Mustaqillik yo'lidagi ilk huquqiy qadam – o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilishidir

"Bugungi kunda biz yangi O'zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz. Chunki, necha asrlar osha ajdodlarimizdan bizga bezavol o'tib kelayotgan ona tilimizning ravnaqi va istiqboli haqida qayg'urish – bu millatning o'zligini anglashi, uning ma'naviy kamolotini yuksaltirish uchun kurash demakdir. Davlat tilining obro'-e'tibori – butun xalq, butun jamiyatning obro'-e'tiboridir".

Bu fikrlar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning O'zbek tili bayrami munosabati bilan mamlakatimiz xalqiga yo'llagan tabrigida qayd etilgan.

Davlatimiz rahbari ning 2019 yil 21 oktyabrda qabul qilingan “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga binoan, 21 oktyabr sanasi yurtimizda “O'zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Joriy yilda yurtimizda ushbu tarixiy sana birinchi marotaba rasman keng nishonlandi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida 21 oktyabr` – O'zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tashkil etilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirda shu haqda so'z bordi. Unda tilshunos va adabiyotshunos olimlar, yozuvchi-shoirlar, talaba yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda ona tili millatning ruhi, borligimiz va birligimiz, davlat timsoli ekani, uni asrash va rivojlantirish har bir fuqaroning insoniy burchi ekani ta'kidlandi. 

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, akademik Akmal Saidov qayd etganidek, mamlakatimizda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o'rni va ahamiyatiga bu qadar yuksak e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu sana ma'naviy va ma'rifiy, huquqiy va siyosiy jihatdan nihoyatda muhim ahamiyatga ega.

O'zbekistonning “Davlat tili to'g'risida”gi qonuni bundan 31 yil oldin, 1989 yil 21 oktyabrda - Mustaqilligimiz e'lon qilinishidan taxminan ikki yil ilgari qabul qilingan. Yurtimizda mustabid tuzum hali o'z hukmini o'tkazib turgan g'oyat og'ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmagan.

Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, "O'zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug' maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo'lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u O'zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo'yilgan birinchi dadil qadam edi".

Haqiqatan ham, konstitutsiyaviy mustaqillik yo'lidagi birinchi huquqiy qadam – o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilishidir. Bu haqda gap borganda, avvalambor, 1989 yilning 21 oktyabr` kuni qizg'in bahs va tortishuvlardan so'ng siyosiy-ma'naviy hayotimizdagi unutilmas hodisa amalga oshirilgani – milliy qadriyatlarimizning asosiy ustunlaridan biri bo'lgan ona tilimizga davlat tili maqomi berilgani istiqlol tarixining eng yorqin sahifalaridan birini tashkil etishini alohida ta'kidlash ham farz, ham qarzdir.

O'zbekiston Prezidentining o'zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro'-e'tiborini tubdan oshirish, unib-o'sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug' ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to'laqonli joriy etishni ta'minlashga qaratilgan bir qator tashabbuslari ushbu sohada to'planib qolgan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.

Birinchidan, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 dekabrda qabul qilingan 984-son qarori bilan Davlat tilini rivojlantirish departamenti to'g'risidagi nizom tasdiqlandi.

Ikkinchidan, xorijiy davlatlar tajribasini chuqur o'rgangan holda, Atamalar komissiyasi tuzildi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 yanvarda qabul qilingan 40-son qarori bilan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining vazifalari belgilandi.

Shuningdek, Atamalar komissiyasining tarkibi va Nizomi tasdiqlandi. Nizomga muvofiq, Atamalar komissiyasi Vazirlar Mahkamasi huzurida o'z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Komissiya asosan yangi so'z va atamalarni rasmiy iste'molga kiritish bilan shug'ullanadi.

Uchinchidan, 2020 yil 10 aprelda “O'zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida"gi qonun qabul qilindi.

To'rtinchidan, “Davlat tili haqida”gi qonunning bugungi kun talablari nuqtai nazaridan takomillashtirilgan yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Beshinchidan, 2020-2030 yillarda o'zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi va davlat dasturi loyihalari tayyorlanmoqda.

Bu hujjatlarda davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish kabi muhim yo'nalishlar qamrab olinadi.

O'z navbatida, Prezidentimizning 2020 yil 20 oktyabrda imzolangan «Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni o'zbek tilini yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan alohida e'tiborga sazovor.

Farmonga muvofiq, 2020–2030 yillarda o'zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi hamda asosiy yo'nalishlari tasdiqlandi. Asosiy yo'nalishlar quyidagilarni nazarda tutadi:

2025 yilga qadar davlat maktabgacha ta'lim tizimida o'zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030 yilgacha esa 80 foizga yetkazish;

2030 yilga qadar umumta'lim maktablarida o'quv yillari uchun tayanch o'quv rejalarida ona tili fanini o'qitish ko'lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish;

oliy ta'lim muassasalarida o'zbek tili kafedralari sonini 2025 yilga qadar 120 taga, 2030 yilgacha esa 140 taga yetkazish;

lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosida “O'zbekiston milliy qomusi” jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich ko'paytirib borish;

2020 yilda o'zbek tilining lug'at boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lug'atlar yaratish;

teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining o'zbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida o'qitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030 yilgacha 100 foizga yetkazish;

2025 yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun 14 ta onlayn dastur ishlab chiqish, 2030 yilgacha esa ushbu ko'rsatkichni 25 taga yetkazish;

dasturiy mahsulotlarning o'zbekcha ilovalari va elektron lug'at dasturlarini yaratish;

xorijliklar uchun o'zbek tilini o'rgatuvchi dasturlar yaratish;

2030 yilga qadar xorijiy oliy ta'lim muassasalarida o'zbek tilini o'rgatuvchi markazlar sonini amaldagi 17 tadan 60 tagacha ko'paytirish;

2025 yilga qadar “O'zbek tilining do'stlari” klublari sonini 30 taga, 2030 yilgacha esa 40 taga yetkazish.

Shuni ham qayd etish kerakki, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo'yilgan. Mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan to'liq va to'g'ri foydalanishga erishish bugungi davr talabidir.

Prezidentimiz ta'kidlaganidek, "Davlat tili masalasi milliy g'oyamizning asosiy tamoyillaridan biri bo'lishi zarur". Shu ma'noda, o'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasida erishadigan har bir amaliy natijamiz biz barpo etayotgan Yangi Uyg'onish davri - Uchinchi Ma'rifat Renessansi poydevoriga qo'yilgan bitta mustahkam g'isht hisoblanadi.

Bu borada Yurtboshimizning O'zbekiston tarixida ilk bor BMT minbaridan jahon hamjamiyatiga o'zbekcha, ya'ni davlat tilida murojaat qilgani barchamiz uchun yuksak namuna va munosib o'rnakdir.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech