O‘zbekistonning Uchinchi davriy milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqilmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi 71-sessiyasida 2022 yil 22-24 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqilmoqda.

Uchinchi davriy ma’ruzani ko‘rib chiqishda O‘zbekiston tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi onlayn qatnashmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Uchinchi davriy ma’ruzani 2019 yil 19 iyunda Qo‘mitaga taqdim qilgan. Mazkur Milliy ma’ruzani tayyorlashda 30 ga yaqin davlat organlari va 10 ta nodavlat notijorat tashkilotlar ishtirok etgan.

Uchinchi davriy ma’ruzada Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarining O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy qilinishi, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Jumladan, milliy ma’ruzada inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlarni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, kamsitishlarni bartaraf etish va tenglik, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash, gender tenglik, bandlik, kamg‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, ta’lim olish huquqini ta’minlash, madaniy huquqlarni ta’minlash kabi masalalar yoritilgan.

Ma’lumot uchun: Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt 1966 yil 16 dekabrda qabul qilingan. 1976 yil 3 yanvarda kuchga kirgan. O‘zbekiston Respublikasi mazkur Xalqaro paktga 1995 yil 31 avgust kuni qo‘shilgan.

Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mita BMTning shartnomaviy organi bo‘lib, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Qo‘mita tarkibi BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi tomonidan har to‘rt yilda saylanadigan 18 ta a’zodan iborat.

Qo‘mita Xalqaro paktga a’zo davlatlarning hisobotlarini ko‘rib chiqadi va inson huquqlarini himoya qilish sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zining taklif va mulohazalarini taqdim qiladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech