«O‘zbekkosmos» agentligi delegatsiyasi BMT Kosmik fazodan tinchlik maqsadlarida foydalanish qo‘mitasining sessiyasida ishtirok etdi.
Agentlik rahbariyati sessiyadagi nutqi davomida sohaga oid bo‘lgan dolzarb yo‘nalishlarga urg‘u berdi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.
Tadbirda O‘zbekistonda ta’lim yo‘nalishiga sarmoya kiritilayotganligi va universitetlar bilan hamkorlik orqali bo‘lajak kosmik mutaxassislar tayyorlanayotgani haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, 2024 yil so‘ngiga qadar Davlat kosmik monitoring dasturini milliy darajaga olib chiqish, yerni masofadan zondlash va GIS kabi kosmik ilovalardan foydalangan holda, atrof-muhitni yaxshilash masalalari ta’kidlab o‘tildi. Bundan tashqari, UN ESCAP doirasida «O‘zbekkosmos» agentligining Virtual sun’iy yo‘ldosh turkumi loyihasidagi ishtiroki ofatdan oldin xavflarni aniqlash va boshqarishda katta yordam berishi qayd etildi.
Ma’lumot sifatida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida qo‘shma loyiha ustida ishlanayotgani va yoshlarni ilhomlantirish, sohaga jalb qilish maqsadida kosmik lagerlar tashkil etilayotganiga ham urg‘u berildi.
«Azercosmos» bilan hamkorlikda kosmik texnologiyalardan foydalangan holda iqlim o‘zgarishi ta’sirini kuzatish loyihasi ham mavjud bo‘lib, sessiyada ushbu loyiha ishga tushirilayotgani ham aytib o‘tildi. Sohani rivojlantirish maqsadida BMTga affillangan Markaziy Osiyo kosmik fan va texnologiya ta’lim markazini O‘zbekistonda tashkil etish taklifi berildi.
Dunyoda suv resurslarini samarali boshqarish uchun ham kosmik texnologiyalardan keng foydalaniladi. Orol dengizi inqirozining ekologik ta’sirini hisobga olib, mazkur yo‘nalishda ham alohida ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu ma’noda tadbirda 2027 yilda suv resurslarini boshqarishda kosmik texnologiyalar bo‘yicha yettinchi konferensiyani O‘zbekistonda o‘tkazish taklif etildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA
- Qo'shildi: 04.07.2024
- Ko'rishlar: 1282
- Chop etish