Huquqiy munosabat
Qonunchilikka ko‘ra, bolaligidan nogironligi bo‘lgan, doimiy parvarishni talab etadigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota yoki onaga daromad solig‘i kamaytiriladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu haqda batafsil tushuntirish berdi.
– Soliq kodeksining 380-moddasiga ko‘ra, bolaligidan nogironligi bo‘lgan, doimiy parvarishni talab etadigan farzandi bilan birga yashab uni tarbiyalayotgan ota yoki onaga daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha soliq solishdan ozod etiladi.
Masalan, bolaligidan nogironligi bo‘lgan, doimiy parvarishni talab etadigan farzandi bilan birga yashab uni tarbiyalayotgan ota yoki ona 4 million so‘m maosh olsa, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdori, jumladan, 1 million 50 ming yoki 1 million 480 ming 500 so‘mdan 12 foiz daromad solig‘i ushlanmaydi. Qolgan 2 million 519 ming 500 so‘mdan esa 12 foiz daromad solig‘i ushlanadi.
Ya’ni, agar nogiron farzandi bor fuqaro 4 million maosh olsa, 480 ming so‘m emas, balki taxminan 302 ming daromad solig‘i to‘laydi.
Bu imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki sog‘liqni saqlash muassasasining doimiy parvarish zarurligini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnomasi asosida beriladi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuni 12-moddasiga ko‘ra, bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandlarning onalari ularni sakkiz yoshgacha tarbiyalagan bo‘lsa — ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda basharti, ayol o‘gay o‘g‘il va o‘gay qizni ular 8 yoshga to‘lguniga qadar kamida 5 yil tarbiyalagan bo‘lsa, pensiya tayinlashda ular haqiqiy farzandlar bilan teng ravishda hisobga olinadi.
Demak, agar bolalikdan nogiron farzandni 8️ yoshgacha tarbiyalagan onalar ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda 50 yoshdan imtiyozli pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 09.07.2024
- Ko'rishlar: 1542
- Chop etish