19 dekabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari Rossiya universitetlari konsortsiumi tashkil topganining 10 yilligiga bag'ishlangan konferentsiyada ishtirok etdi.
Rossiya Xalqlar do'stligi universitetida o'tkazilgan ushbu anjumanga Globallashuv va inson huquqlari muammolari bo'yicha ilmiy institut Bosh direktori, yuridik fanlar nomzodi Anastasiya Belousova moderatorlik qildi.
Tadbirda Rossiya Xalqlar do'stligi universitetining Tijorat faoliyati bo'yicha prorektori Sergey Nazyuta, Rossiya Federatsiyasi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining qo'shma dasturi uchun mas'ul Aluash Rashid, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili Devoni rahbarining o'rinbosari Mixail Vinogradov va boshqalar so'zga chiqdi.
Rossiya Xalqlar do'stligi universiteti Rossiyaning eng ko'p sohalar bo'yicha turli millatga mansub mutaxassislar tayyorlaydigan noyob oliy ta'lim muassasasidir. Bugungi kunda Universitetda dunyoning 157 mamlakati vakillari tahsil olmoqda.
Joriy yilda “QS World University Rankings” reytingi bo'yicha Rossiya Xalqlar do'stligi universiteti dunyoning 400 ta sara universiteti ro'yxatidan joy oldi. Shuningdek, u jahondagi “yashil” universitetlar reytingida 38-o'rinda turibdi.
Yaqin orada O'zbekistonda Rossiya Xalqlar do'stligi universitetining vaolatxonasi ochiladi, deb xabar berdi Podrobno.uz sayti. Bu haqda mazkur oliy ta'lim muassasasi rektori Vladimir Filippov Rossiya Federatsiyasi Federatsiya kengashi majlisida ma'lum qilgan. Rektorning fikricha, O'zbekistonda o'z faoliyatini boshlaydigan vakolatxona rus tili bo'yicha ta'lim berish va pedagoglar malakasini oshirish yo'nalishlarida faoliyat olib boradi.
Rossiya Xalqlar do'stligi universiteti Rossiya universitetlari konsortsiumi tomonidan 10 yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan “Inson huquqlari xalqaro himoyasi” qo'shma magistrlik dasturining muvofiqlashtiruvchisi hamdir. Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining qo'llab-quvvatlashi bilan tuzilgan ushbu Dastur Rossiyada ayni yo'nalishdagi yagona ta'lim dasturi hisoblanadi.
Dunyo tajribasi shuni ko'rsatmoqdaki, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlaridan foydalanish bilimli va saviyali huquqshunoslar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatdagi barcha ta'lim muassasalarida inson huquqlaridan ta'lim berish tizimini qayta ko'rib chiqish vazifasini kun tartibiga qo'ydi.
Ayni paytda O'zbekistonda inson huquqlarini ta'minlash samaradorligini yanada oshirish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Milliy strategiya doirasida inson huquqlarini o'qitishning uzluksiz tizimini yaratish ko'zda tutilgan. Bu jarayonlarda Rossiya universitetlari konsortsiumining “Inson huquqlari xalqaro himoyasi” qo'shma magistrlik dasturi kabi sinovdan o'tgan
tajribalarni o'rganish foydadan xoli emas.
Ma'lumot uchun: 2009 yil 19 noyabrda Moskvadagi uchta yetakchi oliy o'quv yurti – Rossiya Xalqlar do'stligi universiteti, Moskva Davlat xalqaro munosabatlar instituti (universitet) va Rossiya Davlat gumanitar universiteti o'rtasida “Inson huquqlari xalqaro himoyasi” qo'shma magistrlik dasturini amalga oshirish uchun Konsortsium tashkil etish to'g'risida bitim imzolangan. Dasturni muvofiqlashtirib borishni Rossiya Xalqlar do'stligi universiteti o'z zimmasiga olgan.
2013 yili loyiha qamrovi umumrossiya miqyosida kengaygan. Konsortsiumga Qozon Federal universiteti va Perm Davlat milliy tadqiqot universiteti qo'shilgan. Konsortsiumga 2015 yilda yana 4 ta universitet kirgan. Natijada endilikda Rossiya universitetlari konsortsiumi faoliyati doirasida Rossiyaning 9 ta yetakchi universiteti “Inson huquqlari xalqaro himoyasi” qo'shma magistrlik dasturini amalga oshirish bilan shug'ullanib kelmoqda.
Konsortsium tahsilini har yili 70 nafardan ko'proq talaba bitiradi. Bitiruvchilarga magistr darajasi berilib, tegishli sherik-universitet rasmiy diplomi va Konsortsium shahodatnomasi taqdim etiladi.
O'tgan davrda “Inson huquqlari xalqaro himoyasi” qo'shma dasturi doirasida inson huquqlariga bag'ishlangan 20 ta o'quv kursi, 20 ta darslik va masofaviy ta'lim bo'yicha 13 ta o'quv kursi ishlab chiqilgan.
Rossiya universitetlari konsortsiumi Inson huquqlari va demokratlashtirish bo'yicha Yevropa universitetlararo markazi bilan yaqin hamkorlikni yo'lga qo'ygan. Italiyaning Venetsiya shahrida joylashagani uchun “Venetsiya Konsortsiumi” degan nom bilan ham ataladigan ushbu Markaz Yevropaning 41 universitetini o'zida birlashtirgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.12.2019
- Ko'rishlar: 4883
- Chop etish