Toshkent – “Butunjahon kitob poytaxti” bo‘lishga loyiq

“Kitob — sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘izlik damlarida yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg‘uli damlarda madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir”. Ushbu qamrovdor va bebaho ta’rif ulug‘ alloma ajdodimiz Shayx Najmiddin Kubro hazratlariga tegishlidir.

 U zot zamonasidan so‘ng oradan qariyb to‘qqiz asr o‘tgach, ya’ni 1995 yil 15 noyabrda Parijda bo‘lib o‘tgan YuNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasi qaroriga muvofiq, 23 aprel — Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni deb e’lon qilingan. Shuningdek, YuNESKOning “Bolalar va o‘smirlar adabiyotida bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etganlik uchun” nomli mukofoti ta’sis etilgan.

Bu qarorning zamirida, bir tomondan, barcha zamindoshlarimizni kitob mutolaasidan zavqu shavq olishga, ikkinchi tomondan, o‘z asarlari bilan insoniyatning ijtimoiy va madaniy taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shgan shoirlar va yozuvchilar, dramaturglar va ssenariynavislar, olimlar va mutafakkirlar – jami mualliflarga ehtirom ko‘rsatishga jahoniy da’vat o‘z mujassamini topgan.

Shu tariqa 23 aprel — barcha mualliflar, noshirlar, ustozlar, kutubxonachilar va kitob olamiga aloqador kasblar egalarining umuminsoniy bayram kuniga aylandi. Xuddi shu sanada dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kitob yarmarka va ko‘rgazmalarini tashkil etish an’ana tusini oldi.

Bu haqda so‘z borganda, YuNESKO tomonidan 1952 yili Jenevada tashkil etilgan konferensiyada butunjahon mualliflik huquqi belgisi (©) amaliyotga tatbiq etilgani ulkan yutuqlardan biri bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim. Ayni shu anjumanda Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi butunjahon konvensiyasi ham qabul qilingan.

Hozirgi vaqtda Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni jahonning 100 dan ortiq mamlakatida millionlab insonlar tomonidan nishonlanadi. Sana munosabati bilan turli uyushmalar va kasbiy tashkilotlar, maktablar va oliy o‘quv yurtlari, davlat muassasalari va xususiy korxonalarda ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

O‘tgan davrda shu bayram tufayli Yer yuzining turli qit’alarida yashaydigan va turli madaniyatlarga mansub bo‘lgan qanchadan-qancha insonlar o‘rtasida do‘stlik va birdamlik tuyg‘ulari qaror topdi hamda mustahkamlandi. Mualliflik huquqlarini muhofaza etish holati tubdan yaxshilandi.

Bashar ahli kitobning ahamiyati nihoyatda serqirraligini tobora teran anglamoqda. Ya’ni, kitob:

  • bilimlar koni;
  • qadriyatlar timsoli;
  • ma’naviy meros qo‘rg‘oni;
  • sivilizatsiyalararo muloqot vositasi;
  • rang-barang madaniyatlar ko‘zgusi;
  • moddiy farovonlik manbai;
  • mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan noyob ijod mahsulidir.

Joriy yilda ta’sis etilganiga 27 yil to‘lgan ushbu xalqaro sana 1996 yildan buyon O‘zbekistonda ham keng nishonlab kelinmoqda. Kitob va kitobxonlik, ijod va ijodkorlik, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifatni targ‘ib etishga qaratilgan bu muhim sana joriy yilda mamlakatimizda odatdagidan-da tantanali tarzda kutib olindi.

Bu o‘rinda, albatta, yurtimizda "Kitobsevar millat" shiori ostida o‘tkazilgan Ikkinchi Respublika "Kitobxonlik haftaligi" haqida so‘z bormoqda. Haftalik doirasida butun mamlakatimiz bo‘ylab madaniy va ma’rifiy tadbirlar, kitob ko‘rgazma-yarmarkalari, taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ma’lumotlariga qaraganda, haftalik doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida bevosita kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan 480 dan ortiq taqdimot, 40 dan ortiq ilmiy-amaliy seminar, davra suhbati va muloqotlar o‘tkazilgan. Joylarda 320 ta turli madaniy-ma’rifiy dastur, teatr tomoshalari, dizayner-rassomlarning ijodiy ko‘rgazmalari tashkil etilgan.

