AOKAda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Abdusamad Abdukarimov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda qayd etilishicha, bugungi kunga qadar ishonch telefoni hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali majburiy mehnat va mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 283 ta murojaat kelib tushgan. Shundan, 26 tasi majburiy mehnatga jalb qilinganlik, 27 tasi munosib mehnat sharoitlari yaratilmagani, 219 tasi terim pullari o‘z vaqtida berilmayotgani va 1 kg qo‘lda teriladigan paxtaning narxi to‘g‘risidagi murojaatlardir.
Mavsum davomida 350 nafardan ortiq mehnat inspektori majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik hamda mehnat sharoitlari yaratilishi yuzasidan 22 mingta tashkilot, fermer xo‘jaligi va dalalarda monitoringlar o‘tkazdi.
O‘rganishlar davomida 37 ta murojaat qanoatlantirildi, 200 ga yaqin murojaat bo‘yicha terimchilar va ish beruvchilarga tushuntirish berildi, 35 ta murojaatdagi vajlar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, 13 ta fermer xo‘jaligi rahbariga yozma ko‘rsatma, 5 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA
- Qo'shildi: 25.10.2024
- Ko'rishlar: 633
- Chop etish