4-noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov bilan BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi Doimiy vakili etib tayinlangan A.Fudzii o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv hamkorlikni yanada mustahkamlashning strategik istiqbollarini muhokama qilish va yaqin kelajakda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini berdi. A.Saidov mazkur lavozimga tayinlangani munosabati bilan A.Fudziini samimiy tabrikladi.
Muloqot avvalida Milliy markaz faoliyati, O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini izchil bajarish yo‘lidagi sa’y-harakatlari hamda BMTning Taraqqiyot dasturi bilan samarali hamkorligi haqida mehmonga qisqacha ma’lumot berildi. Jumladan, xalqaro tashkilotlar, jumladan BMTTD bilan mustahkam va o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalari inson huquqlarini himoya qilishning ilg‘or normalarini joriy etishga, mamlakatning institutsional salohiyatini oshirishga va inson huquqlarini himoya qilish infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, BMTning Taraqqiyot dasturi Doimiy vakili O‘zbekistonning xalqaro nufuzi tobora oshib borayotganini ta’kidlab, A.Saidovni BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zoligiga saylangani bilan tabrikladi. Ushbu tayinlov O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarining e’tirofi ekanligini va inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha global standartlar tizimini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shayotganini alohida qayd etdi.
Bundan tashqari, BMTning Taraqqiyot dasturi Doimiy vakili Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlik munosabatlarining hozirgi darajasini yuqori baholab, Milliy markazning O‘zbekistonda inson huquqlarini rivojlantirishga qo‘shgan bebaho hissasini alohida ta’kidladi. Jumladan, "Milliy markazning sa’y-harakatlari milliy qonunchilik va xalqaro standartlarda mustahkamlangan tamoyillarning samarali amalga oshirilishini ta’minlashda hayotiy muhim ahamiyatga ega", deb qayd etdi A.Fudzii.
Suhbat davomida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ahamiyatiga e’tibor qaratildi. Hujjat nafaqat huquq va majburiyatlar ro‘yxatini kengaytirganligi, balki qonuniylik, ijtimoiy va ekologik himoya sohasida, shuningdek, shaxs huquqlari, ayniqsa, jinoiy odil sudlov sohasidagi davlat majburiyatlarini mustahkamlagani e’tirof etildi. BMT vakilining so‘zlariga ko‘ra, "Konstitutsiyaviy islohotlar O‘zbekistonning boshqaruv tizimini mustahkamlash va huquqiy shaffoflikni oshirishga bo‘lgan intilishida muhim qadam hisoblanadi".
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun salohiyatni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga ahd qildilar. Xususan, 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha aniq takliflarni o‘z ichiga olgan o‘zaro anglashuv memorandumini tuzish hamda qo‘shma loyihani ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.
Loyiha doirasida tomonlar, jumladan:
- inson huquqlari sohasidagi nashrlarni "Inson huquqlari uyi" axborot-resurs markaziga taqdim etish;
- inson huquqlari sohasidagi ta’lim doirasida tadbirlar o‘tkazish;
- Biznes va inson huquqlari bo‘yicha iilliy harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ko‘maklashish kabi amaliy tadbirlarni bajarishga kelishib oldilar.
Uchrashuv do‘stona muhitda va amaliy muloqot ruhida o‘tdi. Har ikki tomon O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish sohasidagi umumiy maqsadlarga erishish uchun yaqin hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.11.2024
- Ko'rishlar: 1242
- Chop etish