2022 yil 11 fevral kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasi hamda Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida xuddi shu masala muhokama markazida bo‘ldi.
Mazkur Konvensiyaning bajarilishi yuzasidan oltinchi davriy hisobot, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida xalqaro paktning bajarilishi yuzasidan uchinchi davriy hisobotni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Hukumat delegatsiyasi a’zolarining hisoboti muhokama qilindi.
Ma’lumki, Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasi mustahkamlandi. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka implementatsiya qilindi, xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yanada faollashdi.
Parlament tomonidan ilk bor O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi Milliy ma’ruzalarini muhokama qilish amaliyoti joriy etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov o‘z ma’ruzasida ta’kidlaganidek, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabrda qabul qilingan. O‘zbekiston ushbu Konvensiyaga Oliy Majlisning 1995 yil 6 maydagi qaroriga muvofiq qo‘shilgan.
Mamlakatimizda, shuningdek, 2019 yil 2 sentyabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, birinchi bor “jins bo‘yicha bevosita kamsitish” va “jins bo‘yicha bilvosita kamsitish” tushunchalari qonun bilan mustahkamlandi.
Mazkur qonunga muvofiq, qonun ijodkorligi sohasiga normativ-huquqiy hujjatlarning majburiy gender-huquqiy ekspertizasi joriy etildi, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, Vazirlar Mahkamasi, Gender tengligini ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya, vakolatli organ va boshqa davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutalarining jamiyat hayotining turli sohalarida ayollarga nisbatan kamsitishning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha vakolatlari belgilandi.
Joriy yil 15-16 fevral kunlari BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining 81-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining oltinchi davriy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Parlament komissiyasi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Milliy ma’ruzasi taqdimoti sifatli tayyorlanishi uchun amalga oshirilayotgan ishlar holati tahlil qilindi. Milliy ma’ruzada O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotining barcha sohalarida kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni samarali yoritish, islohotlar qamrovi va mohiyati to‘g‘risida aniq hamda ishonchli ma’lumotlar o‘z aksini topishi zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda 2022 yil 22-23 fevral kunlari BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasida Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt talablarining O‘zbekiston Respublikasida bajarilishi holati bo‘yicha uchinchi davriy milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishi ham ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan mazkur Milliy ma’ruzada O‘zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni samarali yoritish, amalga oshirilayotgan islohotlar qamrovi va mohiyati to‘g‘risida aniq, lo‘nda ma’lumotlar berish masalasi ko‘rib chiqildi.
Tadbirda deputatlar, Inson xuquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Adliya, Ichki ishlar, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.02.2022
- Ko'rishlar: 3068
- Chop etish