Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha takliflarning 60 foizi yoshlar tomonidan taqdim etilgan

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari asosida loyihani takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Majlisda mazkur masala yuzasidan Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov axborot berdi:

— Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan keng ko‘lamli muhokamalar amalga oshirilib, joylarda 20 mingga yaqin tadbirlar tashkil etildi. Qonun loyihasining muhokamalarida yoshlar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari faol ishtirok etdi. Qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga chiqarilgandan so‘ng, 5 iyul holatida jami 60 ming taklif kelib tushgan bo‘lsa, 1 avgustga qadar takliflar soni 150 mingdan ortdi. Ya’ni 1,5 barobar ko‘paydi.

Fuqarolardan kelib tushayotgan takliflar orasida davlatning ishsizlikni tugatishi, soliqqa tortishning adolat prinsiplariga mos bo‘lishi, davlatning zarur hollarda xorijdagi fuqarolarga huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatishi, mehnat huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishi, ayollar va erkaklar huquqlarining tengligi, yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri bo‘lishi, odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishini belgilash va boshqa shu kabi takliflar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu, o‘z navbatida, qonun loyihasi xalqimiz takliflari asosida maromiga yetkazilib, Asosiy qonunimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasiga aylanayotganidan dalolat beradi.

Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida xorijdagi vatandoshlarimiz ham befarq bo‘lmadi. Jumladan, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya va boshqa davlatlardan vatandoshlarimizning yuzlab taklif va munosabatlari kelib tushdi.

Takliflarning 60 foizi yoshlar tomonidan taqdim etilgan. Shuningdek, kelib tushgan takliflarni o‘rganish davomida aniq bo‘ldiki, ularning 56 foizi erkaklar, 40 foizi ayollar tomonidan yuborilgan. 4 foizining esa shaxsi ochiqlanmagan.

Mas’ul qo‘mitalar umumxalq muhokamasi davomida berilgan takliflarni o‘rganib chiqish uchun Konstitutsiyaviy komissiya bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Qo‘mita majlislarida mutaxassislar, ekspertlar, jamoatchilik, OAV vakillari, qolaversa, takliflari dolzarb ahamiyat kasb etgan mualliflar ishtirokida muhokamalar tashkil etildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi 6 turdagi ekspertizadan o‘tkazildi. Har bir taklif va ekspertiza xulosalari ekspertlar, mutaxassislar, olimlar, siyosatchilar ishtirokida chuqur muhokama qilib borilmoqda, — dedi J.Shirinov.

Muhokamalar davomida deputatlar Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish jarayoni bilan bog‘liq qator savollar bilan murojaat qildi.

Jumladan, O‘zXDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov kelib tushgan takliflarni qabul qilish yoki rad etishda qanday mezonlarga qarab ish tutilayotgani bilan qiziqdi.

— Albatta, takliflarni saralash, maqbullarini qabul qilishda ishchi guruh vakillari muayyan mezonlarga qarab yo‘l tutmoqda, — dedi J.Shirinov. — Masalan, avvalo, takliflarning Taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan maqsad-vazifalarga mosligi e’tiborga olinmoqda. Shuningdek, «Inson — jamiyat — davlat» tamoyili hamda «inson qadri uchun» tamoyiliga mosligi, xalqchilligi, bugungi islohotlarga zid kelmasligi, milliy qadriyatlarimizga, tarixiy tajribalarimizga hamohangligi, dolzarbligi, Bosh qomusimizda mustahkamlashning zaruriyati kabi jihatlar e’tiborga olinmoqda.

Shundan so‘ng majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov so‘zga chiqib, Konstitutsiyaviy islohotlar, mazkur siyosiy jarayonlarning xalqaro doiralarda e’tirof etilayotgani xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamalari yakunlari bo‘yicha siyosiy partiyalar fraksiyalarining pozitsiyalari tinglandi. Loyihani yanada takomillashtirish va xalqchil Qomusni yaratishda barcha fraksiyalar vakillari faol ishtirok etishi ta’kidlandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech