“SHANXAY XAMKORLIK TASHKILOTIGA A’ZO DAVLATLAR KONSTITUTSIYALARI” KITOBI CHOP ETILDI

Joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli anjuman pandemiya boshlanganidan beri, ya’ni so‘nggi uch yilda ilk marta bevosita muloqot shaklida o‘tkaziladi.

 

So‘nggi yigirma yilda xalqaro hamjamiyat ShHT faoliyatida katta o‘zgarishlar guvohi bo‘ldi. Buyuk ipak yo‘lining marvaridi — Samarqandda qator muhim konseptual hujjatlar, jumladan, “Shanxay ruhi” tamoyili asosida xalqaro miqyosda ShHTning tadrijiy rivojini yangi bosqichga olib chiquvchi ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkiloti katta geo grafik hududni qamrab oladi hamda sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtiradi. Tashkilot qisqa fursatda maslahat mexanizmi shaklidan keng qamrovli davlatlararo birlashmaga aylana oldi. Bunga ShHTning asosiy instrumentlari — teng huquqlilik va konsensus, sivilizatsiyalararo va madaniy xilma-xillik, shuningdek, barcha a’zo davlatlarning suverenitetini hurmat qilish kabilar yordam berdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasida to‘g‘ri ta’kidlanganidek, “Bugun biz yashayotgan, jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo‘li — konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir... “Samarali xalqaro hamkorlik — bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omilidir”.

Qadimdan “g‘oyalar va bilimlar o‘chog‘i, madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasi” bo‘lgan Samarqand hozir ham davlatlararo muloqot, global va mintaqaviy masalalarga yechim topish uchun eng munosib shaharlardan biridir. Bugungi kunda “Samarqand ruhi” mamlakatimizning muhim xalqaro va diplomatik tashabbuslarini ilgari surish hamda targ‘ib etish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini bajarmoqda.

Yangi O‘zbekistonning zamonaviy diplomatiyasida Samarqand alohida ahamiyatga ega. Ushbu qadimiy va navqiron shahar “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” xalqaro konferensiyasi (2017 y.), Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi (2018 y.), Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi (2020 y.) kabi jahon miqyosidagi yirik anjumanlarga mezbonlik qilgani fikrimiz dalilidir.

Samarqanddagi ShHT sammiti arafasida akademik A.Saidov mas’ul muharrirligidagi yangi nashr — “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar konstitutsiyalari” kitobi chop etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan tayyorlangan mazkur to‘plam ShHTning rasmiy tillarida “TASVIR” nashriyotida yuqori sifatda qalin muqovada nashrdan chiqdi. Kitob sahifalaridan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar — Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Hindiston va Pokiston konstitutsiyalari o‘rin olgan.

Nashr ShHT miqyosida konstitutsionalizm rivojining barcha jabhalari bilan tanishish imkonini beradi. To‘plamda qayd etilganidek, “ShHT – bu sivilizatsiyalararo muloqot va madaniy-ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlash uchun istiqbolli maydon ekanini unutmaslik kerak”.

Xalq diplomatiyasi, turizm, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni kuchaytirish, yangi madaniy-ijtimoiy tashabbuslar orqali “Shanxay ruhi”ni amalda ifoda etish, shuningdek, ShHT faoliyati kun tartibini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kambag‘allikni qisqartirish, o‘simliklar karantini, ShHTning global miqyosdagi nufuzini mustahkamlash va xalqaro aloqalarini kengaytirish kabi hamkorlikning yangi yo‘nalish va shakllari bilan boyitish ham muhimdir.

Kitobda ta’kidlanganidek, “ShHT makonining konstitutsiyaviy rivojlanishi muayyan umumiylik bilan tavsiflanadi”. Tashkilotga a’zo davlatlar konstitutsiyalarining dinamik rivojlanishi, ularda “xalq hokimiyatchiligi, davlat boshqaruvining respublika shakli, davlatning ijtimoiy va dunyoviy xususiyatlari, inson huquq va erkinliklarining ustuvorligi, hokimiyatning bo‘linishi, mulk shakllarining ko‘pligi va teng huquqliligi, hududiy yaxlitlik” kabi tamoyillar mustahkamlangani shular jumlasidandir.

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, ShHTga a’zo barcha mamlakatlarning konstitutsiyasi ilk bor yaxlit to‘plam holida nashr etildi. To‘plam har bir mamlakatning konstitutsiyaviy o‘ziga xosligini, ShHT makonida konstitutsiyaviy-huquqiy plyuralizm va tadrijiy rivojlanishni namoyon etishi bilan ham ahamiyatli.

O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar davrida ShHTga a’zo mamlakatlarning konstitutsion tajribasini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu esa ushbu nashrning ahamiyatini yanada oshiradi.

Mamlakatimizning ShHTga raisligi doirasida nashr etilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar konstitutsiyalari” kitobi ilmiy tadqiqotchilar, olimlar, davlat idoralari, ilmiy va ta’lim muassasalar mutaxassislari, talabalar va jahonda konstitutsionalizm taraqqiyoti masalalariga qiziquvchi keng aholi qatlami uchun kerakli va foydali manba bo‘lishi shubhasiz.

 

Mirzatillo TILLABOEV,

 yuridik fanlar doktori

Powered by GSpeech