Ayniqsa, haftalik doirasida «Mehr kutubxonasi» ijtimoiy loyihasi doirasida butun respublika bo‘yicha Mehribonlik va Qariyalar uylari hamda Muruvvat mussasalariga 3 ming 500 dan ortiq nusxadagi kitoblar beg‘araz hadya etilgan. Shuningdek, poytaxtimizning «Magic City» shaharchasida 32 ta nashriyot-matbaa ijod uyi tomonidan o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida sohaga mutaxassilar tayyorlovchi 7 ta oliy o‘quv yurtining 340 nafar talabasi ishtirok etib, ularning 40 dan ortig‘i bilan mehnat shartnomalari tuzish haqida kelishib olingan.

Bularning barchasi bejiz emas. Chunki kitob bizga hayotni o‘rgatadi, har birimizni dunyo sir-sinoatlari va ma’rifatidan bahramand etadi.

Kitob – bilim o‘rgatishning eng qudratli omili va bilimni asrashning ishonchli vositasidir. Kitob insonni ma’rifatga oshno etadi, dunyodagi turfa madaniyatlar va an’analarning ma’no-mohiyatini anglashga ko‘maklashadi, yashash hamda ijod qilishga doimo ilhomlantirib turadi.

Shu ma’noda, so‘nggi yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda matbaa va noshirlik sohasini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, bosma mahsulotlar bozorini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli va tizimli ishlar amalga oshirilganini ta’kidlash darkor. Bunda, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 16 martda qabul qilingan "Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori alohida ahamiyatga egadir.

Binobarin, Prezidentimiz qarori chiqquniga qadar matbaa va noshirlik sohasidagi ishlar ahvoli ushbu tizimdagi tashkilotlar o‘rtasida raqobat muhitini kuchaytirishni taqozo etardi. Mualliflik huquqi buzilishining oldini olish, sifatsiz matbaa mahsulotlari ishlab chiqarilishini cheklash, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni chop etish tartibini qayta ko‘rib chiqish masalalari ham dolzarb bo‘lib turgandi.

Shuning uchun bu borada 3 ta asosiy maqsad ko‘zda tutildi. Ya’ni, qarorga muvofiq:

birinchidan, noshirlik va matbaa sohasida davlat aralashuvini keskin kamaytirish;

ikkinchidan, sohada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish;

uchinchidan, ta’lim muassasalari uchun sifatli darsliklar va o‘quv-metodik majmualar yetkazilishini ta’minlashga doir bir qator vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

         Keyingi davrda mamlakatimizda yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga, ularning kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga katta e’tibor berilayotgani davlatimiz rahbari tomonidan beshta muhim tashabbus ilgari surilgani misolida yana bir bor yaqqol tasdig‘ini topdi.

         Shu tashabbuslarning to‘rtinchisi aynan kitob va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan. Ushbu tashabbus doirasida yurtimizda kitobxonlik klubi tashkil etildi, umumta’lim maktablariga yuz minglab nusxada kitoblar sovg‘a qilinmoqda.

         Davlatimiz rahbari kitobsiz, ya’ni ilmsiz farovon kelajakka erishib bo‘lmasligiga o‘z vaqtida e’tibor qaratdi. Xususan, 2017 yil 12 yanvarda Prezidentimizning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi imzolangandi. O‘tgan vaqt ichida bu yo‘nalishda juda salmoqli ishlar amalga oshirildi.

         O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi hamda 2019 yil 7 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari ayni sohadagi islohotlarning izchilligiga keng yo‘l ochdi.

         Yanada muhimi, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan biri ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutadi. Taraqqiyot strategiyasining 72-maqsadida:

birinchidan, aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada rivojlantirish;

ikkinchidan, kitobxonlikni keng ommalashtirish;

uchinchidan, “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish vazifalari belgilab berilgan.

         Aslida ham, kitob va kitobxonlik har bir davrning eng dolzarb mavzularidan biri bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda uning dolzarblik ko‘lami yanada ortdi. Chunki kitob o‘qishda hikmat ko‘p. Keng dunyoqarash va bilimga ega bo‘lishda kitobning ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.

Kitob insonni intizomli qiladi. Nafsni yengishga va kattani hurmat, kichikni izzat qilishga o‘rgatadi. Kitob o‘qigan kishi qonunlarga itoat qilish kerakligini anglaydi.

Sir emaski, “Sovid-19” deb nom olgan tojdorvirus XXI asrda yashayotgan, texnika-texnologiya yuksak taraqqiy topgan insoniyat jamiyatini shoshirib qo‘ydi. Ma’rifat, jumladan, kitob mutolaasi esa kishini fikrlar, o‘y-tashvishlar jangida g‘olib chiqishga chorlaydi.

          Bugungi taraqqiy etayotgan texnika davrida ko‘pchilik mutolaaga vaqt ajrata olmasligi mumkin. Ammo har qanday vaqtda ham kitob o‘qishga vaqt topgan inson yutadi. Bir narsani unutmasligimiz kerak, yaqinlarni kitob o‘qishga da’vat qilish ularga yaxshilik tilash hisoblanadi.

YuNESKO hamda kitob sanoatining uchta asosiy sektori – noshirlik, kitob savdosi va kutubxonachilik sohalari faoliyati bilan shug‘ullanadigan xalqaro tashkilotlar har yili 23 aprelda dunyo shaharlaridan biriga “Butunjahon kitob poytaxti” faxriy unvonini taqdim etishi xayrli an’anaga aylangan. Bunday sharafga sazovor bo‘lgan shahar, odatda, kitob va kitobxonlikni keng targ‘ib etish, yil davomida bu borada alohida chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish majburiyatini zimmasiga oladi.

Madrid 2001 yilda “Butunjahon kitob poytaxti” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan ilk shahardir. Keyingi yillarda Aleksandriya (Misr, 2002), Nyu-Dehli (Hindiston, 2003), Antverpen (Belgiya, 2004), Monreal (Kanada, 2005), Turin (Italiya, 2006), Bogota (Kolumbiya, 2007), Amsterdam (Niderlandlar, 2008), Bayrut (Livan, 2009), Lyublyana (Sloveniya, 2010), Buenos-Ayres (Argentina, 2011), Yerevan (Armaniston, 2012), Bangkok (Tailand, 2013), Port-Xarkort (Nigeriya, 2014), Inchxon (Janubiy Koreya, 2015), Vroslav (Posha, 2016), Konakri (Gvineya, 2017), Afina (Gresiya, 2018), Sharja (Birlashgan Arab amirliklari, 2019), Kuala-Lumpur (Malayziya, 2020), Tbilisi (Gruziya, 2021) shunday sharaflandi.

Ushbu ro‘yxat bilan tanishar ekanman, bundan bir necha yil ilgari akademik Akmal Saidov ayni mavzudagi maqolasida Toshkent shahrini – “Butunjahon kitob poytaxti”ga aylantirish tashabbusini ilgari surgani haqida o‘yladim. Haqiqatan ham, mamlakatimiz poytaxti bu faxriy unvonga har tomonlama munosibdir. Bugungi kunda turli xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni zabt etayotgan Yangi O‘zbekiston uchun bunday marra cho‘t emas, nazarimda.

Xulosa o‘rnida O‘zbekiston Prezidentining bu yilgi Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni arafasida, 21 aprel kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida yurtdoshlarimiz bilan jonli muloqoti asnosida bildirgan bir fikrini keltiraman.

Ya’ni, «Imkonim bo‘lishi bilan kitob o‘qishga harakat qilaman. O‘sha kuni 1 soatcha bo‘sh vaqtim paydo bo‘lib qolgandi, Amir Temur va To‘xtamishxon o‘rtasida jang tarixini o‘qidim. Buyuk sarkardamiz qanday g‘alaba qozongani menga juda qiziq edi. To‘xtamish ham osonlikcha yutqazmagan ekan, bunda Amir Temur bobomizning yuksak harbiy taktika va strategiyasi, dovyurakligi ish bergan. O‘zimga ham yozvoldim, Amir Temur jangda 7 ta usulni qo‘llagan ekan”, dedi davlatimiz rahbari.

Ramazon oyining muborak kunlarida tilagimiz shuki, har birimizga kitobxonlik bobida millat ulug‘laridan o‘rnak olish va yurtimizning navqiron avlodiga munosib namuna ko‘rsatish imkoniyati musharraf bo‘lsin.

 

G‘ulom Mirzo,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Powered by GSpeech