Shu yil 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti arafasida "Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Konstitutsiyalari" nomli kitob chop etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ingliz va rus tillarida nashrga tayyorlangan ushbu kitobning mas’ul muharriri akademik Akmal Saidov bilan yangi nashr mavzusi, mazmun-mundarijasi va ahamiyati haqida suhbatlashdik.
— Kitob Shanxay hamkorlik tashkiloti makonidagi konstitutsiyaviy taraqqiyot mavzusiga bag‘ishlangan, — dedi A.Saidov. — U siyosatchilar, qonun ijodkorlari, tadqiqotchi va olimlar, davlat organlari, ilmiy va ma’rifiy muassasalar mutaxassislari, talabalar hamda jahon konstitutsionalizmi masalalariga qiziqadigan barcha kitobxonlar uchun foydali manba bo‘lishi shubhasiz.
— Mazkur kitobning ahamiyati nimada?
— Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) makonidagi Konstitutsiyalar to‘plamining nashr etilishi kamida quyidagi ikkita sababga ko‘ra, katta ahamiyat kasb etadi.
Birinchi sabab. Kitobda bugungi kunda ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot — ShHTga a’zo mamlakatlarning Konstitutsiyalari ilk bor yaxlit holda jamlangan. Haqiqatan ham, ShHTning umumiy maydoni 34 million kvadrat kilometrdan iborat bo‘lib, bu Yevroosiyo materigining 60 foizdan ziyod hududi, deganidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, "Bugungi kunda ShHTga a’zo davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon ko‘rsatkichining qariyb chorak qismini tashkil qilmoqda". Ushbu raqam 2030 yilga borib 35-40 foizga oshishi kutilmoqda.
Ikkinchi sabab. Yangi nashrda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bugungi konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida xalqaro va xorijiy konstitutsiyaviy amaliyotni, jumladan, mamlakatimiz bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy va kommunikatsiyaviy jihatdan uzviy bog‘liq bo‘lgan ShHT davlatlarining bu boradagi tajribasini o‘rganishga katta e’tibor qaratilayotgani o‘z aksini topgan.
Shuni ham qayd etish joizki, keyingi 30 yil davomida "ShHT oilasi"ga mansub mamlakatlarda 10 dan ortiq konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilgan. Bu islohotlar jarayonida konstitutsiyaviy tuzumni tubdan yangilash, suverenitetni mustahkamlash, davlatlarning konstitutsiyaviy va milliy o‘ziga xosligini qayd etish kabi yangilanishlar yo‘lidan borilgan.
Bunda har qaysi davlatning konstitutsiyaviy o‘ziga xosligi, betakrorligiga alohida e’tibor berilganki, ayni omillar ShHT makonidagi konstitutsiyaviy-huquqiy xilma-xillikdan dalolat beradi. Ayni chog‘da ShHT mamlakatlarida amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar falasafasi ushbu yangilanishlarning ko‘p jihatdan uyg‘unligi va hamohangligini ham tasdiqlaydi.
— ShHT makonidagi konstitutsiyaviy islohotlarga xos uyg‘unlik nimalarda ko‘rinadi?
— ShHTga a’zo davlatlar Konstitutsiyalarining asosiy o‘ziga xos xususiyatlaridan biri — konstitutsiyaviy islohotlarning inson sha’ni va qadr-qimmati, insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ta’minlashga yo‘naltirilganligidir. Bu mezonlar qadimgi Sharq allomalarining inson — mukarram zot hamda tabiatni asrab-avaylaydigan va yer yuzidagi hayotni davom ettiradigan ongli jonzot ekaniga doir teran insoniylik g‘oyalariga tayanadi.
Buning tasdig‘i sifatida ayrim misollar keltiraman:
Xitoy Xalq Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, "Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolarining sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Fuqarolarni har qanday yo‘l bilan haqoratlash, tuhmat qilish, asossiz ayblash va tahqirlash taqiqlanadi" (38-modda);
Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, "inson qadr-qimmati daxlsizdir" (38-modda), "hech kim qiynoqqa, zo‘ravonlikka, boshqa xil shafqatsiz yoki inson qadr-qimatini yerga uradigan muomala yoxud jazoga duchor etilmasligi shart" (17-modda), "har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, shaxsiy va oilaviy hayot, o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan himoyalanish huquqiga ega" (34-modda), "har qaysi shaxs boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur" (18-modda);
Hindiston Respublikasi Konstitutsiyasida har bir shaxsning sha’ni va qadr-qimmati kafolatlanishi hamda himoya qilinishi ta’kidlangan, xususan, 39-moddada davlat siyosatining tegishli prinsiplariga ko‘ra, bolalarning "erkinligi va qadr-qimmatini ta’minlaydigan darajada ular sog‘ligi uchun zarur rivojlanish shart-sharoitlari" yaratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 51A-moddada har bir fuqaroning "xotin-qizlar qadr-qimmatini yerga urish bilan bog‘liq illatlardan voz kechish" majburiyati qayd etilgan;
— Keyingi davrda tobora urfga aylanayotgan dolzarb mavzu: ekologiya muammolariga ShHT makonidagi Konstitutsiyalarda qanday huquqiy yechimlar ko‘zda tutilgan?
— Chindan ham, inson va tabiat o‘rtasidagi o‘zaro uyg‘un hamjihatlikni ta’minlash ShHTga a’zo davlatlar Konstitutsiyalarining yana bir asosiy o‘ziga xos xususiyatidir, desak, yanglishmaymiz. Chunki ayni mavzu Sharqning qadimda yashab o‘tgan ulug‘ allomalarini qanchalik o‘ziga jalb etgan bo‘lsa, zamondoshlarimizning doimiy diqqat markazida ham shunchalik dolzarbligini saqlab turibdi.
Ayni soha bo‘yicha ShHTga a’zo davlatlar Konstitutsiyalarida quyidagi normalar belgilangan.
Xitoy Konstitutsiyasining 26-moddasiga muvofiq, "davlat atrof-muhitni muhofaza qilish va sog‘lomlashtirish bo‘yicha choralar ko‘radi. Davlat daraxt ko‘chatlari ekish va ko‘kalamzorlashtirish bilan bog‘liq ishlarni rag‘batlantiradi, o‘rmonzorlarni muhofaza qiladi";
Qozog‘iston Konstitutsiyasi 31-moddasida qayd etilishicha, "davlat atrof-muhitni, hayotni va inson salomatligini yaxshilash bo‘yicha muhim maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yadi", 61-moddaga binoan "parlament ...atrof-muhitni muhofaza etishga taalluqli qonunlar chiqarish huquqiga ega".
Hindiston Konstitutsiyasining 48A-moddasida qayd etilishicha, "davlat atrof-muhitni himoya qilish va yaxshilash, shuningdek, mamlakat o‘rmonzorlari hamda jonli tabiati muhofaza etilishini ta’minlashga intiladi".
— Davlat va iqtisodiyot masalasi ShHT makonidagi Konstitutsiyalarda qanday aks ettirilgan?
— ShHT makonidagi davlatlar raqobatbardoshligini oshirishning eng muhim sharti fuqarolarning xususiy mulkini himoya qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Shuning uchun ayni sohada ham ShHTga a’zo davlatlar Konstitutsiyalari o‘zaro hamohang va farqli normalari bilan ajralib turadi. Xususan:
Xitoy Konstitutsiyasining 11-moddasiga ko‘ra, "iqtisodiyotning nojamoat sektori, shu jumladan, qonun doirasida faoliyat olib boradigan yakka tartibdagi va xususiy xo‘jaliklar sotsialistik bozor iqtisodiyotining muhim qismidir. Davlat yakka tartibdagi va xususiy xo‘jaliklar qonuniy huquqlarini himoya qiladi hamda ularning faoliyatini yo‘naltiradi, yakka tartibdagi va xususiy xo‘jaliklar ishini kuzatib boradi va nazoratga oladi", 13-moddaga binoan davlat "fuqarolarning qonuniy daromadlar, jamg‘armalar, turar joy va qonunda ko‘zda tutilgan boshqa mulklari"ni hamda "fuqarolarning xususiy mulkka meroslik huquqi"ni himoya qiladi;
Qozog‘iston Konstitutsiyasining 6-moddasiga asosan, "davlatga qarashli va xususiy mulk tan olinadi va teng ravishda himoya qilinadi. Mulkdan foydlanish bir vaqtning o‘zida jamiyat farovonligiga ham xizmat qilishi talab etiladi. Mulk sub’ektlari va ob’ektlari, mulkdorlarning o‘z huquqlarini amalga oshirish ko‘lami va chegaralari, ularni himoya qilish kafolatlari qonun bilan belgilanadi... Yer qonunda o‘rnatilgan asoslar, sharoitlar va tartib-taomillarga ko‘ra xususiy mulk tasarrufida ham bo‘lishi mumkin".
Ushbu mamlakat Asosiy qonunining 26-moddasiga muvofiq, fuqarolarning "qonuniy yo‘l bilan egalik qilingan har qanday mulkning xususiy mulkdori bo‘lish" huquqi, mol-mulk, shu jumladan, meros huquqi kafolatlari mustahkamlab qo‘yilgan. Bundan tashqari "hech qaysi shaxs sudning qarorisiz o‘z mulkidan mahrum etilishi mumkin emas. Mulkning davlat ehtiyojlari uchun majburan olinishiga faqat qonunda ko‘zda tutilgan istisnoli holatlarda, teng qiymatga ega to‘lov amalga oshirilganidan keyingina yo‘l qo‘yilishi mumkin".
Shuningdek, mazkur moddaga binoan: "har qaysi shaxs erkin tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, o‘z mol-mulkidan har qanday tadbirkorlik faoliyatida erkin foydalanish huquqlariga ega. Monopoliya faoliyati qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi. G‘irrom raqobat taqiqlanadi".
Hindiston Konstitutsiyasining 300A va 301-moddalarida belgilanishicha, "hech qaysi shaxs qonundan tashqari holatda o‘z mulkidan mahrum etilmaydi". Butun Hindiston hududida savdo-sotiq, tijorat va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish erkinligi ta’minlanadi.
ShHT makonidagi Konstitutsiyalarning hamohangligiga bu kabi yana ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Eng muhimi, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida ushbu omillarning barchasi atroflicha o‘rganilmoqda va ibratli tajribalarni izchil o‘zlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Prezidenti ShHT Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan majlisida so‘zlagan nutqida umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusini ilgari surgani bejiz emas. Bu tashabbusning maqsadi, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, "bizning umumiy kelajagimizga befarq bo‘lmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuv va qarorlarni izlashga tayyor, "Samarqand ruhi" tamoyillariga hamfikr bo‘lganlarning barchasini global muloqotga jalb qilishdir".
Qolaversa, "Shanxay ruhi" tamoyillari asosida birdamlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash yana bir asosiy vazifa hisoblanadi. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ilgari surgan asosiy shior — "Har birimiz kuchli bo‘lsakkina ShHT kuchli bo‘ladi" g‘oyasini amalda ro‘yobga chiqarish muhim ahamiyatga egadir.
G‘ulom MIRZO suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 23.09.2022
- Ko'rishlar: 5258
- Chop etish