Inson huquq va erkinliklari himoyasida o‘zaro hamkorlik zarur

Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” majmuasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutiga asos solinganligining 28 yilligi munosabati bilan “Inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli himoyasi borasida o‘zaro hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Tadbir Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) huquqiy islohotlar dasturi hamkorligida tashkil etildi. Unda yigirmaga yaqin xorijiy mamlakatlarning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi vakolatli organlari hamda xalqaro birlashma vakillari, jumladan, Portugaliya, Serbiya, Vengriya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Tailand, Marokash qirolligi, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlari Ombudsmanlari hamda xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari bevosita va onlayn formatda ishtirok etdi.  

Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda qator davlat tashkilotlari vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi komissiya a’zolari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.  

Konferensiyaning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Xans-Ulrix Im so‘zga chiqib, bugungi kunda dunyo miqyosida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish eng dolzarb masalalardan biri ekanligini ta’kidladi. Bu borada BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan ishlar, qabul qilinayotgan hujjatlar va ularning ijrosiga e’tibor qaratildi.  

Xususan, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini kafoalatlash, gender tenglikni ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tilga olindi. Ushbu yo‘nalishlarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari e’tirof etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, o‘tgan yildan Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari ish boshladi. Bu esa fuqarolar himoyasini tezlik bilan ta’minlash, ularning markazga kelish vaqtlari va harajatlarini tejash, murojaatlarni tezlik bilan joyiga chiqib o‘rganish, monitoring tashriflari qamrovini kengaytirish imkonini berdi.  

 

Powered by GSpeech