BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining alohida rezolyusiyasi bilan Internet tarmog‘idan foydalanish erkinligi asosiy inson huquqlariga tenglashtirilgani bejiz emas. Chunki 2017 yili 20 ta mamlakatga mansub 10 ming nafar Internet foydalanuvchisi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda so‘ralganlarning 83 foizi Internet tarmog‘idan foydalanish erkinligi asosiy inson huquqlaridan biri sifatida e’tirof etilishini ma’qullagan.
Ayrim xorijiy mamlakatlarda raqamli inson huquqlari, ya’ni insonning Internet imkoniyatlaridan foydalanish bilan bog‘liq huquqlari allaqachon Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan:
birinchidan, 2009 yil iyunida Fransiya Konstitutsiyaviy kengashi Internet tarmog‘idan foydalanish erkinligini asosiy inson huquqlaridan biri sifatida e’tirof etgan;
ikkinchidan, Gresiya Konstitutsiyasining 5A-moddasida axborotlashgan jamiyatda ishtirok etish insonning ajralmas huquqi ekani e’tirof etilgan bo‘lib, hukumat 2010 yil 1 iyuldan boshlab mazkur mamlakatdagi har qaysi fuqaroning Internet tarmog‘idan foydalanish erkinligini ta’minlash majburiyatini zimmasiga olgan;
uchinchidan, 2010 yil 30 iyulda Kosta-Rika Oliy sudi Internet tarmog‘idan foydalanish erkinligini asosiy inson huquqlaridan biri deb e’tirof etgan;
to‘rtinchidan, 2013 yil 11 iyulda Meksika Konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishga ko‘ra, axborotlashgan jamiyatda ishtirok etish va Internet tarmog‘idan foydalanish erkinligi insonning ajralmas huquqi hisoblanadi.
Ayni sohadagi ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro tendensiyalarni hisobga olgan holda, Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ham onlayn makonda inson huquqlarini himoya qilishga oid bir qator moddalar kiritish yuzasidan takliflar bildirilgani diqqatga loyiq.
Bu haqda so‘z borganda, avvalo, “Xabeas data” (lotincha: Habeas data – “ma’lumotlarga egasan” degan lug‘aviy ma’noni beradi) qoidalarini tatbiq etish istiqbollari haqida fikr yuritish lozim. Ushbu qoidalar aksariyat davlatlarda konstitutsiyaviy prinsip maqomiga ko‘tarilgan bo‘lib, fuqarolarning o‘zlariga taalluqli bo‘lgan hamda arxiv va muassasalarda, shu jumladan, maxsus xizmatlar tasarrufida saqlanayotgan har qanday hujjatlardan foydalanish erkinligini sud orqali talab qilish huquqini nazarda tutadi.
“Xabeas data” prinsipi jahon qonunchilik amaliyotida nisbatan yangi voqelik bo‘lib, ilk bor 1988 yili Braziliya Konstitutsiyasiga kiritilgan. Uning nomi “Xabeas korpus” instituti bilan uyg‘unlik kasb etishi nuqtai nazaridan tanlangan.
Bugungi kunda iste’molchilik jamiyatidan – bilimlar jamiyatiga o‘tish davrida yashayapmiz. Bilimlar jamiyati – “bilim” degan ne’mat, iqtisodiy va zaxiraviy jihatdan, tom ma’noda ustuvor qadriyatga aylanadigan jamiyat, degani.
Ayni chog‘da, axborot – bilim emas, balki bilish uchun muhim bir vositadir. Axborotlashgan jamiyat bosqichidan keyin innovatsion jamiyatga gal keladi. Shundan so‘nggina axborotning soni emas, balki sifatiga tayanadigan bilimlar jamiyati rivojlanish davriga qadam qo‘yadi.
Bu, o‘z navbatida, kelajakda – bizni kutayotgan raqamli davrda davlatning maqomi va nufuzi, shubhasiz, raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellektning rivojlanish darajasiga bevosita bog‘liq bo‘lishini anglatadi. Yanada ochiq qilib aytganda, istiqbolda dunyodagi kuchlar muvozanatini belgilashda, ko‘p jihatdan, raqamli texnologiyalarning rivojlanish darajasi ulkan ahamiyatga ega bo‘ladi.
Shu ma’noda, dunyoda qaror topadigan yangicha tartibda suveren davlatlar rolini saqlab qolish nihoyatda muhim. Nega deganda, bir tomondan, ma’naviy qadriyatlar va inson huquqlarini qat’iy himoya qilish, ikkinchi tomondan, raqamli texnologiyalardan faqatgina insoniyat farovonligi yo‘lida foydalanilishini ta’minlash borasida aynan mustaqil davlatlarning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Buni 2013-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tizimini rivojlantirish kompleks dasturi amalga oshirilgani, ayni vaqtda “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasi izchil amalga oshirilayotgani, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyot, sanoat va butun jamiyat hayotini raqamlashtirishga qaratilgan ustuvor maqsad-vazifalar belgilab berilgani yaqqol tasdiqlaydi.
Ma’lumki, mamlakatimizda Parlament ombudsmani va Biznes-ombudsman faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘z navbatida, 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) hamda Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tashkil etildi. Endilikda O‘zbekistonning Media-ombudsmani institutini ta’sis etishga qaratilgan ishlar izchil bormoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida Axborot kodeksini ishlab chiqish vazifasi belgilangan. Ushbu Kodeks loyihasi axborot olish erkinligi, insonning axborot makonidagi huquqlari, kiberxavfsizlikni ta’minlash, mediamadaniyat va onlayn-gigienaga oid bir qator qonunlarni o‘zida mujassam etishi hamda tizimlashtirishi lozim.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasi Axborot kodeksi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun Internetda e’lon qilindi. Yurtdoshlarimizning mazkur loyiha yuzasidan bildirayotgan ko‘plab taklif va mulohazalari ayni Kodeksning qabul qilinishi jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etishini amalda isbotlamoqda.
Akmal Saidov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Milliy markazi direktori
Izoh: 19 dekabr kuni Moskva shahrida “Mediahuquq muammolari – 2022” mavzusidagi XXXI xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman Rossiya Federatsiyasining “Mualliflik huquqi, turdosh, madaniy va axborotga oid huquqlar bo‘yicha YuNESKO kafedrasi” xalqaro ilmiy-ma’rifiy markazi hamda “Oliy iqtisodiyot maktabi” milliy tadqiqot universitetining Huquq va Aqlli industriyalar fakultetlari tomonidan tashkil etildi.
An’anaviy konferensiya ishida akademik A.Saidov onlayn ishtirok etdi va ma’ruza qildi. Yuqoridagi maqola ana shu ma’ruza matni asosida tayyorlangan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 20.12.2022
- Ko'rishlar: 5571
- Chop etish