Men sobiq partiya xodimiman, lekin 1960 yildan buyon tarjimonlik bilan havaskor sifatida shug‘ullanaman. Ushbu kasbga tegishli narsalar bilan, tabiiyki qiziqaman. Chunonchi, 30 sentyabr kuni – Xalqaro tarjimonlar kuni oldidan, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2022 yil 28 sentyabr kungi sonida chop etilgan taniqli shoir, mohir tarjimon va publitsist G‘ulom Mirzoning “Tarjima mo‘jizasi” maqolasi darrov e’tiborimni tortdi va uni bir zumda o‘qib chiqdim. Ayniqsa, maqolaning “Nega bizda “Tarjimonlar kuni” bayrami yo‘q?” sarlavhali qismi menda bir dunyo fikrlar uyg‘otdi…
Odamlar psixologiyasini yaxshi biladigan imperator Napoleonga bir kuni yaqinlaridan biri: “Armiyangiz unchalik katta emas, lekin marshal unvoniga ega sarkardalar juda ko‘p. Nega bunday? Odamlarga juda ko‘p mukofotlar berasiz. Axir bu mukofotlarni nufuzini tushirib yubormaydimi?”, – degan savol beribdi. Shunda Napoleon “Odamlarni unvon bilan mukofot harakatga keltiradi. Shuning uchun unisini ham, bunisini ham ayamaslik kerak”, – degan ekan…
Keksa avlod yaxshi biladi: sovetlar vaqtida O‘zbekistonga birinchi kotib lavozimidagi kishi rahbarlik qilar edi. Uning yonida ikkinchi kotib bo‘lib, amalda ko‘pincha o‘sha xo‘jayinchilik qilar edi. Lekin o‘zbek xalqining ardoqli ulug‘ farzandi Sharof Rashidovich Rashidov O‘zbekistonga rahbar bo‘lganda bunday bo‘lmagan. U paytda ikkinchi haqiqatdan ikkinchi o‘rinda turardi. Toshkentda Sharof Rashidovich tashabbusi va boshchiligida metro qurilishi boshlanganda, ikkinchi kotib metroni pollarini asfalt bilan qoplashni taklif etadi: “Yo‘lovchilar metroga kiradi va bir pastda jo‘nab ketishadi. Asfalt bo‘lsa, ancha mablag‘ tejaladi.”, – deydi. Sharof Rashidovich unga bir qaraydilar, shu bilan uning chakkasi o‘chadi. Natijada xalqimiz muhtasham metrodan foydalanib, Sharof otani duo qilib yurmoqda…
Shuni aytish kerakki, ikkinchilarni foydasi tekkan vaqtlari ham bo‘lgan… Bir paytlar tegishli tashkilotlar “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvonini ta’sis etish taklifi bilan tegishli idoralarga ko‘p xat yozishadi, lekin taklif amalga oshmaydi. Shunda bir rusiyzabon jurnalist, o‘sha paytdagi Markazkomning ikkinchi kotibini ulfati bo‘lib, ikkinchini xonadoniga boradi va mezbon bilan ikkalasi “yarimtani” bo‘shatishadi. Suhbat jarayonida jurnalist ikkinchiga faxriy unvon haqidagi taklifni aytadi. Ikkinchi paysalga solmay, shartda telefon go‘shagini oladi va Oliy Sovet Prezidiumining Raisiga qo‘ng‘iroq qilib, tegishli topshiriq beradi. Ertasiga biz gazetada yangi faxriy unvon haqidagi tegishli farmonni o‘qidik va barcha OAV xodimlari hursand bo‘ldi…
Endi 30 sentyabr masalasiga kelsak… Bu xalqaro bayram xristian tarjimon-ruhoniysi avliyo Ieronim vafot etgan kun bilan bog‘liq (419 (420) yil 30 sentyabri). Biz uchun esa, odamni o‘lgan kunini bayram qilish mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi…
Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tarjimonlar mehnatiga, o‘zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini xorijiy tillarga, jahon adabiyoti durdonalarini o‘zbek tiliga o‘girishga katta e’tibor bermoqda. Birorta xalqaro darajadagi muzokaralar, anjumanlar bu kasb egalarisiz o‘tmaydi. Tarjimon – xalqlar o‘rtasidagi ko‘prikdir. Bugungi kunda minglab yoshlar tarjimon bo‘lish orzusi bilash yashashmoqda…
Shu munosabat bilan mamlakatimizda “Tarjimonlar kuni” va tegishlicha “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tarjimon” faxriy unvoni ta’sis etilsa, maqsadga muvofiq, bo‘lar edi.
Ulug‘ ajdodlarimiz Abu Rayxon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Sharof Rashidov, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Ozod Sharafitdinov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, G‘aybulloh as-Salom, Qodir Mirmuhamedov va boshqalar tarjimonlik bilan samarali shug‘ullanishgan. Ularning birortasini tug‘ilgan kunini “Tarjimonlar kuni” deb e’lon qilsa, bo‘ladi deb o‘ylaymiz…
Ushbu masalaning ijobiy hal etilishi minglab yozuvchilar, shoirlar, OAV xodimlari, tarjimonlar ko‘p yillik orzularini amalga oshirilishi bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni qurish va III Renessans asoslarini yaratishga xizmat qiladi, deb umid qilamiz.
Yana:
O‘z paytida chorak asr O‘zbekistonga rahbarlik qilgan atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli yozuvchi va zabardast shoir, otashin publitsist Sharof Rashidovich Rashidov O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovni xonasiga taklif qilib, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi Bosh muharrirligiga tavsiya etib, gap orasida, ushbu gazetaning 40 ming adadda chiqishi yaxshi emasligi hamda tirajni ko‘tarish lozimligi haqida aytadi va nima yordam kerak bo‘lsa, tayyor ekanligini bildiradi.
Odil Yoqubov bir nechta iltimos bilan murojaat qiladi: hukumat aloqasi telefoni, xizmat avtomashinasi bilan ta’minlash, qalam haqini ikki barobar ko‘tarish va yuqoridan hech kim aralashmay, xodimlarni o‘zi tanlash huquqiga ega bo‘lish. Sharof Rashidovich bu masalalarni hal etib beradi.
Odil Yoqubov eng talantli yozuvchi va jurnalistlarni mualliflikka jalb etadi, dolzarb masalalarda qator-qator pishiq maqolalar chop etiladi, gazeta tez orada yangi jozibali tus oladi va uning adadi 700 ming nusxaga yetadi…
Bugungi kunda ushbu nufuzli gazetaning adadi 869 tani tashkil etmoqda. Menimcha, Yozuvchilar uyushmasi a’zolariga gazetadan bittadan berilsa, hammasiga yetmaydi-yov. Bunda biz tahririyatni ayblay olmaymiz. Bu bozor iqtisodiyotiga o‘tishning ta’siri, obuna gazeta uchun hayot-mamot masalasi bo‘lib qolganligining natijasidar. Uni qo‘llab-quvatlanmasa, o‘ylashimizcha, gazetani Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi o‘z otalig‘iga olmasa bo‘lmaydi. O‘z vaqtida Sharof Rashidovich shaxsan ushbu gazeta obunasi haqida qayg‘urgan ekan, bugungi kunda uni shu holda tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Ma’naviyati yuksak halqimiz, Davlatimiz rahbari boshchiligi va u kishi bilan birgalikda III Renessans asoslarini yaratmoqda. Bu ishda yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, barcha ijodkorlar oldingi safda bo‘lishlari lozim, bu ishda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bayroqdor bo‘lishi kerak. Men bu gazetani kioskma-kiosk yurib topolmayman. Bu gazetani hamma joyda sotish lozim. Bu gazeta har bir san’atkor, har bir adib, har bir jurnalist, har bir o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi qo‘lida bo‘lishi lozim. Iste’dodli shoir Muhammad Ismoil jonajon o‘zbek tilimiz haqida shunday yozadi:
Jahon ilmin gurkiratgan shonli dohiysan,
Yana ming yil eng oldinda borar, boqiysan!
Gazeta mana shunday ulug‘ tilimizning har bir jonkuyari qo‘lida bo‘lishi kerak.
Nosir TOIROV
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi
- Qo'shildi: 24.10.2022
- Ko'rishlar: 6271
- Chop etish