Inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi

2022 yil 12 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Yig‘ilishni Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlament komissiyasi raisi A.Saidov kirish so‘zi bilan ocharkan, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish, bu yo‘nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, inson huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning tenglik asosida barcha inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlash maqsadida 2021 yil 7 iyun kuni Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan edi.

 

Dastlab yig‘ilishda ushbu konvensiyaning qoidalari ijrosini ta’minlash borasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tayyorlangan “2022-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlri to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi” (“Yo‘l xaritasi”) loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

 

Milliy harakatlar rejasini tuzishda barcha davlat organlari, xususan, mamlakatdagi fuqarolik jamiyati institutlari ham faol ishtirok etdi. Ushbu masala parlament komissiyasida ko‘rilgach, Milliy harakatlar rejasi loyihasini ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi hamda Senati Kengashining qo‘shma yig‘ilishlariga kiritish lozimligi ta’kidlandi.

 

Yig‘ilishda kun tartibidagi ikkinchi masala – Prezidentimizning 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi ham ko‘rib chiqildi.

 

Ta’kidlanganidek, “Yo‘l xaritasiga” oid 78 banddan 64 ta band bo‘yicha ishlar bajarilgan. 12 ta band bo‘yicha ishlar davom etayotgan bo‘lsa, 6 ta bandning muddati uzaytirilgan. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyasida belgilangan 33 qonun hujjatlari loyihalarining 19 tasi qabul qilingan holda, 14 tasini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Parlament komissiyasi yig‘ilishida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyasida belgilangan va bajarilmay qolgan bandlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu masalada sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik va ushbu hujjat ijrosini ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan tegishli davlat organlari rahbarlarining hisobotini bevosita Parlament komissiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqish zarurligi aytildi.

 

Yig‘ilishda Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi Xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining O‘ninchi-o‘n ikkinchi davriy maruzalarini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BMT irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish yuzasidan 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining ijrosi bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining axboroti eshitildi.

 

Qayd etilishicha, 2022 yil birinchi yarim yilligi yakuni bo‘yicha Milliy harakatlar rejasining ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilda Milliy markaz tomonidan “Kamsitishga yo‘l quymaslik va tenglik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Qolaversa, etnik guruhlarning huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar bo‘yicha tahliliy ma’lumotnoma tayyorlangan holda ularning huquqlarini amalga oshirish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

 

Komissiya yig‘ilishida Prezidentimizning 2021 yil 26 iyundagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha vakilning (Ombudsmani) 2022 yil birinchi yarim yillik davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tahliliy axboroti eshitildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) Feruza Eshmatovaning ma’lum qilishicha, Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik guruhlari tomonidan 2022 yilning birinchi yarim yillik davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 156 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan.

 

Mazkur tashriflar davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash sharoitlari, xususan, yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, harakatlanish erkinligi cheklangan shahslar uchun olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiena talablariga rioya etilayotgani, ta’lim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar o‘rganilgan.

 

Yig‘ilishda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusovaning ham joriy yilning birinchi yarim yillikdagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

 

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni doimo qo‘llab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilish, ular uchun har tomonlama imkoniyat yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash, o‘qishi, malakali tibbiy yordam qabul qilishi uchun davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilib berilmoqda.

 

Hisobot davrida Bolalar ombudsmani nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillaridan, bolalar hamda ular qonuniy vakillari tomonidan jami 325 ta murojaat kelib tushgan va ular Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan to‘liq nazoratga olingan. 48 ta murojaatlar idora va tashkilotlar tomonidan qanoatlantirilgan bo‘lsa, 189 ta murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan.

 

Shuningdek, Bolalar ombudsmani tomonidan bola huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yuzasidan davlat tashkilotlariga 38 ta so‘rovlar yuborilgan. Eng muhimi, hisobot davrida Bosh prokuratura tomonidan 71 nafar tarbiyalanuvchilarga ota-onalaridan 389,3 mln. so‘m alimentlari undirib berildi.

 

Yakunda muhokama etilgan masalalar yuzasidan Parlament komissiyasining tegishli bayonnomasi tuzildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

Powered by GSpeech