Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi Raisi ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovlariga doir qabul qilingan muhim qarorlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida belgilangan muddatlardan kelib chiqib, bugundan, ya’ni 2024 yil 26 iyuldan O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari bo‘yicha saylov kampaniyasiga start berildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovi joriy yilning 27 oktyabrida o‘tkaziladi.
Shundan kelib chiqib, Kalendar reja tasdiqlandi. Kalendar rejada saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tuman, shahar va viloyat saylov komissiyalarini tuzish, saylov okruglari va saylov uchastkalarini tashkil etish, saylovchilar ro‘yxatini tuzish muddatlari, shuningdek, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olish, ularning vakolatli vakillarini hamda nomzodlarini ro‘yxatga olish tartib va muddatlari belgilandi.
Brifingda qayd etilganidek, Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat. Qonunchilik palatasi deputatlarining yetmish besh nafari endilikda bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylanadi. Qolgan yetmish besh nafari esa yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati (ya’ni partiya ro‘yxati) asosida saylanadi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga o‘tkaziladi. Ushbu kengashlardagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
MSK Raisi brifingda saylovning texnologik yangiligi sifatida ishga tushirilgan “E-Saylov” axborot tizimi haqida ham ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, “E-Saylov” axborot tizimi orqali saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan deyarli 60 turdagi munosabatlari to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi. Axborot tizimi boshqa elektron platformalar bilan integratsiya qilingan bo‘lib, saylovdagi ko‘pgina tartib-taomillar inson omilisiz to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, brifingda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlarni ochiq va oshkora o‘tkazish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Muhtarama Komilova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 26.07.2024
- Ko'rishlar: 1460
- Chop etish