Yevroosiyo Ombudsmanlari Al`yansining onlayn-majlisi: Kun tartibida — G'alabaning 75 yilligi, koronavirus pandemiyasi va inson huquqlari himoyasi masalalari

2020 yil 29 aprel kuni Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansining videokonferentsaloqa shaklidagi majlisi bo'lib o'tdi. Unda Armaniston, Mongoliya, Serbiya, Tojikiston, Rossiya, Eron, Qirg'iziston, Qozog'iston va O'zbekiston davlatlarining inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari vakillari ishtirok etdi.

Onlayn-majlisni Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili Tatyana Moskalkova kirish so'zi bilan ochdi va anjumanga moderatorlik qildi.

Ishtirokchilar dastlab Ikkinchi jahon urushi tugaganining 75 yilligi asnosida tarixiy xotira huquqi himoyasi masalasini muhokama qildilar.

 

 

Shundan so'ng ombudsmanlar va inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlarning COVID-19 pandemiyasi sharoitidagi faoliyati bilan bog'liq eng maqbul amaliyotlar haqida o'zaro tajriba almashildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov o'z chiqishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti o'zining tashkil topganiga 75 yil to'ladigan davrda butun bashariyat orzusidagi yorug' kelajakka erishish uchun har tomonlama hamkorlikning rolini global miqyosda muhokama etishga kirishgani muhim qadam ekanini ta'kidladi. Joriy yilda yana ko'plab yubiley sanalari borligiga e'tiborni qaratdi.

Xususan, bu yil Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 45 yilligi, Xotin-qizlar ahvoli bo'yicha Pekin Butunjahon konferentsiyasining 25 yilligi, «BMT-ayollar» tuzilmasining 10 yilligi nishonlanadi. O'zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga raislik qiluvchi mamlakat sifatida mazkur tashkilot doirasidagi muhim sanalarni o'tkazishda ham faol ishtirok etishni rejalashtirgan.

Ma'lumki, 9 may kuni insoniyatning fashizm ustidan g'alaba qozonganiga 75 yil to'ladi. O'zbekistonda ham G'alabaning 75 yilligi keng nishonlanadi. Xalqimizning urush yillarida ko'rsatgan jasorati va matonatini abadiylashtirish bo'yicha joylarda qamrovdor ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida «Shon-sharaf» muzeyi va «G'alaba» bog'i bunyod etilmoqda.

Mamlakatda faxriylar va keksa avlodga mansub insonlar huquqlarini ta'minlashda inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlar bilan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasida samarali hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Hozirgi vaqtda Markaz tomonidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi loyihasi tayyorlangan bo'lib, ushbu hujjatda keksa avlodning huquqlari himoyasiga alohida e'tibor qaratilgan.

Onlayn-majlis davomida O'zbekistonda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun o'z vaqtida zarur choralarni ko'rishga kirishilgani haqida ham atroflicha axborot berildi.

Diagnostika, davolash, karantin ishlari – bularning barchasi JSST tavsiyalari hamda ilg'or xorijiy tajribalarga tayanib amalga oshirilmoqda. Bu jarayon inson huquqlariga, ayniqsa, jamiyatning nisbatan zaif qatlami hisoblanuvchi keksalar, bolalar, ayollar, migrantlar va mahkumlarning huquqlariga ko'rsatadigan muqarrar salbiy ta'sirini yumshatish borasida barcha zarur choralar ko'rilmoqda.

O'zbekiston ushbu illatga qarshi kurashishda xalqaro hamjamiyat bilan samarali hamkorlik qilyapti. Koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Isroil va Germaniyaning yuqori malakali shifokorlari bilan muntazam tajriba almashinib, ularning ilg'or amaliyoti tele-meditsina orqali keng qo'llanilmoqda.

Hammamizga ayonki, biror davlat yakka holda ushbu pandemiya balosiga qarshi samarali kurash olib bora olmaydi. Mavjud murakkab vaziyat birdamlik, hamkorlik va o'zaro g'amxo'rlik tamoyillari asosida ish tutishni taqozo etmoqda. BMT Bosh assambleyasining 2020 yil 2 aprelda qabul qilingan "2019 yilgi koronavirus (COVID 19) kasalligiga qarshi kurashda global birdamlik" Rezolyutsiyasida ham shu haqda so'z boradi.

Onlayn-majlisda Armaniston Respublikasi Inson huquqlari himoyachisi Arman Tatoyan, Mongoliya Inson huquqlari bo'yicha milliy komissiyasi vakili Tuul Erdenebaator, Serbiya Respublikasi Fuqarolar himoyachisi Zoran Pashalich, Tojikiston Respublikasi Inson huquqlari bo'yicha vakili Umed Bobozoda, Eron Islom Respublikasi Bosh inspektsiyasi raisi Hasan Darvishiyon, Qirg'iz Respublikasi Aqiqatchisi (Ombudsmani) Tokon Mamitov, Qozog'iston Respublikasi Inson huquqlari bo'yicha vakili El`vira Azimova va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsmani) Ulug'bek Muhammadievning kun tartibidagi mavzular bo'yicha ma'ruzalari tinglandi.

Ishtirokchilar tomonidan davlatlar inqirozga qarshi qabul qilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi ko'p jihatdan muntazam asosda o'zaro ishonchli axborot almashishga bog'liq ekani ta'kidlandi. Bunda inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar o'rtasida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish sohasida tajriba almashinuvi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi ilg'or kuchlarni birlashtiradigan samarali hamkorlik maydoniga aylanib borayotgani katta ahamiyatga ega. Keyingi davrda Alyans doirasida inson va fuqaro huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha qo'llanayotgan o'zaro hamkorlikning yangicha shakllari, jumladan, fuqarolarni birgalikda qabul qilish va maslahatlar berish amaliyoti yaxshi natijalar bermoqda.

Muhokamalar yakunida Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansining Ikkinchi jahon urushi tugaganining 75 yilligiga bag'ishlangan majlisi bo'yicha Yakuniy rezolyutsiya qabul qilindi.

Onlayn-majlis ishtirokchilari, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi tarqalishi sharoitida inson huquqlarini himoya qilish yuzasidan Yevroosiyo Ombudsmanlari Al`yansining Bayonotini tasdiqladilar.

Ma'lumot uchun: Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi 2017 yil 5 dekabrda Moskva shahrida ta'sis etilgan. Alyansga Armaniston, Mongoliya, Rossiya, Eron, Serbiya, Tojikiston va Qirg'iziston ombudsmanlari rasman a'zo hisoblanadi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech