MUQADDAS KALOM FAYZI VA NURLARI

(Qur’oni karimning o‘zbek tilidagi yangi tarjimasi –

“Anvorul-Qur’on: Fayzul-Furqon” kitobi xususida ayrim mulohazalar)

 

Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ta’sis etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi mohir mutarjim Mirzo Kenjabek tomonidan tarjima qilingan “Anvorul-Qur’on: “Fayzul-Furqon” nomli Qur’oni karimning o‘zbek tilidagi yettinchi tarjimasini yaqinda chop etdi. Tarjimaga mufassir, hofizi Qur’on, o‘n qiroat bo‘yicha ijoza sohibi, ilohiyot fanlari doktori, professor Hasan Tahsin hazratlarining tarjimasi hamda ta’vil, izoh va sharhlari asos qilib olingan.

Shu o‘rinda alohida qayd etish lozimki, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on karim zalida Hazrati Usmon Qur’oni, Katta Langar Qur’oni, shuningdek ajdodlarimizga oid bo‘lgan 114 qo‘lyozma Qur’onlar namoyish etiladi.

O‘zbekiston qahramoni, zukko adabiyotshunos olim, mohir tarjimon, o‘zbek tilining zargari Ibrohim G‘ofurov o‘zining 2009-yil 16-aprelda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida chop etilgan “Qur’on tarjimalari: tajribalar” maqolasida shunday deb yozadi: “Istiqlol tufayli Qur’on va muqaddas hadislarni nashr etish, tushunishning yangi zamoni boshlandi. Qur’onni bilish va yuraklarga jo etishning yangi davri keldi” hamda “O‘zbekiston xonadonlariga Qur’onning o‘zbek adabiy tiliga bir emas, bir necha tarjimalari ishonch va iymon bilan kirib bordi”, – deb qayd etadi I.G‘ofurov.

 

Qur’oni karim va uning tarjimalari

 

Qur’oni karim buyuk Rabbimiz Alloh taoloning mo‘jiza Kalomi, yer yuzini nurga, hidoyatga, rahmatga to‘ldirgan muqaddas va muborak So‘zdir. Qur’on musulmonlar uchun dasturul-amal – Muqaddas kitob, amal qilib yashaladigan Ilohiy Qonundir. Qur’oni Karim – “Mehribonlik” kitobidir.

Qur’oni karim Alloh tomonidan Muhammad alayhissalomga tushirilgan vahiylar to‘plamidir. Vahiylar deganda Allohning Payg‘ambarimizga jo‘natgan diniy ko‘rsatmalari tushuniladi. Qur’oni karim samoviy kitoblarning oxirgisidir. Qur’on karimning ilmiy asoslangan 66 ga yaqin nomi bor. Qur’on, Furqon, Burhon, Kitob, Zikr, Tanzil, Nur, Mus’haf shular jumlasidandir. 23-yil davomida nozil qilingan bu ilohiy kitobda 30 pora, 114 ta sura bo‘lib, har bir sura uch yoki undan ko‘p, jami 6236 oyatdan tashkil topgan. Eng qisqa oyatlar “Toxo” va “Yosin”, eng uzun oyat “Baqara” surasining 282-oyatidir. Bu oyatlarda Alloh olamdagi eng kichik zarralardan tortib, bo‘lgan va bo‘lajak tarixiy voqea va hodisalar to‘g‘risida Payg‘ambarimizga xabar bergan.

Qur’oni karim oyatlarining 63 % Makkada, 37 % Madinada nozil bo‘lgan oyatlar tashkil etadi. Ya’ni Makka oyatlari 4780, Madina oyatlari 1456, jami bo‘lib 6236 oyatdir.

Kalomi sharifning til va bayon jihatidan ilohiy mo‘jizaligi u arab tilida o‘qilib, ma’nolari tushunib borilganida to‘la namoyon bo‘ladi. Boshqa har qanday tilga o‘girilganda arab tiliga xos xususiyatlar, nazmiy uslub, maftunkor ohang va ruhiy ta’sir o‘z kuchini qisman bo‘lsa-da, yo‘qotadi. Tarjimon har qancha mahoratli, tajribali, o‘z milliy lug‘atiga boy bo‘lmasin, oyatlarning arabcha holatidagi mazmuni boshqa tilda mukammal ifoda etishi mumkin emas. Arab tilida o‘qish va mazmunini anglash esa hammaning ham imkoniyati darajasida emas. Qur’oni karimni boshqa tillarga tarjima va tafsir qilish harakati ancha qadimdan boshlangan. Ayniqsa, arab bo‘lmagan xalqlarning Islom dinini qabul qilishlari bu harakatda asosiy omillardan bo‘lgan.

I.G‘ofurov haqli ta’kidlaganidek, “Qur’on yolg‘iz arab tilli xalqlarning emas, Yer yuzidagi barcha xudojo‘y, pokdil, yaxshilik tuyg‘usi bilan yashaydiganlar va umrlarni shular bilan o‘lchaydiganlarning mulki, ma’naviy-ruhiy xaloskor so‘zi, umr davonlarida eng mustahkam tayanch”.

Qur’oni karim jahon xalqlarining ko‘pgina tillariga o‘girilgan. Shuningdek, o‘zbek tilida ham bir necha tarjima va tafsirlar yozilgan.

Qur’onning dunyodagi turli ko‘plab tillarga tarjima qilinishi buyuk madaniy-ma’rifiy hodisadir. Qur’oni karim jahonning 250 dan ortiq tillarga ko‘p marotaba takror-takror tarjima qilingan. Jumladan, ingliz tilida 120 ga yaqin, fransuz tilida 120 dan ortiq tarjimalari mavjud. Shuningdek, rus tilida 20 dan ortiq, lotin, ispan, nemis va boshqa tillarda ham ko‘plab tarjimalari bor. Bu tarjimalarning ba’zilari ma’lum tilda gaplashadigan musulmonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ba’zilari esa musulmon bo‘lmagan sharqshunos mutaxassislar  va keng o‘quvchilar ommasi uchun chop etilgan. Ba’zi tarjimalar qiziqish va o‘rganib ko‘rish natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa, ayrimlari do‘stona maqsadda – samimiyona chuqur islomiy e’tiqod natijasida yuzaga kelgan. Sir emas, ba’zi tarjimalar muqaddas Qur’oni karimni qoralash, undan ayb qidirish, ya’ni dushmanlik maqsadida ham amalga oshirilgan.

Muqaddas Kalomning turkiy tillarga, jumladan, turk, tatar, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, turkman hamda fors tillarida ham ko‘plab tarjimalari borligi ma’lum. Qur’oni karimni umuman turkiy tillardagi tarjima va tafsirlari adadi ikki yuzdan oshib ketadi.

2004-yilda O‘zbekistonda Qur’oni karim ko‘zi ojizlar uchun bo‘rtma harflarda, ya’ni brayl yozuvida – alohida kirish kitobi bilan chop etildi. Bu nashr o‘zining yuqori sifati, betakror ko‘rinishi bilan o‘quvchiga hayrat bag‘ishlaydi. Shuni ta’kidlash kerakki, dunyoda Qur’oni karimning braylcha nashriga Misr Arab Respublikasi va Tunis davlatlaridan so‘ng uchinchi bo‘lib nashr etildi.

 

Qur’oni karim o‘zbek tilida

 

Turkiy o‘zbek tilida ham, tafsirlar bilan qo‘shganda, Qur’oni karimni 10 dan ortiq izohli va sharhli, tafsirli va ma’nolari tarjimalari bor. Lekin bizni hisobimizcha, sof to‘liq tarjima sifatida shu mahalgacha Qur’onni 6 ta to‘liq tarjimasi bo‘lib, bular jumlasiga quyidagilar kiradi.

1. Sayyid Mahmud Toroziy – Oltinxon To‘ra tarjimasi (1994);

2. Shayx Hoji Muhammadjon Mavlaviy Hindistoniy-Qo‘qandiy tarjimasi – “Bayonul Furqon fi tarjimatul Qur’on”;

3. Shayx Alouddin Mansur tarjimasi – “Qur’oni karim. O‘zbekcha izohli tarjima” (1992);

4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tarjimasi – “Tafsiri hilol” (1991);

5. Shayx Abdulaziz Mansur tarjimasi – “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri” (2001);

6. Shayx Usmonxon Alimov qalamiga mansub – “Tafsiri irfon” tarjimasidir.

Qur’oni Karim ma’nolarining ilk turkiy (eski o‘zbek tilidagi) tarjimasi 1956-yilda Saudiya Arabistonidagi vatandoshimiz Oltinxon To‘ra tomonidan, zamonaviy o‘zbek tilidagi birinchi tarjimasi esa 1991-yilda Alouddin Mansur tomonidan amalga oshirildi. Bu tarjima O‘zbekiston ma’naviy-ma’rifiy hayotida katta voqea bo‘ldi. Avval “Sharq yulduzi” jurnalining 1992 – 1993-yillardagi sonlarida, keyinchalik “Cho‘lpon” va G‘afur G‘ulom nomli nashriyotlarida millionlab nusxada chop etildi.

Shuningdek, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Hilol” tafsiri va alohida ma’nolar tarjimasi yurtdoshlarimizga Qur’oni karimni o‘zbek tilida yetkazishda ulkan voqea bo‘ldi. Tafsir va ma’nolar tarjimasi shundan keyin ham bir necha bor qayta-qayta nashrdan chiqarildi va hamon musulmonlarning bu asarlarga ehtiyojlari susaymayotir.

Shayx Abdulaziz Mansurning “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”ning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat.

● U xanafiy mazhabiga mansub mashhur mufassirlarning tafsir kitoblariga asoslangan holda tayyorlangan. Boshqa mazhablarga doir tafsiflardan ham kerakli joylarda foydalanilgan. Fiqhiy masalalar bo‘yicha to‘rt mazhab o‘rtasidagi farqlar imkon qadar qayd etib borilgan.

● Oyatlarning tarjimasida arabcha matn ma’nosi imkoni boricha so‘zma-so‘z ifoda etilgan. Qo‘shimcha yordamchi so‘z va izohlar qavs ichida berilgan.

● Tafsir kitoblar va boshqa foydalanilgan manbalarning nomlari iqtiboslardan keyin qisqartma shaklda ramziy harflar bilan berilgan.

● O‘quvchilarning foydalanishicha qulaylik yaratish maqsadida tarjima va tafsirlar Qur’oni karimning arabcha matni bilan bir sahifada yonma-yon berilgan.

● Tarjimon amalda bo‘lib kelgan yozuv qoidalariga rioya qilgan. Ya’ni 1990-yillardan boshlab, asosan, diniy adabiyotlarda o‘zgara boshlagan o‘zbek yozuvi imlolarini qayta tiklagan.

Shayx Usmonxon Alimovning “Tafsiri irfon” tarjimasida har bir sura avvalida sura nomining izohi va unda yoritiladigan mavzular haqida qisqacha ma’lumot berilgan. Oyatning arabcha matni ostiga uning o‘zbekcha o‘girmasi yo‘qon harflarda berilib, keyin tafsirga o‘tilgan. Oyatlar ko‘p o‘rinlarda boshqa oyatlar mazmuni bilan tafsir qilingan. Keltirilgan ma’lumotlarning manbalari ko‘rsatilgan va mo‘tabar asarlardan olingan. Suraning fazilati haqida kelgan xabarlar bo‘lsa, sura so‘nggida ilova qilingan.

Bundan tashqari, domla Mahbubiy-Marg‘iloniy, Shamsiddin Boboxonov, Ismatilla Abdullayev va boshqalarning fidoyi tarjima faoliyatlari urinishlari mahsuli ham o‘quvchilarga yetib bordi.

Islomshunos olim Mutallib Usmon (professor M.A.Usmonov) boshchiligidagi olim-sharqshunoslar (U.Uvatov, A.Idrisov, I.Abdullayev) tarjimonlar guruhi tomonidan “Qur’on karim: tarjima va ilmiy tarixiy izohlar” nomi bilan qilingan tarjima to‘liq chop etilmagani va keng kitobxonlar ommasiga yetib bormagani bois uni alohida zikr qilmadik. Shuningdek, oldingi davrlarda qilingan turkiy tarjima va tafsirlar keng xalq ommasiga ma’lum bo‘lmagani sababli, ularni ham alohida eslatib o‘tmadik. Biz faqat xalq istifodasiga havola etilgan tarjimalarni nazarda tutyapmiz, xolos.

Shuni alohida qayd etish zarurki, Qur’onning turli tarjimalari bir-birini inkor etmaydi, balki bir-birini to‘ldiradigan tarzda amalga oshirilgan. Barcha tarjimalarning umumiy xususiyati sodda va tushunarli zamonaviy o‘zbek tilida yangraganligidir. Bir so‘z bilan aytganda, har bir yangi tarjima e’tiroz natijasi emas, balki hayotiy ehtiyoj natijasidir. Shu bilan birga, hech bir tarjimon Alloh taoloning mo‘jiza Kalomini mukammal tarjima qildim, deya olmaydi, hech kim bu da’voni aslo qila olmaydi ham. “Albatta, tarjima har qancha mukammal bo‘lmasin, hech qachon asliyatning o‘rnini bosolmaydi. Tarjima asliyatga tenglasholmaydi”, – deb ta’kidlaydi I.G‘ofurov.

 

“Anvorul-Qur’on: “Fayzul-Furqon” tarjimasi va xususiyatlari

 

Nazarimizda, “Anvorul-Qur’on: “Fayzul-Furqon” o‘zbek tilidagi yettinchi to‘liq tarjimadir. “Fayzul-Furqon” tarjimasi nashriga ancha oldin, ya’ni chorak asr ruxsat berilgan bo‘lsa-da, mohir tarjimon Mirzo Kenjabek tarjimani tobora takomillashtirish maqsadida uni ko‘p nusxada chop etishga shoshilmagan. Tarjimonning yozishicha, ushbu tarjima 2009-yil 19-mart kuni nihoyasiga yetgan, so‘nggi tahriri esa 2021-yil 6-aprelda tugallangan.

Endi savol tug‘iladiki, Qur’oni karim ma’nolarining yettinchi izohli tarjimasi “Anvorul-Qur’on: “Fayzul-Furqon” qaysi jihatlari bilan oldingi tarjimalardan farqlanadi? Uning asosiy xususiyatlari nimalardan iborat? Ushbu savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Ma’naviy-madaniy, ilmiy-ma’rifiy va diniy-e’tiqodiy sohada har bir davrning o‘z talablari bo‘ladi. Mazkur tarjima ilgari 2005-yil juda oz nusxada chop etilgan bo‘lsa-da, yangi davrdagi yangicha talablar hamda O‘zbekiston Prezidentining yangi siyosatiga muvofiq, zamonaviy talablar asosida yangidan nashrga tayyorlandi.

Ilm ahllariga va butun xalqimizga ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bir necha marotaba Qur’oni karim ma’nolarini xalqimizga to‘g‘ri yetkazish, uning ma’no tafsirlariga e’tibor qaratish zarurligini alohida ta’kidlaganlar. Buning ustiga, “Yangi O‘zbekiston” va “Yangi Uyg‘onish davri” – “Uchinchi Renessans” degan ibora va shiorlar bilan dadil qadam tashlamoqda va olimlarimizdan yangicha kuch-g‘ayrat va jonli ilmiy-ma’rifiy faoliyatni talab etmoqda. Mazkur yangi tarjima ana shu hayotiy talablarga munosib va muvofiq bir fidoyi faoliyat namunasidir.

