qashshoq, gado.
Uchinchi ta’rif: hech narsa bilan ishi yo‘q, o‘taketgan sodda va sipo odam.
Bobom va otam qatag‘on domiga tortilgan davrda ana shu uchta mezonning barchasi ularga mos kelgan. Ya’ni, zolimlarning zulmiga duch kelgan ota-bobom tom ma’noda darveshlar bo‘lgan.
Aslida, bobom va otam Vatanimizga xiyonat qilmagan, xalqimizga qarshi bormagan, millatimiz manfaatlariga ziyon yetkazmagan, muqaddas dinimizni isnodga qo‘ymagan, shuningdek, odam o‘ldirmagan, talonchilik yoki bosqinchilik qilmagan, inson huquqlariga tajovuz etmagan. Ularning har ikkisi ham mehnatkash va halol, sodda va ochiqko‘ngil, irodali va e’tiqodli insonlar bo‘lgan.
Bobom va otam butun umr el xizmatida va qishloqdoshlarimizning hurmat-e’tiborida bo‘lgan. Bobom umrining oxirigacha (1985-yil) Xushvaqt qishlog‘iga mullalik qilgan. Chaqaloqlarning qulog‘iga azon aytgan, mayyitlarga janoza o‘qigan. Diniy ma’raka-marosimlarda Qur’on tilovat qilgan. O‘z navbatida, 2008-yili olamdan o‘tgan otam qishloq to‘ylarida osh damlab, elning duosini olgan, mohir oshpaz sifatida nom qozongan va otameros kasbni – qavmni dinu diyonatga chaqirishni davom ettirgan.
– Siyosiy qatag‘on oilangizga qanchalik ziyon-zahmat yetkazgan, deb o‘ylaysiz?
– Afsuski, qatag‘onning ziyon-zahmati – oddiy bir buyum yoki o‘lchasa bo‘ladigan qandaydir moddiy narsa bilan qiyoslagulik emas. Ya’ni, bu alamli yo‘qotishlarni na kilogramlarda, na litr va metrlarda o‘lchab bo‘lmaydi.
Masalan, rahmatli Mirza so‘fi bobom 10-yil GULAG lagerlarida o‘tirib kelgan. Keyin 5-yil Mirzacho‘lga surgun qilingan. Sovet davlati bobomga 80-yillik umri davomida hech qanday ish ham, pul ham, amaliy yordam ham bermagan. Oqibatda savodli va ma’rifatparvar bir inson, tayyor pedagog va kutubxona tashkilotchisining umri behuda zavol topdi. Bobomning kutubxonasi yakson etilganidan buyon ne zamonlar o‘tsa-da, haligacha Xushvaqt qishlog‘imizda jamoat kutubxonasi yo‘q.
Yana bir achinarli tomoni shundaki, bobom o‘sha zamondayoq “paxta yakkahokimligi”ga qarshi bo‘lgan. O‘zi ham sho‘rolarning paxta dalasida ishlamagan, momomizning bunda ishlashiga ham ijozat bermagan. Bobom qamalgach, baribir, Mayram momom tirikchilik uchun paxta dalasiga chiqadi. Oqibatda ikki yoshli qizi – Tillaoy ammam dala shiyponidagi chigit ivitiladigan xandakka cho‘kib ketadi. G‘o‘za parvarishiga o‘zini bag‘ishlagan Maska ammam esa 18 yashar kelinchakligida darmonsizlikdan tug‘olmay jon bergan...
Otam GULAG lagerlarida 6-yil o‘tirgan. Keyin o‘n yillar davomida muntazam ravishda majburiy mehnatga jalb qilingan. Bu nima degani? Paxtakorlar dam oladigan qish mavsumida otam kabi “xalq dushmanlari” Qoraqum, Qizilqum kanallarini qazish-ta’mirlash ishlariga safarbar etilgan.
Gapni qisqa qilganda, otam qamoqdan qaytganidan so‘ng onam bilan birga izma-iz uch farzandi – Sulaymon akam, Aziza va Rahima opalarimni bolaligidanoq tuproqqa qo‘yganlar. Ya’ni, padari buzrukvorim va volidai zorim, O‘zbekiston Prezidenti ko‘p bor ta’kidlaganidek, xalq dushmani deb e’lon qilingan va ayovsiz qatag‘on etilgan yuz minglab yurtdoshlarimizning atigi bir jufti bo‘lgan, xolos...
– Shunday qilib, Prezidentimiz 2024-yil 19-iyulda imzolagan qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati nimada?
– Bu savolga to‘liq va atroflicha javob qaytaramiz desak, yana rasmiy iboralar va dalilu raqamlar girdobida qolib ketishimiz tayin. Unda nima qilish kerak?
Menga qolsa, yana sevimli yozuvchimiz Chingiz Aytmatov ijodiga murojaat qilganimiz ma’qul. Xususan, adibning “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” kitobini nazarda tutmoqdaman. Ushbu asar qahramonlari – bobo va ota o‘z jonidan kechib, yosh avlod, yangi nasl yashab qolishi uchun sharoit tug‘dirib beradi.
Ya’ni, uch avlod vakillarining qayig‘i bemisl to‘fon oqibatida ona makondan uzoqda yo‘lni yo‘qotadi. Shunda dastlab bobo o‘g‘li va nevarasiga oziq-ovqat tejalishi uchun joniga qasd qiladi – yarim tunda o‘zini suvga cho‘ktiradi. Oradan ma’lum muddat o‘tib, ota ham shu yo‘lni tanlaydi – o‘g‘liga suvni tejash maqsadida hayotdan voz kechadi.
Bu qurbonliklar o‘z samarasini beradi. Vatan sarhadidagi tog‘ni chopib borayotgan olaparga mengzaguvchi navqiron hamda omadli yigit uyiga eson-omon qaytadi.
Qissadan hissa shuki, biz – bugungi avlodlarning bobolari oq poshsho bosqinidan xoru xarob bo‘lgan esa, otalari bolshevoylarning zulmidan butkul xonavayronlikka yuz tutgani oddiy haqiqat.
Demoqchimanki, Chingiz Aytmatovning o‘sha qayig‘idagi bola sizu bizning, bobo va otasi – jafokash ajdodlarimizning o‘ziga xos ramzidir. Ularning duolari va ezgu intilishlari nihoyat Yangi O‘zbekiston ahlini Mustaqil diyor yastangan obod sohilga olib keldi...
Saidakmal Mamasoliyev suhbatlashdi
"Adolat ko‘zgusi" gazetasi 2024-yil 12-sentyabr №37(1507)
- Qo'shildi: 12.09.2024
- Ko'rishlar: 862
- Chop etish