Tarjimon Mirza Kenjabek Qur’oni karimni tarjima qilish an’anasini davom ettirishdek, murakkab ishni o‘z zimmasiga olib, unga mas’uliyat va ehtiyotkorlik bilan yondashgan, o‘zining bor dunyoviy va diniy bilim, boy va ko‘p yillik tarjimonchilik tajribalarini bu xayrli ishga to‘la safarbar etgan.

“Anvorul-Qur’on: “Fayzul-Furqon”ni Mirza Kenjabek tarjimasining quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatish mumkin.

Birinchi xussiyati shuki, u tafsir sifatida emas, balki izohli tarjima sifatida amalga oshirilgan. Ko‘plab oyatlarga berilgan qisqa izohlar esa o‘quvchiga yordam bo‘lishi, muayyan oyatlarni hayotga tatbiq etishda osonlik tug‘dirishi uchun taqdim etilgan.

Ikkinchi xususiyati. Tarjimon o‘zbek tilidagi barcha mavjud tarjima va tafsirlardan foydalangan holda, mazkur tarjimada ularning eng yaxshi jihatlarini jamlashga harakat qilgan. Bu gap ko‘proq tarjimaning til xususiyatlari va so‘z boyligiga ham tegishlidir.

Uchinchi xususiyati. Izohlar va qavs orasida berilgan qo‘shimcha ma’no va ta’villar Ahli sunnat val-jamoat yo‘lining eng sahih va ishonchli tafsirlariga asoslangan. Bu xususiyatni quyidagi misol bilan ko‘rsatish mumkin.

Ilm ahllariga ma’lum, Qur’oni karimda “muhkam oyatlar” va “mutashobih oyatlar” degan iboralar bor. Alloh taolo Qur’oni karimni Oli Imron surasining 7-oyatida quyidagi ma’noda aytadi:

(Ey Rasulim!) Sizga Kitobni (Qur’onni) nozil qilgan Zot Udir. U (Qur’on)ning bir qismi muhkam (ochiq va aniq) oyatlardirki, ular Kitobning onasi (asli-tamali)dir; bir qismi esa mutashobih (ma’nosi maxfiy) oyatlardir. Bas, qalblarida egrilik bo‘lganlar fitna chiqarishni va (o‘z havoyi nafslariga ko‘ra) ta’vil qilishni istab, undan mutashobih bo‘lganlariga ergashurlar. Holbuki, uning ta’vilini faqat Alloh bilur. Ilmda komillik topganlar esa: «Unga iymon keltirdik, hammasi Rabbimiz huzuridandir», derlar. (Buni) aqli salim egalaridan boshqasi fikrlay olmas”.

Mutashobih – lug‘atda «bir-biriga o‘xshagan» demakdir. Istiloh (atama) sifatida esa ma’nosi bittadan ortiq bo‘lib, zohir (tashqi) ma’nosi bilan to‘liq anglashilmaydigan va haqiqiy ma’nosi Allohga havola etiladigan kalima va ifodalar yoki ko‘p ma’noda kelish ehtimoli bo‘lib, ulardan birini tarjih etib tanlashda qiyinchilik tug‘iladigan ifodalardir. Bular «Alif. Lom. Mim», «To. Ho» kabi hurufi muqatta’lar – ma’nodan uzilgan ifodalar, Allohning «qo‘li», «yuzi», «changali» «jannat» va «Arsh» kabi ifodalar va «Basir va Qodir» kabi sifatlardir. Faqat keyingi olimlar bid’at ahlidan bo‘lgan mazhablarga javob qaytarish  uchun bulardan zarur deb topilganlariga Islomning ruhiga va ta’vil shartlariga muvofiq holda ma’no berganlar. 

To‘rtinchi xususiyati. “Anvorul-Qur’on: “Fayzul-Furqon” kitobida so‘zma-so‘z tarjima qilish mumkin bo‘lmagan, ma’nosi berk mutashobih oyatlar eng mo‘tabar va ishonchli tafsirlar hamda Aqidaga oid kitoblarda berilgan ta’villar asosida ma’nolari jihatidan tarjima qilingan va har bir mutashobih oyatga alohida izohlar havola etilgan. Shuningdek, oldingi tarjimalarda uchragan ba’zi noaniq ifodalar bu kitobda baholi qudrat tuzatib o‘tilgan.  

Beshinchi xususiyati. Aqida masalalariga tegishli bo‘lgan oyat va iboralar qat’iyan Ahli sunnat val-jamoat aqidasiga mos talablar asosida, turli ixtilof va tortishuvlarga o‘rin qoldirmaydigan darajada tarjima qilingan va tayanilgan manbalar izohda yoki qavs ichida ilova etilgan. Ma’lumki, ayrim fiqhiy masalalar sunniylikning to‘rt mazhabida turlicha hal etilgan bo‘lishi mumkin. Mazkur tarjimada ibodatlar, meros, nikoh, taloq kabi barcha fiqhiy masalalarda, hamma ahkom oyatlari tarjimasida Hanafiy fiqhiga tayanib ish tutilgan.

Oltinchi xususiyati. Kitobxonlar oyatlar ma’nosini to‘g‘ri va to‘liq tushunishlari uchun deyarli har bir oyat tarjimasida qavslar ochilib, qo‘shimcha ma’nolari bayon qilingan. Oyatlar ma’nosini qo‘shimcha izohlar bilan bayon etilganda imkon qadar qisqalikka intinilgan. Zarurat sezilganda, bir qancha oyatlarning sharh va izohlari matn ostida kichik harflarda bayon etilgan.

Yettinchi xususiyati. Qur’oni karimning o‘zgartirish mumkin bo‘lmagan ba’zi istilohlari asl Qur’oniy shakli saqlangani holda, qaysi o‘rinda qaysi ma’noda kelgani qavs ichida izohlab o‘tilgan. Bunday tushuntirishlar keng xalq ommasi uchun, ayniqsa, yoshlar uchun foydali va juda zarurdir.

Yurtimizda Qur’oni karim ma’nolarini anglash va uni to‘g‘ri anglatish yo‘lida olib borilayotgan xayrli ishlar, tafsir va ishonchli tarjimalarning ortib borayotgani e’tiborga loyiq. Mazkur Mirzo Kenjabek tarjimasi ham ana shu yo‘ldagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatning xayrli va savobli bir ko‘rinishi hisoblanadi. Bunda tarjimaga “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish!” shiori asos qilib olingani bejiz qayd etilmagan.

Shu o‘rinda tarjimon Mirzo Kenjabek haqida muxtasar ma’lumot berib o‘tishni lozim topdik.

Otashin shoir va mohir adib, zukko tarjimon va qalami o‘tkir publitsist Mirzo Kenjabek (Kenjaboyev Mirza To‘ychiyevich) 1956-yilda Surxondaryo viloyatida tavallud topgan. Hozirda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida faoliyat olib bormoqda.

So‘nggi chorak asrdan buyon ijodkor asosan tarixiy-ma’rifiy, tasavvufiy, adabiy-irfoniy va fiqhiy mavzularda qalam tebratib kelmoqda.

Uning “Termiz tazkirasi” (2001), “Buyuk Termiziylar” (2017), “Hazrati Qusam ibn Abbos – Shohi Zinda” (2017), “Bobur Mirzo asarlarida arabiy matnlar” (2018) kabi tazkira va risolalari, “Dunyoning murshidi” (2004), “Risolayi volidiyya nazmiy tarjimasi va sharhi” (2019), “Oshiq Mashrab va tasavvuf olami” (2019), “Yoshlarga dil so‘zlarim” (2021) kabi tasavvufiy va adabiy kitoblari xalqimizga manzur bo‘lgan.

Mutasavvuf ijodkor Mirzo Ahmad Xushnazar taxallusi bilan “E’tikof” (2005), “Qabriston ziyorati odobi” (2005), “Mubayyan va nasriy bayoni” (2014), “Anvorul-manosik” (2014), “Eng go‘zal salovotlar” (2015) singari fiqhiy-ma’rifiy kitoblarni ham kitobxonlarga armug‘on etgan.

Mirzo Kenjabek tarjima sohasida ham nihoyatda barakali ijod qilib kelmoqda. U mohir mutarjim sifatida:

fors tilidan Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” tazkirasini (1997), Zayniddin Vosifiyning “Toshkent ta’rifida masnaviy” dostonini (2002), Hofiz Sheroziy, Sa’diy Sheroziy, Nosir Xusrav Dehlaviy, Mavlaviy Jununiy g‘azallarini;

arab tilidan Sirojiddin Usmon O‘shiyning “Omoliy” (1999) manzumasini o‘zbek tiliga yuksak saviyada tarjima qilgan.

Shuningdek, Abu Iyso Muhammad at-Termiziyning “Sunani Termiziy”, “Ash-Shamoyili al-Muhammadiyya”, Muhammad Zohid Qo‘tqu ibn Ibrohim al-Bursaviyning “Ahli sunnat val-jamoat aqoidi”, Shayx Mavlono Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviyning “Jomi’ ul-mutun”, Abul-Futuh Shayx Ahmad G‘azzoliyning “Bahrul mahabba”, Mahmud As’ad Jo‘shonning “Haqiqiy sevgi”, “Tasavvuf va go‘zallik”, “Murshidi komil hikmatlari”, Qutbiddin Iznikiyning “Murshidi mutaahhiliyn”, Hoji Ahmadjon Maxdum Hanafiy-Naqshbandiyning “Risolayi sujudi sahv” kabi ilmiy-ma’rifiy va hadis kitoblari Mirzo Kenjabekning sa’y-harakatlari bilan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, xalqimizga taqdim etildi.

Ushbu Mirzo Kenjabekning tarjimasi Islom ma’rifatiga oshno xalqimizni, ayniqsa, o‘zini ilm yo‘liga baxshida etgan ziyo ahllarini juda ham mamnun etadi!

Qur’oni karimning o‘zbek tilidagi navbatdagi tarjimasi xalqimiz uchun muborak bo‘lsin.

Mazkur tarjima Mirzo Kenjabek tomonidan amalga oshirilgan eng muhim va katta ilmiy-fidoyilik natijasidir.

Xulosa shuki, Qur’oni karimning yangi-yangi qirralarini o‘rganish, uni yangidan kashf etish ham davom etaveradi. Yangi O‘zbekistonda bu jarayon yanada faollashib borishi tabiiy. Avvalgi xato va kamchiliklarni takrorlamagan holda tobora sifatli tarjima va tafsirlarni ta’lif etish yangi asr ulamolarining sharafli va mas’uliyatli vazifalaridan biri. Boshqacha aytganda, bu muqaddas va ulug‘ Kitob bilimdon ulamolar tomonidan ko‘p marta, qayta-qayta  tarjima va tafsir qilinadi hamda bo‘lajak har bir tafsir o‘z xususiyati, fazilati va salohiyati bilan o‘quvchilarga Alloh taoloning so‘zini yanada yaxshiroq tanishlariga hamda uni chuqurroq tushunishlariga xizmat qiladi.

Alloh taolodan muqaddas Qur’oni karimning ushbu Mirzo Kenjabekning tarjimasi – “Anvorul-Qur’on: “Fayzul-Furqon” yurtimiz mo‘min-musulmonlari uchun, dunyodagi barcha o‘zbek zabon kitobxonlar uchun xayrli, barakotli, muborak aylashini tilab qolamiz!

 

Akmal Saidov,

akademik

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

"Jadid" gazetasi 2024-yil 8-noyabr kungi №46(46)-soni

Powered by GSpeech